Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tashabbusi bilan tashkil etilayotgan aksiya fermer va dehqon xo‘jaliklarining muammolarini hal etish, ularga ijtimoiy va huquqiy jihatdan yordam berishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasida 20 avgust — Tadbirkorlar kuni munosabati bilan O‘zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan hamkor vazirlik va idoralar bilan birgalikda tadbirkorlar, fermer va dehqon xo‘jaliklari faoliyatida huquqiy, iqtisodiy va boshqa yo‘nalishlarda uchrayotgan muammolarni hal etishga ko‘maklashish maqsadida “Tadbirkorlar, fermer va dehqon xo‘jaliklariga huquqiy yordam” aksiyasi tashkil etildi.
Muloqotda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, fermerlik va tomorqachilikni amaliy hayotda yanada keng o‘rin egallashi uchun yangi imkoniyat, imtiyoz va preferensiyalar yaratib berish va uning rivojini yangi bosqichga ko‘tarish, sohaning jadal rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan, soha faoliyati erkinligini cheklayotgan bir qator muammolar haqida so‘z yuritildi.
[gallery-24421]
Aksiya doirasida tadbirkor va fermerlar kredit olishda to‘siqlar, yer maydoni taqsimotidagi adolatsizliklar, marketing va kadastr masalalari, suv tejovchi texnologiyalarni olishda subsidiyalar ajratish, dala chetlaridan unumli foydalanish, klasterlar bilan ishlash va suv taqsimotida uchrayotgan muammolari bo‘yicha murojaat qildi.
–Aksiyaning asosiy maqsadi tadbirkorlar, fermer va dehqon xo‘jaliklari faoliyatida uchrayotgan huquqiy, iqtisodiy va boshqa yo‘nalishlardagi muammolarni hal etishga ko‘maklashish, soha faoliyati erkinligini cheklayotgan masalalarni tizimli o‘rganib borish hamda ularni bartaraf etish yuzasidan qonunchilikka takliflar tayyorlash, shuningdek, davlat va jamiyat o‘rtasida samarali muloqot maydoni yaratishdir, – deydi O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi departamenti rahbari Baxtiyor Ruhitdinov.
Ochiq muloqotda partiya faollari hamda masalalarga aloqador mas’ul tashkilotlar xodimlari ishtirokida har bir murojaat qonuniy tahlil etilib, partiya tomonidan muammo va so‘rovnomalar uchun maxsus tashkil etilgan onlayn platformaga kiritildi.
–Ushbu aksiyada fermerlar va klaster munosabatlari yuzasidan o‘z takliflarimizni bildirdik. Chunki fermerlar tomonidan yetishtirilgan mahsulotlarning pullarini kechiktirib to‘lash holati muammo keltirib chiqaradi. Agar fermerlarning pullari o‘z vaqtida to‘lanib turilsa, Orolbo‘yi sharoitida ham paxtadan 60-70, g‘alladan 100 sentnergacha hosil olish mumkin. Eng asosiysi, buning uchun fermerlarning imkoniyati, salohiyati va bilimi ham yetarli, – deydi aksiya ishtirokchisi, Amudaryo tumani Fermerlar kengashi raisi Ilhom Polvonov.
Tadbir davomida sohani rivojlantirishda dehqon fermerlarga berilgan imtiyozlar, qonundagi o‘zgarishlar haqida ishtirokchilarga ma’lumot berildi. Chunki ko‘tarilayotgan muammolarning aksariyati fermerlarning huquqiy bilimlari yetarli emasligidan kelib chiqayotganligi aksiya davomida namoyon bo‘ldi.
Bu kabi amaliy formatdagi uchrashuvlar joylardagi muammolarni yuzma-yuz muhokama qilish va ularga yechim topishda muhim platforma bo‘lib xizmat qilmoqda.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/ksoig30C11Y?si=6-6UzZBm7--qIDfp" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Dovud Abibullayev,
Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA