Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hurriyat, tinchlik, ahillik – bebaho ne’mat
12:04 / 2020-12-21

Davlatimiz milliy siyosatining eng muhim, ustuvor yo‘nalishlaridan biri barcha millatlarning ravnaqi uchun teng sharoit va imkoniyat yaratishdan, millatlararo munosabatlarni uyg‘unlashtirishdan iborat.

Mamlakatimizdagi millatlararo va konfessiyalararo hamjihatlik o‘z-o‘zidan yuzaga keladigan hodisalar emas, balki u davlat tomonidan olib boriladigan milliy siyosatning hosilasidir. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risida imzolagan qarori yurtimizda olib borilayotgan tinchlik va barqarorlik, millatlararo totuvlik borasidagi sa’y-harakatlarning navbatdagi yorqin ifodasidir.

Mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab bag‘rikenglik va insonparvarlik madaniyatini rivojlantirish, millatlararo va konfessiyalararo hamjihatlikni, jamiyatda fuqarolar totuvligini mustahkamlash, barcha fuqarolarga millati va diniy e’tiqodidan qat’i nazar, teng huquq va imkoniyatlar yaratish, yosh avlodni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash O‘zbekistonda davlat siyosatining muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan.

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining qabul qilinishi va amalga oshirilishi, biz yashayotgan bugungi davrning o‘zi davlatimiz mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlash, mamlakat atrofida xavfsizlik, barqarorlik va yaqin qo‘shnichilik muhitini yaratishga qaratilgan puxta o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy siyosatni yuritish, shuningdek, aholi, ayniqsa, yoshlar ongida insonparvarlik qadriyatlarini, turli millat vakillari o‘rtasida o‘zaro hamjihatlikni yanada mustahkamlash, bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tardi.

Keyingi yillar mobaynida mamlakatimiz siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va ma’naviy hayotida katta ijobiy o‘zgarishlar yuz berdi. Jahon hamjamiyati ko‘z o‘ngida yangi O‘zbekiston shakllana boshladi. 

Prezidentimizning bugungi murakkab sharoitda yangilanayotgan O‘zbekistonning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va ma’naviy hayotida mamlakatimizda ilg‘or g‘oyalarga tashabbuskor bo‘lishi yangilanishlarda o‘z ifodasini topmoqda.
 

Dunyoning ayrim mintaqalarida millatlararo va dinlararo keskinlik, murosasizlik kuchayayotgan hozirgi murakkab vaziyatda yurtimizda turli millat hamda dinga mansub insonlar o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlashga katta e’tibor qaratilayotgani diqqatga sazovordir. Bu borada ko‘rilayotgan chora-tadbirlar tinchlik hamda osoyishtaligimiz, porloq istiqbolimiz kafolati bo‘lib xizmat qilayapti. Buni albatta yoshlarimiz ongiga singdirishimiz, ularni Vataniga, o‘z millatiga hurmat va muhabbat ruhida tarbiyalash muhimdir.

Keyingi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan olamshumul o‘zgarishlar, Yangi O‘zbekiston konsepsiyasi, yurtimizda yildan yilga obod bo‘lib ravnaq topayotgan shaharlar, tumanlar, viloyatlar, xalqimiz turmush darajasining ortib borayotganligi, qanchadan qancha investitsiya loyihalarining samarali amalga oshayotganligini davlatimiz rahbarining tinmas xatti-harakati, jo‘shqin ish faoliyati, ishbilarmonligi, uzoqni ko‘ra bilishi va xalqchil, ijtimoiy yo‘naltirilgan siyosati orqali yuz bermoqda. 

Albatta mamlakatimizda istiqomat qilayotgan 130 dan ortiq millat va elat Prezidentimizning millatlararo munosabatlar sohasida olib borayotgan siyosatini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda va jonajon O‘zbekistonimiz ravnaqi yo‘lida fidokorona mehnat qilmoqda. Ular respublika, viloyat va xududlarda o‘tkaziladigan an’anaviy «O‘zbekiston – umumiy uyimiz» madaniyat va san’at festivalida faol qatnashib, turli millat vakillari o‘rtasidagi do‘stlik va birodarlik rishtalarini yanada mustahkamlashga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shib kelmoqda.

Prezidentimiz tomonidan ko‘tarilgan dolzarb masalalar qatorida jamiyatimizda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash vazifasiga ham alohida urg‘u berilgani bizning Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitamiz zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklaydi.

Qo‘mitamiz O‘zbekiston mustaqilligining 30 yillik yubileyiga mamlakatimizdagi millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni yanada mustahkamlashga o‘zining munosib mehnati bilan javob qaytaradi, “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” g‘oyasini o‘zida mujassam etgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni yuqori saviyada o‘tkazadi va yurtimizda hukm surayotgan osuda hayotni asrab-avaylashga barcha imkoniyatlarini safarbar qilishi shubhasiz. 

Mustaqillik yillarida erishilgan barcha yutuqlarimizning boisi ana shu ahillik va hamjihatlik, yurtimizdagi tinchlik va barqarorlikdir.
Yurtimizda hukm surayotgan millatlararo totuvlik va hamjihatlik abadiy bo‘lsin!
 


Rustambek QURBONOV,
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va 
xorijiy mamlakatlar bilan 
do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi