Huquqni muhofaza qilish akademiyasida 2024/2025 o‘quv yili uchun “Tergov faoliyati” bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga joriy yilning 1 fevralidan qabul boshlandi.
Bu haqda Akademiya jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Sanobar Mansurova ma’lum qildi.
– Akademiyaning “tergov faoliyati” yo‘nalishi bo‘yicha kunduzgi ta’lim shakliga o‘qishga qabul qilish tanlov, teng huquqlilik prinsiplari va qabul qilishning yagona qoidalari asosida tashkil etiladi, – dedi S.Mansurova. – Unda dastlabki tanlov, maxsus psixologik tanlov, yozma imtihon (diktant), test sinovlari asosida talabgorlarning bilimlari sinovdan o‘tkaziladi.
Dastlabki tanlov: harbiylashtirilgan tuzilmalar (Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Bojxona qo‘mitasi, Harbiy prokuratura), harbiylashtirilmagan tashkilotlar (prokuratura organlari, shu jumladan, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Majburiy ijro byurosi)dagi talablarni inobatga olgan holda alohida tartibda amalga oshiriladi.
Bunda, nomzod o‘z hujjatlarini harbiylashtirilgan yoki harbiylashtirilmagan soha bo‘yicha topshirishi lozim. Nomzod joriy yilning 1 fevralidan 1 martiga qadar Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligining maxsus elektron platformasi (https://my.uzbmb.uz/)da ro‘yxatdan o‘tishi lozim.
Shuningdek, nomzod ko‘rsatilgan muddatlarda: harbiylashtirilgan yo‘nalish bo‘yicha – hududiy ichki ishlar organlariga, harbiylashtirilmagan yo‘nalish bo‘yicha – hududiy prokuratura organlariga tegishli hujjatlarni taqdim etadi.
Akademiya “tergov faoliyati” yo‘nalishida bakalavriat dasturi bo‘yicha ta’lim olish muddati uch yilni tashkil etib, bitiruvchilarga belgilangan davlat namunasidagi diplom beriladi.
O‘qitish o‘zbek va rus tillarida, davlat grantlari asosida tashkil etiladi. Davlat grantlari asosida o‘qishni tamomlagan Akademiya bakalavriatining bitiruvchilariga vakolatli davlat organlarida kamida uch yil ishlab berish majburiyati yuklanadi.
Akademiyaga qabul qilishda abituriyentlarning muayyan toifalariga respublikaning boshqa oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyozlar tatbiq etilmaydi.
Akademiyaning “Tergov faoliyati” yo‘nalishi bo‘yicha bitiruvchilari vakolatli davlat organlariga xizmatga qabul qilinganda faqat ofitserlar tarkibiga kiruvchi yoki darajali unvon berilishi ko‘zda tutilgan lavozimlarga tayinlanadi.
Huquqni muhofaza qilish akademiyasi bakalavriatiga kirish imtihonlari bilan bog‘liq yangiliklar bilan Akademiyaning rasmiy veb-sayti, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari hamda ommaviy axborot vositalari orqali tanishib borish mumkin.
N.Abduraimova, O‘zA