O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi qoshidagi Huquqiy jurnalistika kengashi tomonidan Adliya vazirligida “Yangilangan Konstitutsiya va qonunlarimiz — jurnalist haq-huquqlarining kafolati” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Adliya vazirligi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan mazkur tadbirda Huquqiy jurnalistika kengashi a’zolari, Adliya vazirligi mas’ul xodimlari, huquqshunoslar, ommaviy axborot vositalarida huquqiy mavzuni yoritishga ixtisoslashgan jurnalist va blogerlar qatnashdi.
Uyushma qoshidagi Huquqiy jurnalistika kengashi raisi Sirojiddin Raupov olib borgan davra suhbatida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov media soha vakillarining huquqiy savodxonligini oshirish dolzarb masala ekani, yangilangan Konstitutsiyamiz haqida, sohaga oid qonunchilik takomillashib borayotgani, O‘zbekiston jurnalistlarining kasb etika kodeksi mazmun-mohiyati, OAV vakillarining haq-huquqlarini himoya qilish bo‘yicha qilinayotgan ishlar haqida so‘z yuritdi.
Davra suhbatida Adliya vazirligi mas’ul xodimlari, turli ommaviy axborot vositalari vakillari huquqiy mavzuning yoritilishi, huquqiy jurnalistika kengashi faoliyatini jonlantirish, jurnalist va blogerlar ish jarayonida duch kelayotgan muammolar, soha vakillarining hamjihatligi, uyushma faoliyatida e’tibor qaratilishi zarur bo‘lgan masalalar xususida o‘z tanqidiy fikr-mulohazalarini, takliflarini bildirdi.
Tadbirda huquqiy mavzuni yoritishga ixtisoslashgan, sohaga endi kirib kelayotgan jurnalistlarning bilim va malakasini oshirishga ko‘maklashish, o‘quv kurslari tashkil etish bo‘yicha O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi bilan Adliya vazirligi o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha fikr almashildi.
Yig‘ilish yakunida OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.
O‘zA