Adliya vaziri Akbar Toshqulov Navoiy viloyatiga amalga oshirgan xizmat safari davomida aholi, ayniqsa, yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish, fuqarolarga ko‘rsatilayotgan huquqiy xizmatlar sifatini yaxshilashga qaratilgan ishlarning borishini o‘rgandi.
Dastlab vazir Navoiy shahridagi 22-umumta’lim maktabida bo‘ldi. Maktabda “Huquq sinfi” tashkil etilgan bo‘lib, adliya organlari xodimlari tomonidan huquqiy fanlar bo‘yicha ixtisoslashtirilgan mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Ayni paytda Navoiy viloyatida huquq fanlarini chuqurlashtirib o‘qitishga mo‘ljallangan 11 ta shunday sinf faoliyat ko‘rsatmoqda. Vazir o‘quvchi va o‘qituvchilar bilan suhbatlashdi, yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.



Bundan tashqari, vazir Navbahor va Karmana tumanlaridagi bir qator mahallalarda bo‘lib, “Adliya kuni” va “Huquqiy targ‘ibot kuni” kabi amaldagi huquqiy ma’rifat dasturlari ijrosi samaradorligini baholadi. Shuningdek, fuqarolarning huquqiy va ijtimoiy masalalarini hal etishga mas’ul “mahalla yettiligi” faoliyati bilan tanishdi.
Akbar Toshqulov xizmat safari davomida viloyatda yangi qurilayotgan “Adliya uyi” majmuasini ham ko‘zdan kechirdi. Qurilishning yakunlanishi aholi uchun davlat xizmatlarini olish jarayonini sezilarli darajada soddalashtirishi, bir joyda turli xil huquqiy maslahatlardan foydalanish imkoniyatini ta’minlashi kutilmoqda.



A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri