Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Huquqshunoslik fanining darg‘asi
20:47 / 2025-10-20

Akademik Hoji-Akbar Rahmonqulov tavalludining 100 yilligiga

Allomalarimiz ta’kidlaganidek, “Zakovat bor joyda ulug‘lik bo‘ladi.”

Haq gap... 

Mamlakatimiz bo‘ylab tavalludining 100 yilligi keng nishonlanayotgan ustoz akademik Hoji-Akbar Rahmonqulov juda katta zakovat sohibi edi. 

Shunday insonlar bo‘ladiki, ular o‘zining yuksak intellektual salohiyati, boshqalarga bo‘lgan beqiyos mehr-muhabbati, pokligi va halolligi bilan insoniylikning eng oliy cho‘qqilarini zabt etadi.

Shuning uchun ular o‘z xalqining faxriga aylanadi. Mana shunday ulug‘ shaxslardan biri – o‘zbek xalqining, shuningdek, yurtimiz yurisprudensiyasining haqli ravishda ulug‘ darg‘alaridan biriga aylangan ustozimiz Hoji-Akbar Rahmonqulovdir. U kishi o‘zbek xalqining faxrli farzandlaridan biridir.

Mana shunday ulug‘ insonga zamondosh, qolaversa, shogird bo‘lganimdan hamisha faxrlanaman. U kishi menga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatgan, ilmiy tadqiqotlarimga rahbarlik qilgan. Takror bo‘lsada aytishim kerak, bu men uchun beqiyos baxt va sharafdir... 

Ustoz O‘zbekiston mustaqilligigacha bo‘lgan davrda ham, mustaqillikdan keyin ham, ayniqsa, huquqshunoslik ilmi va fanining rivojlanishida beqiyos xizmat qildi. Bu sohaga rivojiga ustozimizdek munosib hissa qo‘shgan boshqa bir olimni eslay olmayman. Albatta, boshqa huquqshunos olimlarimiz ham e’tirofga va tahsinga loyiq, ammo Hoji-Akbar Rahmonqulov bu jabhada haqli ravishda eng yuqori pog‘onani egallaydi. U kishi o‘z ilmi, tajribasi va shaxsiy fazilatlari bilan butun bir avlod huquqshunoslarining shakllanishiga ulkan ta’sir ko‘rsatdi.

Hoji-Akbar Rahmonqulov – haqiqiy fenomen. Uning qiyofasi, tafakkuri va intellekti haqiqatan ham yuksak, beqiyos darajada. Eng ahamiyatli jihati shundaki, o‘zining chuqur bilimi, ilmiy salohiyati va fidokorona mehnati bilan o‘zbek xalqini dunyoga tanitgan insonlardan biri, desak, hargiz mubolag‘a bo‘lmaydi. Akademikning yuzlab ilmiy ishlari, fundamental ahamiyatga ega bo‘lgan asarlari orqali nafaqat huquqshunoslik fani, balki butun o‘zbek xalqining ilmiy salohiyati jahonga namoyon bo‘ldi.

Bugun ko‘plab huquqshunoslar haqli ravishda Hoji-Akbar Rahmonqulovni o‘z ustozi deb biladilar va bundan faxrlanadilar. 

Kuni kecha biz bir guruh olimlar bilan ustozimiz hayoti va faoliyati to‘g‘risida suhbatlashdik. Suhbatdoshlarimiz Hoji-Akbar Rahmonqulovda ilmdagi ulug‘lik bilan birga nihoyatda yuksak kamtarlik borligini ta’kidladilar. Haqiqatan ham, kim bo‘lishidan qat’i nazar — talaba bo‘ladimi, yosh olimmi yoki hamkasb — kim undan maslahat so‘rasa, ustoz barcha ishini chetga surib, avval shu insonning muammosini hal etishga kirishar edi. U kishi “boshqa kuni keling” yoki “vaqtim yo‘q” degan so‘zni hech qachon ishlatmagan. Ana shu oddiy, lekin buyuk fazilatlari bilan ustoz ko‘pchilikka haqiqiy ibrat va namuna bo‘lib qoldi.

Davlatimiz rahbari tomonidan ilm-fan va ma’naviyat sohasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Ilm-fan darg‘alarining hayoti, ularning yurtimiz taraqqiyotiga qo‘shgan beqiyos hissasiga bo‘lgan e’tibor yangi, yuksak bosqichga ko‘tarildi – buni haqli ravishda ta’kidlash lozim. Zabardast olimlarimiz, buyuk ustozlarimizning yubileylari keng nishonlanayotgani ham aynan shu e’tibor va qadrning yorqin ifodasidir.

Ming afsuski, tariximizda ilm ham, olim ham munosib qadrini topmagan zamonlar bo‘ldi. Buni yashirib bo‘lmaydi. Lekin haqiqiy ilm ham, haqiqiy insoniylik ham hech qachon unutilmaydi. Hoji-Akbar Rahmonqulovning hayoti va faoliyati, ilmiy merosi ilm jisman yo‘qolsa-da, abadiy qadr va qiymat bilan yashashining amaldagi isbotidir. 

Bu insonning ilmiy-ijodiy va hayotiy faoliyati haqida yuzlab maqolalar yozilgan, hatto unga bag‘ishlab monografik asarlar ham yaratilgan. Ammo bu barcha ishlar shunchaki ulug‘lash emas – balki u kishining amaliy hayotda, biz shogirdlariga qoldirgan ilmiy merosi va asarlari orqali, eng ishonchli dalillar asosida ulug‘lanishi bilan ahamiyatlidir. Bu, o‘z navbatida, ustozning shaxsiy mehnati va ilmiy izlanishlarining haqiqiy qiymatini yana bir bor namoyon etadi.

Yaqinda yuridik sohada beqiyos xizmat qilgan ustozlarimizdan biri – Omon Oqyulovning tashabbusi bilan fuqarolik huquqi yo‘nalishining darg‘asi Hoji-Akbar Rahmonqulovning mustaqillikning dastlabki yillarida chop etilgan fundamental ilmiy asari – “Fuqarolik: huquqlar, erkinliklar, burchlar” hamda mening muallifligimda 2024 yilda chop etilgan “Shaxsiy huquqlar: milliy qonunchilik va xaqaro standartlar” nomli o‘quv qo‘llanmasi birgalikda bitta kitob shaklida nashr etildi. O‘ylaymanki, Omon Oqyulovning g‘oya va tashabbusi asosida tayyorlangan ushbu mo‘jazgina risola yurisprudensiya fanini o‘rganayotgan talabalar va huquqshunoslikka qiziqqan har bir kishi uchun muhim qo‘llanma bo‘lib xizmat qiladi. Bu xayrli ishdan Ustozning ham ruhi shod bo‘ladi...

Hoji-Akbar Rahmonqulov o‘zining uzluksiz mehnati va ilmiy izlanishlari orqali bir qator nufuzli ta’lim dargohlarining haqli ravishda faxriy professori unvoniga sazovor bo‘lgan.

1960 yil iyun oyida Hoji-Akbar Rahmonqulov Leningrad universiteti yuridik fakultetining Ilmiy kengashida nomzodlik dissertatsiyasini, 1970 yil yanvar oyida “Sanoat va qishlqoq xo‘jaligi o‘rtasidagi tovar aylanishi sohasidagi shartnoma munosabatlari” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini yoqladi. Dissertatsiya mavzusi bo‘yicha 1969 yilda e’lon qilingan 22,5 bosma taboq hajmidagi monografiyasi o‘sha paytdagi Ittifoq yuridik jamoatchiligining yuqori bahosiga sazovor bo‘ldi. “Davlat va huquq” akademik jurnalining 1971 yilgi sonida bu kitobga ijobiy taqriz e’lon qilindi. 

Hoji-Akbar Rahmonqulovning ilmiy asarlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri amaliyotga yo‘l olgan. Masalan, uning Moskvada “Yuridicheskaya literatura” nashriyotida e’lon qilingan “Qishloq xo‘jaligini moddiy-texnika bilan ta’minlash (qonunchilik va amaliyot)” mavzusidagi monografiyasi (1980 yil, 6 bosma taboq), aslini olganda, mazkur muammoga bag‘ishlangan dastlabki ish bo‘ldi. 

Olimning xulosalari va takliflari davriy matubotda va mutaxassislarning maqolalarida qo‘llab-quvvatlandi. Natijada SSSR Minstrlar Soveti qarori bilan shartnoma bo‘yicha munosabatlarni ularning ishtirokchilari xo‘jalikning qaysi tarmog‘iga mansubligidan qat’i nazar tartibga solishi lozim bo‘lgan ishlab chiqarish-texnika ahamiyatidagi mahsulotni yetkazib berish to‘g‘risidagi Nizomnpi tasdiqladi. 

1980 yili  Hoji-Akbar Rahmonqulovga “Fuqarolik huquqi, oila huquqi, fuqarolik protsessi, xalqaro xususiy huquq” iqtisosligi bo‘yicha professor ilmiy unvoni berildi. 

Olimning ilmiy asarlarida olg‘a surgan ayrim nazariy qoidalar, amaliy takliflar hozirgi kungacha o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. 

Bozor iqtisodiyoti sharoitida mulkiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning mohiyati va o‘ziga xos xususiyatlari Hoji-Akbar Rahmonqulov tomonidan tashkil etilgan va uning tahriri ostida e’lon qilingan bir guruh mualliflarning “Huquq va bozor: rivojlanishning nazariy muammolari” deb ataluvchi asarida ilmiy jihatdan ishlab chiqildi, shuningdek, bu mavzuga uning “Mulk huquqi” (1998 yil), “Xususiy mulk va uning daxlsizligi” (2000 yil), “Oldi-sotdi shartnomasi” (2000 yil) deb ataluvchi asarlari bag‘ishlangan. 

Hoji-Akbar Rahmonqulov turli nufuzli lavozimlarda mehnat qildi. Xususan, 1986-1999 yillarda O‘zbekiston Respublikasi FA “Davlat boshqaruv va huquqning rivojlanish qonuniyatlari” ilmiy muammolar kengashining raisi, 1989-1991 yillarda O‘zbekiston Respublikasi FA I.M.Mo‘minov nomidagi Falsafa va huquq institutining direktori, 1991 yili Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi to‘g‘risidagi Shartnoma loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruh a’zosi, 1992-2000 yillarda  Qozog‘iston Respublikasi Davlat va huquq instituti Doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalarini yoqlash bo‘yicha ixtisoslashtirilgan kengash a’zosi sifatida faoliyat yuritdi. 2000 yili O‘zbekiston Respublikasi FA akademigi etib saylandi. 

U kishi O‘zbekistonda birinchi yuridik fanlar nomzodi va doktori bo‘lib, fuqarolik, xo‘jalik, oila hamda xalqaro xususiy huquq sohalarida yuksak ilmiy salohiyatga ega yirik olim sifatida tanilgan. Hoji-Akbar Rahmonqulov o‘z ilmiy tadqiqotlari, yaratgan fundamental asarlari va tarbiyalagan shogirdlari bilan nafaqat yurtimizda, balki xorijda ham katta obro‘-e’tibor qozongan.

Ustoz o‘zining tanlagan ilmiy yo‘nalishi bo‘yicha mustaqil ilmiy maktab yaratgan va uni rivojlantirish yo‘lida ulkan mehnat qilgan. Bu maktab vakillari tomonidan tadqiq etilayotgan masalalar mamlakatimizdagi muhim ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, bozor iqtisodiyotining huquqiy asoslari, uning erkinlashuvi hamda O‘zbekistonning jahon huquqiy maydonidagi mavqei bilan chambarchas bog‘liqdir.

Bu inson mamlakatimizdagi yirik Falsafa va huquq institutiga asos solgan, unga uzoq yillar davomida rahbarlik qilgan, tarixda o‘z nomini qoldirgan buyuk olim va rahbar sifatida e’tirof etiladi.

Hoji-Akbar Rahmonqulovning huquq fanini rivojlantirishdagi xizmatlari uning muharrirlik faoliyati bilan ham bog‘liq. U 70 dan ziyod ilmiy asarning muharriri, faqat O‘zbekistondagina emas, balki boshqa davlatlarda ham tayyorlangan ko‘plab monografiyalar va dissertatsiya ishlarining retsezentidir. Olim 245 tadan ziyod ilmiy ish, shu jumladan, 40 dan ziyod monografiya, kitob, darsliklar muallifi. U keng ilmiy jamoatchilikka iqtisodiyot, mulkchilik, mulkiy va xo‘jalik, xo‘jalik munosabatlari huquqiy muammolarining yirik tadqiqotchisi sifatida ma’lum. 

Hoji-Akbar Rahmonqulov (yakka o‘zi va hammualliflikda) chet el nashrlarida, shu jumladan, chet tillarda bir qancha ilmiy maqolalar va ma’ruzalar ham e’lon qilgan. 

O‘zbekistonda fuqarolik, xo‘jalik, oila va xalqaro xususiy huquq sohalari bo‘yicha huquqiy tadqiqotlar maktabining asoschisi Hoji-Akbar Rahmonqulov respublikamiz ilmiy kuchlarini yirik ilmiy muammolarni hal etish uchun jipslashtirishda faol hissa qo‘shdi. 

O‘zbek sovet ensiklopediyasini nashrga tayyorlashda Hoji-Akbar Rahmonqulov ulkan ijodiy ishni bajardi. O‘zSE “Davlat va huquq” seksiyasining a’zosi bo‘lgani holda ensiklopediyaga  kiritilishi zarur bo‘lgan yuridik atamalarni va maqolalarni muhokama qilish ishlarida, tayyorlangan maqolalarni o‘rganib chiqish va ilmiy jihatdan tahrir qilishda bevosita ishtirok etdi. Uning o‘zi 40 tadan ortiq maqolani yozdi va O‘zSEda e’lon qildi. 

Hoji-Akbar Rahmonqulovning katta tashkilotchilik qobiliyati uning O‘zbekiston Respublikasi FA “Davlat, boshqaruv va huquqning rivojlanish qonuniyatlari” ilmiy-muammolar kengashining raisi vazifasidagi ishida yorqin namoyon bo‘ldi. 1986 yildan e’tiboran Hoji-Akbar Rahmonqulov boshchiligidagi kengash ilmiy muassasalar va o‘quv yurtlarining ilmiy yo‘nalishlarini aniqlash, huquqiy muammolar bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar mavzularini kelishib olish va muvofiqlashtirish yuzasidan muhim vazifani bajardi. 

Ustozning fazilatlarini sanab ado etish qiyin. Yurisprudensiya sohasida tahsil olayotgan, yetuk mutaxassis bo‘lishni istovchi yosh huquqshunoslarga Hoji-Akbar Rahmonqulovning ilmiy merosini va sharafli hayot yo‘lini chuqur o‘rganishni tavsiya etgan bo‘lardim. Hoji-Akbar Rahmonqulov haqiqiy ustoz, haqiqiy etalon edi.

Ilhom NASRIEV,

yuridik fanlar doktori, professor.

O‘zA