Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik prinsipiga muvofiq qayta ko‘rib chiqiladi
13:27 / 2023-10-28

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 20-moddasida davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo‘lishi kerakligi belgilangan.

Adliya vazirligida huquqiy ta’sir choralarini mutanosiblik prinsipiga muvofiqlashtirish bo‘yicha mas’ul davlat organlari va tashkilotlarining xodimlaridan iborat ishchi guruh yig‘ilishida konstitutsiyaviy normani hayotga to‘laqonli tatbiq etish haqida so‘z yuritildi.  

Qonunchilik hujjatlarida, shu jumladan, Jinoyat, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi hamda Soliq kodekslarida belgilangan huquqiy ta’sir choralarini tahlil qilish zarurligi ta’kidlandi.  

Insonning huquq va erkinliklari faqat qonunga muvofiq va faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sog‘lig‘ini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligi hamda jamoat tartibini ta’minlash maqsadida zarur bo‘lgan doirada cheklanishi mumkinligiga e’tibor qaratish lozimligi qayd etildi.  

Har bir sanksiyani mutanosiblik prinsipiga muvofiqlashtirish masalasini ko‘rib chiqish uchun birinchi navbatda sanksiyalarni belgilashning asoslari, e’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihatlarini yoritib beruvchi uslubiy qo‘llanma ishlab chiqish zarur. Buning uchun rivojlangan davlatlar tajribasi hamda huquqni qo‘llash amaliyoti chuqur tahlil qilinishi zarurligi olimlar tomonidan ta’kidlab o‘tildi.  

Yig‘ilish yakunida ishchi guruhning soha faoliyatiga oid huquqiy ta’sir choralarini ko‘rib chiqish hamda ularni mutanosiblik prinsipiga muvofiqligini tahlil qilish bo‘yicha aniq vazifalari belgilab olindi.  

 

N.Abduraimova,  

O‘zA