Maktab o‘quvchilarining yonlaridan tamaki mahsulotlarini topish yildan-yilga ortib bormoqda. Bu haqida Toshkent shahrida o‘tkazilgan «Tamaki va qonun» mavzusiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra 2021 yilda 336 ta, 2022 yilning birinchi yarmida 220 ta holat aniqlangan, ya’ni 2020 yilda o‘tgan yilga nisbatan 2,2 barobar, 2021 yilda esa 1,4 barobar oshgan. Voyaga yetmaganlar yonidan topilgan tamaki mahsulotlarining aksariyatini nikotinli snyuslar (59 foiz), tamakili snyuslar (18,8 foiz), so‘ngra elektron sigaretalar (8,5 foiz), oddiy sigaretalar (7,7 foiz), nosvoy (4,4 foiz) va tamakini qizdirish tizimi (1,5 foiz) tashkil etgan.
2021 yilda 184 ta, 2022 yilning birinchi yarmida 166 ta holatda nikotinli snyuslar topilgan yoki har yili o‘tgan yildagiga nisbatan 50-60 foizga ko‘paygan.
Bu raqamlar faqat Toshkent shahrida aniqlangan holatlar bo‘lib, tekshiruvda qo‘lga tushganlarnigina namoyon etadi. Asli holat esa bundan ham ayanchli bo‘lishi mumkin.
Shu sababli ham unga qarshi kurash choralarini kuchaytirish lozim bo‘lib, bunda qonunchilik normalarini ham muntazam takomillashtirib borish talab etiladi. Anjumanda alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish masalalari, jumladan, O‘zbekiston Respublikasining «Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida»gi yangi Qonun loyihasidagi yangiliklar xususida ham ma’lumot berildi.
Ushbu hujjat loyihasi joriy yilning 13 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasi tomonidan 2021 yil 21 dekabrda qabul qilingan yangi Qonun ko‘rib chiqilib, unda kollizion norma mavjudligi sababli rad etilgan. Ayni vaqtda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kelishuv komissiyasi Senatning takliflari asosida qonunni qayta ko‘rib chiqish ishlarini yakunlamoqda.
Shuningdek, tadbirda alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash bo‘yicha qonunchilikdagi bo‘shliqlarni to‘ldirish hamda qonunchilikdagi ba’zi bir cheklovlarni kuchaytirish haqida ma’lumot berildi.
Xususan, tamaki mahsulotiga alohida ta’rif berilib, bunday mahsulot guruhiga:
tarkibida xomashyo sifatidagi tamaki bargi va (yoki) tamaki o‘simligining boshqa qismlari mavjud bo‘lgan mahsulotlar, shu jumladan, chekiladigan mahsulotlar (sigaretalar, qizdiriladigan tamaki mahsulotlari, chilim uchun tamaki) va chekilmaydigan mahsulotlar (nosvoy, tamakili snyus, hidlanadigan tamaki);
tarkibida nikotin yoki uning hosilalari, shu jumladan, chekiladigan mahsulotlar (elektron sigaretalar, nikotin yetkazib berishning elektron tizimlari uchun nikotinli suyuqliklar) va chekilmaydigan mahsulotlar (nikotinli snyus);
tarkibida tamaki va nikotin mavjud bo‘lmagan, tamakini hamda nikotinni iste’mol qilish moslamalari yordamida foydalanish uchun mo‘ljallangan mahsulotlar (chilim qorishmasi, nikotin yetkazib berishning elektron tizimlari uchun nikotinsiz suyuqlik, nikotinsiz suyuqligi bo‘lgan elektron sigaretalar) kiritilmoqda.
Nosvoy, yangi tamaki va nikotin mahsulotlarni tamaki mahsulotiga tenglashtirilganlarning aylanmasini qonunchilik bilan tartibga solish va tamaki mahsulotiga belgilangan barcha cheklovlarning bunday mahsulotlarga ham tegishli bo‘lishini ta’minlaydi.
Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi hamda unda ishtirok etuvchi organlarning (Ichki ishlar vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Davlat bojxona qo‘mitasi, Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi, O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi) vazifalari aniqlanmoqda.
- Alkogol va tamaki mahsulotlarini va iste’mol qilish moslamalarini realizatsiya etishga nisbatan yangi taqiqlar kiritildi.
Xususan: yigirma bir yoshga to‘lmagan shaxslarga (izoh: yigirma yoshdan yigirma bir yoshga ko‘tarildi), yigirma bir yoshga to‘lmagan shaxslar tomonidan;
sotuvchining bevosita ishtirokisiz, shu jumladan, savdo avtomatlari, boshqa elektron yoki mexanik qurilmalar vositasida;
elektron tijorat shaklida (bundan ko‘piklanadigan va tabiiy vinolar mustasno), realizatsiya qilinishi taqiqlash ko‘zda tutilmoqda.
Sotuvchi yigirma bir yoshdan kichik ko‘ringan xaridordan uning shaxsi va yoshini tasdiqlovchi hujjatini ko‘rsatishni talab qilishi, hujjat mavjud bo‘lmagan taqdirda esa realizatsiya qilinishini rad etishi shartligi belgilanmoqda.
Chakana savdo amalga oshirilayotganda, tamaki mahsulotini, tamakini hamda nikotinni iste’mol qilish moslamalarini yoyib qo‘yish va ochiq namoyish etishni taqiqlash nazarda tutilmoqda.
Tamaki mahsuloti va iste’mol qilish moslamalarining ulgurji va chakana savdosi yuridik shaxslar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan amalga oshirilishi mumkinligi belgilanmoqda.
Tamaki mahsulotining iste’mol o‘roviga (qutisiga) tibbiy ogohlantirishlarni joylashtirish uchun ajratilgan maydon yuzasi 40 foizdan 65 foizga oshirilmoqda. Shunday talab iste’mol qilish moslamalariga ham belgilanmoqda.
Nosvoydan tashqari barcha chekilmaydigan tamaki mahsulotlarini, shu jumladan, tarkibida nikotin mavjud bo‘lgan chekilmaydigan mahsulotlarni O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish hamda O‘zbekiston Respublikasi hududida realizatsiya qilishni taqiqlash ko‘zda tutilmoqda.
Alkogol va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish, iste’mol qilish moslamalaridan foydalanish mumkin bo‘lmagan jamoat joylarning aniq ro‘yxati ko‘rsatilib, chekish uchun ajratilgan maxsus joylarga minimal talablar belgilanmoqda. Shuningdek, bunday joylarda chekishga yo‘l qo‘yilmaslik uchun mas’ul shaxslarning (tashkilotlarning mansabdor shaxslari, o‘z tasarrufida binolar, inshootlar, jamoat transporti bo‘lgan) shaxslarning majburiyatlari aniqlanmoqda.
Shu munosabat bilan tadbir ishtirokchilari qonunni Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi tomonidan tezroq qabul qilinishi yosh avlodni tamaki sanoati marketing ta’siridan kamaytirishi, yoshlar orasida chekish darajasini qisqartirishga va millat genofondini himoya qilishga munosib hissa qo‘shishini alohida ta’kidladilar.
Ma’lumot uchun: Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, tamaki har yili butun dunyoda 8 milliondan ortiq kishini o‘ldiradi. Ushbu o‘lim hollarining 7 milliondan ortig‘i tamakini bevosita iste’mol qilish oqibati bo‘lsa, 1,2 millionga yaqini bu ikkilamchi tamaki tutuni ta’sirida bo‘lgan chekmaydigan odamlardir.
Alkogolni zararli iste’mol qilish natijasida har yili dunyo bo‘yicha 3,3 million o‘lim holati yuz beradi, bu esa barcha o‘lim holatlarining 5,3 foizini (erkaklar orasida 7,7 foiz, ayollar orasida 2,6 foiz) tashkil qiladi.
Kasalliklar va jarohatlar yukining 5,1 foizi alkogol iste’mol qilish natijasida yuz beradi. 20-39 yoshdagi odamlar orasida barcha barvaqt o‘lim holatining taxminan 13,5 foizi alkogol iste’moli bilan bog‘liq.
N. Toshpo‘latova, O‘zA