Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Huquqiy ong va madaniyatni yuksaltirish – davr talabi
16:23 / 2024-06-13

O‘zbekistonda barcha sohalarda olib borilayotgan islohotlar demokratik huquqiy davlat, erkin va farovon fuqarolik jamiyati tuzishga qaratilgan. Bu jarayonda aholining huquqiy ongi va madaniyati yuksak bo‘lishi muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu bois ham Prezidentimizning joriy yil 24 maydagi “Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilinib, unga ko‘ra adliya organlari mutlaqo yangicha, xalqchil tizim asosida ishlashga o‘tdi.  

Adliya vaziri o‘rinbosari Muzraf Ikramov Qashqadaryo viloyatidagi bir qator adliya organlari va muassasalarida bo‘lib, mazkur farmon ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rgandi.

Qarshi shahar adliya bo‘limida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda sayyor davlat xizmatlarini ko‘rsatish haqida so‘z bordi. Shuningdek, “mahalla yettiligi”ga qonunchilik hujjatlarining mohiyatini oddiy va xalqchil tilda yetkazish, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” hamda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga  kiritilgan fuqarolarga bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatilishini ta’minlash borasida soha xodimlari oldida turgan vazifalar haqida ta’kidlab o‘tildi.  

Shundan so‘ng bo‘lim qoshida tashkil etilgan Davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmatlar ko‘rsatish markazi faoliyatining yutuq hamda kamchiliklari tahlil etildi.  

Viloyat adliya boshqarmasida viloyatdagi Davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmatlarni ko‘rsatish markazlari rahbarlari hamda xodimlari bilan davra suhbati o‘tkazildi. Markazlar faoliyatini rivojlantirishga doir fikr-mulohazalar tinglandi va muammolarga yechim izlandi.  

Odamlar orasida, mahallalarda bo‘lib, ularning dardu tashvishlarini tinglab, muammolarini birgalikda hal etishga ko‘maklashish, yoshlar, xotin-qizlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarni, shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlarini qonunchilik hujjatlarida belgilangan imtiyozlar, preferensiyalar, subsidiyalar, grantlar va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning boshqa turlari hamda ulardan foydalanish tartibi haqida xabardor qilish maqsadida viloyatning bir qator tumanlarida sayyor qabullar o‘tkazildi.  

Shuningdek, adliya vaziri o‘rinbosari Qarshi shahridagi Davlat xizmatlari markazi faoliyati, viloyatdagi yuridik texnikumda amalga oshirilayotgan qurilish-montaj ishlari bilan yaqindan tanishib, ularning xodimlari bilan farmonning mazmun-mohiyati haqida fikr almashdi.  

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri