Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Huquqshunoslar uchun seminar
13:52 / 2025-07-11

Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudida “Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda mehnat nizolarini ko‘rib chiqish va kelgusida ushbu nizolarni oldini olish chora-tadbirlari” mavzusida huquqshunoslar uchun amaliy seminar tashkil etildi.

Tadbir davlat organlari, korxona, tashkilot va muassasalarda faoliyat yuritayotgan yuristlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, mehnat qonunchiligiga rioya etish, amalda uchrayotgan muammolarni muhokama qilish va sud amaliyotini takomillashtirishga qaratildi.

Seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi raisining o‘rinbosari A.Kerimbayev yangi tahrirda qabul qilingan Mehnat kodeksi va undagi huquqiy normalarning ahamiyati, ularni amaliyotga to‘g‘ri tatbiq etish masalalari xususida so‘z yuritdi. Ta’kidlandiki, fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudlari tomonidan 2025 yilning 6 oyi davomida mehnat munosabatlariga doir jami 551 ta fuqarolik ishlari ko‘rilgan.  Ularning 328 tasi 59,5 foizi bo‘yicha da’volar qanoatlantirilgan. Ishga tiklash haqidagi da’volar bo‘yicha ko‘rilgan 150 ta ishning 78 tasi yoki 52 foizi yuzasidan ish beruvchilarning buyrug‘i g‘ayriqonuniy deb topilib, xodimlar ishga tiklangan.  

Tadbirga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyalari J. Rasulov va A. Ayapov, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudyalar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqalpog‘iston Kengashi hamda boshqa mutasaddi idoralar vakillari qatnashib, mehnat munosabatlarida uchrayotgan qonunbuzilish holatlarini tahlil qilib, o‘zaro fikr almashdi.  

Dovud Abibullayev,

O‘zA muxbiri