Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida faoliyat yuritgan 114 nafar mavsumiy ishchi o‘z mehnat huquqlarini tikladi. Maktabgacha va maktab ta’limi muassasalarida ishlagan bu xodimlarga umumiy hisobda 43,9 million so‘mlik mehnat ta’tili kompensatsiyasi to‘lab berildi.
Bu holat tuman yuridik xizmat ko‘rsatish markazi tomonidan o‘tkazilgan huquqiy monitoring natijasida aniqlandi. O‘rganishlar davomida mavsumiy ishchilarga mehnat ta’tili uchun haq to‘lanmagani ma’lum bo‘ldi. Mazkur amaliyot O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini 493-moddasi talablariga zid ekanligi qayd etildi.
– Qonunga ko‘ra, mavsumiy ishchilar har ishlangan oy uchun kamida ikki kun miqdorida pullik ta’tilga ega bo‘lishi kerak. Butun mavsum davomida ishlaganlar esa shartnoma yakunlanganda kompensatsiya olishi lozim, – deydi tuman adliya bo‘limi boshlig‘i Elyor Omonboyev.
Aniqlangan qonunbuzarliklar yuzasidan Xovos tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga rasmiy taqdimnoma kiritildi. Adliya organlarining ta’sir choralari tufayli, mavjud muammo bartaraf etildi va kompensatsiyalar to‘lab berildi.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, bu holat davlat tashkilotlarida qonun ustuvorligini ta’minlashda yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari muhim rol o‘ynayotganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, mehnat huquqlarini himoya qilishda huquqiy nazorat mexanizmlarining samaradorligini ham tasdiqlaydi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri