Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hushyorlik —hayot kafolati
15:01 / 2025-11-14

Jamiyatda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, inson huquq va erkinliklariga so‘zsiz rioya etish, mamlakatni ijtimoiy -iqtisodiy jihatdan yanada rivojlantirish — aholi farovonligini yuksaltirish, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish, xalq farovonligi uchun xizmat qilish, Yangi O‘zbekiston davlatini qurish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlardan ko‘zlangan maqsadlarga erishish bugungi kundagi eng muhim talablardan biri hisoblanadi.

Davlatimiz rahbari “Mahalla tinch bo‘lsa, butun yurtimiz tinch bo‘ladi, mahalla obod bo‘lsa, butun mamlakatimiz farovon bo‘ladi” deya bejizga ta’kidlamaganlar. 

Albatta, bunda qonun ustuvorligini ta’minlamasdan turib, ko‘zlangan maqsadga erishib bo‘lmaydi. Shunday ekan, jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlash borasida huquq -tartibot idoralari hamkorligida viloyatimizda muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, oxirgi yillarda mamlakatimizda yo‘l -transport hodisalarining oldini olish borasida ko‘plab chora -tadbirlar ko‘rilmoqda. Ammo shunga qaramasdan bu borada ijobiy o‘zgarishlar ko‘p deb bo‘lmaydi. 

Jumladan, joriy yilning o‘tgan davrida qayd qilingan 3 ming 604 ta jinoyatning 6,9 foizi yoki 249 tasi yo‘l -transport hodisalari bilan bog‘liq jinoyatlarni tashkil qilmoqda.

Yo‘l-transport hodisalari – bu nafaqat moddiy zarar, balki inson hayotiga tahdid soluvchi jiddiy ijtimoiy muammodir. Bugungi kunda har yili minglab insonlar befarqlik, qoidalarga amal qilmaslik yoki ehtiyotsizlik tufayli jarohat oladi yoki hayotidan ayriladi. Shuning uchun yo‘llarda xavfsizlik ta’minlash har birimiz uchun eng muhim vazifalardan biridir.

O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy va jinoyat qonunchiligiga ko‘ra, yo‘l harakati qoidalarini buzgan shaxs qonun oldida javobgar hisoblanadi. Qonunchilikda jarima, huquqidan mahrum etish yoki og‘ir holatlarda jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan.

Joriy yilning o‘tgan davrida qayd qilingan yo‘l -transport hodisalari natijasida 89 nafar kishi halok bo‘lib, 160 nafari turli tan jarohatlari olganligi juda tashvishli holdir. Yo‘l -transport hodisalari bilan bog‘liq jinoyatlar asosan Urganch shahri, Gurlan, Shovot, Qo‘shko‘pir, Bog‘ot, Yangibozor hamda Tuproqqal’a tumanlarida keskin oshgan. Ushbu raqamlardan kelib chiqqan holda viloyat huquqni muhofaza qiluvchi organlari hamkorligida hududlarda avtotransport vositalari harakatini tartibga solish, fuqarolarda namunali haydovchi va piyoda madaniyatini shakllantirish orqali mudhish jinoyatlar va huquqbuzarliklarning oldini olish yuzasidan “Sayyor reyd va xavfsiz harakat” profilaktik tadbirlari olib borilmoqda.

Yo‘l -transport hodisalari ichida bugungi kunda salmog‘i anchayin yuqori bo‘lgan, ya’ni quvib o‘tish bilan bog‘liq qoidabuzarliklarni oldini olish maqsadida “Avariya o‘chog‘i” hisoblangan 7 ta va “Xavfli hudud” deb topilgan 27 ta joyda “Xorazm tajribasi” sifatida yo‘llarning qarama - qarshi yo‘nalishini ajratib turuvchi 12 kilometr uzunlikda konus shaklidagi 2 mingta yo‘l ustunchasi o‘rnatildi. Hududlarda yashovchi fuqarolar va velosiped haydovchilarining harakat vaqtida havfsizligini ta’minlash maqsadida 1 ming 200 dan ortiq nur qaytaruvchi nimchalar tarqatildi. Yo‘l -transport hodisalari ko‘p kuzatilgan “qizil nuqtalar” aniqlanib, ulardagi yo‘l infratuzilmasining nuqsonlari bartaraf qilindi.

Olib borilgan nazorat - reyd tadbirlarida yo‘l harakati ishtirokchilarining 218 mingdan oshiq qoidabuzarliklari aniqlanib, ularga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rilishi ta’minlandi hamda huquqbuzarlik oqibatlari bartaraf qilingunga qadar
43 mingga yaqin avtotransport vositalari jarima maydonlariga joylashtirildi. Shuningdek, spirtli ichimlik ta’sirida transport vositalarini boshqarganlik holati bilan bog‘liq  1 ming 481 ta qoidabuzarlik sodir etilib, 1 ming 333 nafar fuqaro haydovchilik huquqidan mahrum qilingan bo‘lsa, 26 nafari jinoiy javobgarlikka tortildi. Shunday ekan, har qanday miqdordagi alkogol insonning reaksiyasini sekinlashtirishini va diqqatini pasaytirishini inobatga olgan holda spirtli ichimlik iste’mol qilib transportni boshqarmaslik lozim.

Viloyatda haydovchilar tomonidan avtotransport vositalarini belgilangan tezlikka rioya qilmasdan boshqarganlik holatlari bilan bog‘liq 191 mingdan ziyod qoidabuzarliklar qayd qilingan bo‘lsa, 7 ming 123 ta holatda svetofor va yo‘l belgilariga amal qilmaslik holatlari aniqlandi. Shunga ko‘ra, haydovchi va piyodalar yo‘l belgilari, svetofor ishoralari va belgilangan tezlik me’yorlariga amal qilgan holda faqat belgilangan joydan o‘tishi, piyodalar o‘tish joyi, yer osti yoki yer usti o‘tish yo‘llaridan foydalanishlari, yo‘lni kesib o‘tayotganda telefonda gaplashmasligi yoki musiqa tinglamasligi shart.

Transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlari bo‘lmagan yoki mast ahvoldagi shaxslarga avtomashina boshqarishni ishonib topshirganlik uchun qonunchilikda ma’muriy va jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan jazo turlari belgilangan. Shu bois, fuqaro tomonidan bilib yoki bilmasdan sodir qilingan bitta harakat kelgusida uning qonun oldida javob berishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Ushbu toifa hodisalarning oldini olish muammosi nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyo uchun dolzarb bo‘lib, har yili minglab insonlarning hayotiga zomin bo‘lmoqda. 
Bizning asosiy maqsadimiz – yo‘llardagi xavfsizlikni ta’minlash orqali fuqarolarimizning bunday hodisalardan jabrlanishi oldini olishga qaratilgan.

Yo‘lda bir soniyalik bee’tiborlik bir umrlik pushaymonlikka aylanishi mumkin. Har bir haydovchi, piyoda va yo‘lovchi yo‘l harakati qoidalariga qat’iy amal qilsa, yo‘l -transport hodisalarini keskin kamaytirish mumkin. 

Shunday ekan, “Har bir qadam – hayot kafolati” ekanligini inobatga olib, aholidan yana bir bor transport vositalarini boshqarishda hushyorlikni oshirishlarini so‘rab qolamiz.

Murodxon Ahmedov,
Xorazm viloyat prokurori,
adliya katta maslahatchisi. O‘zA