Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hur Oʻzbekiston
04:01 / 2020-05-20

Bilingki, bu makon – hur Oʻzbekiston!

Ramazon ilhomlari

Sizni tong chogʻida uygʻotsa azon,

Qushlar navosiga toʻlsa keng jahon,

Muloyim alladan orom olsa jon,

Iforlar taratsa tandirlardan non,

Bilingki, bu makon – hur Oʻzbekiston!

Osmonida moʻl-moʻl nur sochsa quyosh,

Bir-birin yoʻqlasa qavmu qarindosh,

Turli el toʻplansa tortilganda osh,

Keksalar izzatda, xizmat qilsa yosh,

Bilingki, bu makon – hur Oʻzbekiston!

Ertadan kechgacha qaynasa hayot,

Bogʻu rogʻ, uy-bino aylasa bunyod,

Sharaflansa mehnat, alloma, ajdod,

Gʻamxoʻrlikdan oʻssa navqiron avlod,

Bilingki, bu makon – hur Oʻzbekiston!

Baxtiyor odamlar yursa bexatar,

Yaylovida yayrab oʻtlasa otar,

Havzasida suzsa baligʻu suvsar,

Zar tuprogʻi tutsa don, meva, javhar,

Bilingki, bu makon – hur Oʻzbekiston!

Doim ezgu boʻlsa soʻzi, maqsadi,

Ne ishga jazm etsa kelsa omadi,

Kun sayin dunyoda oshsa shavkati,

Ustiga yogʻilsa Rab marhamati,

Bilingki, bu makon – hur Oʻzbekiston!

GʻALABA!

Janglar suroniga toʻlganda jahon,

Quruq oʻtin kabi yongandi oʻrmon.

Otalar jang qilar misli qahramon,

Onalar omonlik soʻrardi giryon.

Gʻalaba – bu bashar uchun najotdur!

Gʻalaba – bu davom etgan hayotdur!

Gʻalaba – bu bizdan qolar avloddur!

Gʻalaba – bu iqbol sari qanotdur!

Urush toʻfonidan qoraydi osmon,

Burda-burda yerda toʻlib oqdi qon.

Qattiq edi boshga tushgan imtihon,

Qancha ogʻir boʻlsin chidadi inson.

Gʻalaba – bu omon qolgan Vatandur!

Gʻalaba – bu omon qolgan maxzandur!

Gʻalaba – bu bizga meros or, shaʼndur!

Gʻalaba – bu izni bosgan farzanddur!

Urushlar tugadi, keldi tinch zamon,

Goʻyo vaqt topganday dardlarga darmon.

Burda-burda yerda paydo guliston,

Biroq, urush dogʻi oʻchmas hech qachon.

Gʻalaba – bu yashash uchun imkondur!

Gʻalaba – bu nasib etgan davrondur!

Gʻalaba – bu ozod Oʻzbekistondur!

Gʻalaba – Oʻzbekman degan unvondur!

Asror MOʻMIN,

shoir