Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi FIFA kunlari doirasida Birlashgan Arab Amirliklarida tashkil etiladigan "Al-Ayn xalqaro kubogi"da ishtirok etadi.
Musobaqada Fabio Kannavaro shogirdlari bilan bir qatorda Jahon chempionatiga yo‘llanma olgan Misr, Eron va Kabo-Verde milliy terma jamoalari ham ishtirok etadi.
Ushbu musobaqaning ilk o‘yini “Hazza bin Zayed” stadionida, bugun 13 noyabr kuni Eron va Kabo-Verde termalari o‘rtasida bo‘lib o‘tsa, O‘zbekiston milliy terma jamoasi ertaga, 14 noyabr kuni Misr futbolchilariga qarshi uchrashuvda maydonga tushadi. Mazkur o‘yinlarda g‘olib bo‘lgan jamoalar 18 noyabr kuni musobaqa finalida o‘zaro bahs olib borsa, mag‘lub bo‘lgan termalar 17 noyabr kuni 3-o‘rin uchun bellashadi.

Shu o‘rinda, O‘zbekiston milliy terma jamoasi haqida qisqacha to‘xtalib o‘tsak.
Terma jamoamiz oktyabr oyida Fabio Kannavaro qo‘l ostida ikkita o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazdi. Dastlab Kuvaytni 2:0 hisobida yengdi, Urugvayga 1:2 hisobida yutqazdi. Ushbu uchrashuvlarda Fabio Kannavaroga yordam bergan Timur Kapadze bir necha kun avval terma jamoani tark etdi.
Fabio o‘ziga yangi yordamchi sifatida “Bunyodkor”dagi ishi orqali mahalliy futbolchilarni yaxshi biladigan italiyalik mutaxassis Karlo Alberto Bertoneni oldi.
Terma jamoa tarkibida jiddiy o‘zgarishlar bo‘lmadi. Kannavaro ishlab turgan tizimni saqlab qolishni ma’qul ko‘rdi. Eng katta yangilik Abduqodir Husanovning safga qaytishi bo‘ldi. Ayni paytda himoyachimiz terma jamoada mashg‘ulotlarni boshlab yuborgan.
Shuningdek, Eldor Shomurodov ham terma jamoa tarkibida shug‘ullanyapti.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA