Bugun Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuniga bag‘ishlangan Aksilkorrupsiya oyligi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri o‘tkazildi.
Tadbir doirasida “Korrupsiya – taraqqiyot kushandasi” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Davra suhbati davomida “Korrupsiyaga qarshi kurash — har bir fuqaroning mas’uliyati” shiori ostidagi videorolik namoyish etildi. Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyati haqida atroflicha ma’lumot berildi. Shu bilan birga, korrupsiyaga zamin yaratadigan omillar va ushbu illatning jamiyat taraqqiyotiga yetkazadigan zarari haqida tinglovchilarga batafsil tushuntirishlar berildi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda korrupsiya dunyo miqyosida hal etilishi lozim bo‘lgan eng dolzarb masalalardan biri. Unga qarshi kurashish xalqaro siyosatning ustuvor yo‘nalishiga aylanib, mamlakatlarning raqobatbardoshligi va barqaror rivojlanishining muhim omili sifatida qaralmoqda. Chunki korrupsiya nafaqat yangilanish va islohotlar jarayoniga jiddiy to‘siq bo‘ladi, balki belgilangan maqsadlarga erishishga ham bevosita tahdid soladi. Korrupsiyaning har qanday ko‘rinishi davlat va jamiyatning barqarorligi, tinchligi hamda iqtisodiy o‘sishi uchun xavfli.

Shu nuqtai nazardan, tadbir davomida korrupsiyaga qarshi kurashish faqatgina davlat idoralarining vazifasi emas, balki har bir fuqaroning ongli pozitsiyasi, faol fuqarolik ta’siri bilan amalga oshishi muhim ekani alohida qayd etildi.
Davra suhbati yakunida xodimlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi va korrupsiya profilaktikasi bo‘yicha qo‘shimcha tavsiyalar bilan tanishdi.
N.Rahmonova, O‘zA