Muayyan sohani puxta egallab, mavzuni sinchkovlik bilan o‘rganib, yaratilgan asar har jihatdan pishiq, puxta, mukammal bo‘ladi.
Huquqshunos adiba Zulayho Masharipovaning asarlari ana shunday mavzuni har tomonlama tadqiq va tahlil etib, hayotiy xulosalarga tayanib, yaratilgani bilan diqqatga sazovor.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida taniqli yozuvchi, uyushma a’zosi Zulayho Masharipovaning “Adolatli intiho” va “Tergovdagi odam” nomli kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda adabiyotshunos olimlar, yozuvchilar, yosh ijodkorlar, so‘z san’ati muxlislari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid mamlakatimizda ayol ijodkorlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularning samarali mehnat qilishi yo‘lida keng imkoniyatlar yaratilganini e’tirof etdi.
Darhaqiqat, asli kasbi huquqshunos bo‘lgan iste’dodli ijodkor Zulayho Masharipova hayratlanarli darajada juda oz fursatda davrimizning yetuk adibasi maqomigacha bo‘lgan katta ijod yo‘lini bosib o‘tdi, desak yanglishmaymiz. Yozuvchi 2012-2025 yillarda 60 dan ziyod detektiv asarlarni kitobxonlarga taqdim etgan.
Adiba hozir ham o‘zini havaskor ijodkor pillapoyasida ko‘radi. Biroq uning ijodiga sinchiklab razm solinsa, yozuvchi bu rutbani allaqachon ortda qoldirgani, astoydil intilib, izlangani, fidoyi mehnati tufayli elimizning yetuk hamda iste’dodli qalamkash yozuvchilari davrasiga kelib qo‘shilganini bilib olish qiyin emas.
[gallery-27149]
Muallifning yuqorida nomi keltirilgan “Adolatli intiho” va “Tergovdagi odam” nomli kitoblari ham fikrimizning yaqqol dalilidir. Ikki asar ham detektiv bo‘lib, ushbu kitoblar “Yangi asr avlodi” nashriyotida chop etilgan.
– Bugun taqdimoti bo‘layotgan asarlar jinoyatlarni ochishda faol ishtirok etgan huquqshunos-yozuvchining ijod namunalaridir, – dedi O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, taniqli shoira Zulfiya Mo‘minova. – Bu asarlarda odamlarning atrof-muhit va ekologiyaga o‘ta shafqatsiz munosabatlari, giyohvandlik, ekstremizm kabi o‘tkir mavzular yorqin hayotiy voqealar vositasida ochib berilgan. Agar muallif jinoyatlarni ochishda faol ishtirok etmaganida, asarlarini bunday ta’sirchan va hayotiy tarzda yoza olmas edi. Bu kabi asarlarning yaratilishi uchun katta bilim, boy kasbiy tajriba, iste’dod kerak.
Muallifning ana shunday salohiyatga ega ekani uning asarlari muvaffaqiyatini ta’minlagan.
Ma’rifiy anjumanda e’tirof etilganidek, bu asarlar juda keng doiradagi voqealar bayonidan iborat. Uni o‘qir ekansiz, muallif turmushning deyarli barcha jabhalarigacha kirib bora olgani e’tiborni tortadi. Hayotni anglash esa insondan doimo katta tajriba, salohiyat, zukkolik, sezgirlikni talab etgan.
Tadbirda taniqli huquqshunoslar, jurnalistlar, adabiyotshunoslar, ustoz yozuvchilar Zulayho Masharipovaning “Adolatli intiho” va “Tergovdagi odam” nomli kitoblari haqida batafsil so‘z yuritdi.
Taqdimotda muallifga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining esdalik sovg‘alari topshirildi. Adiba ishtirokchilarga yangi kitoblarini tuhfa etdi.
Nazokat Usmonova,
Oybek Pardayev (suratlar), O‘zA