Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Huquqni muhofaza qilish akademiyasida “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi (+video)
18:58 / 2024-02-16

Davlatimiz rahbarining 2022 yil 28 noyabrdagi “Jinoyatlarni tergov qilish sohasida malakali kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi farmoniga asosan Bosh prokuratura akademiyasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tashkil etildi.

Akademiyada jinoyatlarni tergov qilish sohasida kadrlarni amaliyot bilan uzviy bog‘liqligini ta’minlagan holda yagona yondashuv asosida tayyorlashga qaratilgan uzluksiz o‘quv tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Joriy o‘quv yilida mazkur dargohda bakalavriatning “Tergov faoliyati” hamda yurisprudensiyaning boshqa bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida yuridik kadrlarni tayyorlash joriy etildi.

Hozirda akademiya bakalavriatining “Tergov faoliyati” yo‘nalishiga 2024/2025 o‘quv yili uchun qabul jarayoni davom etmoqda. O‘qishga qabul qilish ochiqlik va shaffoflik prinsiplari asosida tashkil etilgan.

Akademiya kol-markaziga o‘qishga hujjat topshirishga doir ko‘plab savollar kelgan. Bu esa bitiruvchi o‘quvchilar orasida akademiyaga qiziqish uyg‘onganligini ko‘rsatgan.

Shu munosabat bilan Huquqni muhofaza qilish akademiyasida “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi.

Akademiyaga Toshkent shahri maktablari va yuridik texnikum bitiruvchilari, Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Toshkent shahri va viloyati akademik litseylari, akademiya talabalarining ota-onalari, shuningdek, jurnalistlar tashrif buyurdi.

Tadbir ishtirokchilarini akademiya rahbariyati va xodimlari, Bosh prokuratura vakillari, huquqni muhofaza qilish organlari faxriylari qarshi oldi. 

– Tadbirimiz maktab, o‘rta ta’lim muassasalari bitiruvchilari uchun tashkil etildi, – dedi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Durbek To‘raxonov. – Bunga asosiy sabab – ularni akademiya faoliyati bilan tanishtirish. Shu bilan birga, o‘qishga kirish jarayonlari tartibidan ularni xabardor qilishdir. Sababi, bu bo‘yicha juda ham ko‘p savollar kelib tushdi, qiziquvchilarning ayrimlari akademiyamizga keldi. Shu bois, “Ochiq eshiklar kuni”ni tashkil etishga qaror qildik. Bu tadbirdan ko‘zlangan yana bir maqsad – bitiruvchilarda, yoshlarda Vatanga mehr-muhabbatni kuchaytirish, ularga tergovchi, prokuror faoliyatining asosiy mazmun-mohiyatini tushuntirishdan iborat. Shu bilan birga, akademiya imkoniyatlari, talabalar uchun yaratilgan sharoitlar ko‘rsatib berildi. Tanishuv jarayonida ishtirokchilar ushbu dargoh haqida yetarlicha tasavvurga ega bo‘ldi. O‘qishga kirishni xohlovchilar endilikda qanday dargohni tanlagani, ertaga kim bo‘lib yetishib chiqishi haqida ma’lumotga ega bo‘ldi. 

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/vryIKRRWOZk" title="Huquqni muhofaza qilish akademiyasida “Ochiq eshiklar kuni” oʻtkazildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Akademiyaga qabul qilishda abituriyentlarning muayyan toifalariga respublikaning boshqa oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyozlar tatbiq etilmaydi. 

Muhimi, akademiyaning “Tergov faoliyati” yo‘nalishi bo‘yicha bitiruvchilari vakolatli davlat organlariga xizmatga qabul qilinganda faqat ofitserlar tarkibiga kiruvchi yoki darajali unvon berilishi ko‘zda tutilgan lavozimlarga tayinlanadi. 

– Akademiya bakalavriatida barcha huquqni muhofaza qilish organlari tergov va surishtiruv organlari uchun kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan, – dedi Akademiya axborot xizmati rahbari Sanobar Mansurova. – Ta’lim olish muddati uch yil, dars jarayonlari o‘zbek va rus tillarida amalga oshiriladi. Bitiruvchilarga davlat namunasidagi diplomlar topshiriladi. Uch yil davomida tahsil olgan talabalarning barchasi huquqni muhofaza qiluvchi organlarda ish bilan ta’minlanadi. Chunki qabul payti huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun (hududlar kesimida) zarur kadrlar ro‘yxatiga e’tibor qaratiladi. Qolaversa, o‘quv jarayoni amaliyot bilan uzviy uyg‘un holda olib boriladi. Ya’ni, biz ko‘pincha kuzatganmiz, ta’lim va amaliyot o‘rtasida doim katta farq bo‘lgan. Bitiruvchilar amaliyotga kirishib ketishga qiynalgan. Shuning uchun ham akademiyada o‘quv modullari shunday tuzilganki, bu jarayonga nazariyachi olimlar bilan birga amaliy tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislar jalb qilingan.

Tergov va prokuratura sohasi uchun kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimi bilan yaqindan tanishtirish maqsadida mehmonlar uchun Huquqni muhofaza qilish akademiyasida ekskursiya tashkil etildi.

Tadbir davomida akademiyaning maxsus poligonida ishtirokchilar tergov-kriminalistika taktikalari va metodikalarini amaliy qo‘llash imitatsiyasida, shuningdek, voqea joyini ko‘zdan kechirish va jinoyatni ochishga oid qiziqarli kvest musobaqasida ishtirok etdi. Ushbu sinovda g‘olib bo‘lgan zukko va bilimdon yoshlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

Ekskursiya davomida mehmonlar kriminalistika xonasi, sud imitatsiyasi xonasi, ekspertiza laboratoriyasi va boshqa amaliy hamda vaziyatli mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun maxsus jihozlangan xonalarni ko‘zdan kechirdi.

Respublikamizda birinchi bo‘lib tashkil etilgan akademiya DarkWeb kiberlaboratoriyasi, shuningdek, tergov jarayonlarida poligraf (detektor) texnologiyalarini qo‘llash, shuningdek, mobil kriminalistik avtolaboratoriya imkoniyatlari imkoniyatlari yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Ishtirokchilar o‘quv dasturlari, bakalavriatga kirish va tahsil olish tartibiga oid savollariga mutaxassislardan atroflicha javob oldi.

Norgul Abduraimova, Doniyor Yakubov (video), O‘zA muxbirlari.