Dunyo tobora globallashib borayotgan bir sharoitda har bir insonning xorijiy tillarni bilishi muhim va hal qiluvchi ahamiyatga ega. Zero, ikki tilni bilish shunchaki qiziqish emas, balki zamon talabi bo‘lib borayotir.
Har qanday soha rivojida, xorijiy tajriba va yangiliklarni o‘rganishda, mamlakatga innovatsiya va investitsiyalar olib kirishda, yangi g‘oya va texnologiyalarni o‘zlashtirishda, eng muhimi yurtga bilim olib kirishda, albatta, til bilish muhim ahamiyat kasb etadi.
Xorijiy tillarni puxta bilish boshqa sohalar kabi hattoki huquqshunoslik yo‘nalishida ham zarur. Bugungi kunda yurtimizda xorij kapitali asosida minglab kompaniyalar faoliyat yuritmoqda. Albatta ularga malakali, xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirgan kadrlar kerak. Shu bois Toshkent davlat yuridik universitetida talabalarning chet tilida so‘zlashuvlari va ish yuritishlariga katta e’tibor qaratiladi. Yurtimizda ta’lim sifatini tubdan oshirish, sohaga malakali pedagoglarni jalb etish hamda aholining xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishini oshirish borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Prezidentimiz tomonidan 2021 yil 19 mayda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida xorijiy tillarga o‘qitish sifatini oshirish borasida qator vazifalar belgilangandi.
Ushbu hujjatda xorijiy tillarni o‘qitishning xalqaro tan olingan dastur va darsliklari ta’limning barcha bosqichlarida joriy etilishini muvofiqlashtirish hamda o‘qituvchilarda zamonaviy o‘qitish ko‘nikmalarini rivojlantirish, hududlar, tarmoqlar va ta’lim muassasalarining xorijiy tillarni o‘zlashtirgan mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojlarini tahlil qilish natijalari asosida talab yuqori bo‘lgan xorijiy tillarni o‘qitishni tashkillashtirish kabilar belgilandi.
Ayniqsa, xorijiy tillarni o‘qitish borasida “bog‘cha-maktab-oliy ta’lim tashkiloti-korxona” tamoyilidagi uzluksiz ta’lim zanjirining joriy etilishi o‘quvchilarning bilim saviyasiga ijobiy ta’sir etdi. Bugungi yoshlar bir nechta tillarni mukammal o‘zlashtirib, oliy o‘quv yurtlari ostonasiga kirib kelmoqda. Bu esa ularning sohaviy bilimlarini yanada mustahkamlashda muhim omil bo‘layotir.
Darhaqiqat, bugun rivojlanish, har sohada taraqqiy etish, Uchinchi Renessans poydevorini qurish kabi yuksak maqsadlar sari intilar ekanmiz, dunyoda samarali natija bergan o‘qitish metodikalari, dastur va darsliklarni bog‘cha, maktab, litsey, oliygoh va o‘quv markazlarida joriy etib, xorijiy tillarni mukammal o‘zlashtirishga harakat qilinishi lozim. Buning uchun esa soha vakillari peshqadam bo‘lgan holda barcha yo‘nalishlarda xorijiy tillarni puxta biladigan kadrlarni tayyorlashlari, doimiy izlanishda bo‘lishlari talab etiladi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/wG9uIzJaUzc" title="Huquqshunoslarga ham xorijiy tillarni bilish muhim" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Doniyor Yakubov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA