Toshkentda boshlangan ikki haftalik o‘quv mashg‘ulotlarida jurnalistlar, blogerlar, shuningdek, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarning matbuot kotiblariga bu haqda to‘liq tushuncha beriladi.
Sudyalar oliy kengashi hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamkorligida tashkil etilgan seminardan ko‘zlangan maqsad ularning kasbiy malakasini oshirishdir.
Davlat va jamiyat hayotining deyarli barcha jabhalarida axborot olish imkoniyatini ta’minlashga qo‘yilayotgan talablar bugungi ochiqlik siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. O‘tkazilayotgan sud-huquq islohotlari jarayonida sudlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilayotir.
Jamiyatning huquqiy madaniyatini shakllantirishda sud hokimiyatining ommaviy axborot vositalari bilan faol hamkorligining ahamiyati beqiyos.
Buning uchun jurnalistlar, blogerlar va matbuot kotiblarining o‘zlari, avvalo, sud tizimi to‘g‘risida keng tasavvurga ega bo‘lishi, bu boradagi qonunchilikdan yaxshi xabardor bo‘lishi talab etiladi.
Shundan kelib chiqib, o‘quv-mashg‘ulotlarida sudlar faoliyatini yoritishning o‘ziga xos qirralari, ayniqsa, inson sha’ni va qadr qimmati, shaxsiy hayotga oid ma’lumotlarni oshkor qilishga doir qonun hujjatlaridagi belgilangan tartiblarga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shuningdek, sudlar mustaqilligi, sudya daxlsizligining qonun ustuvorligini ta’minlashdagi ahamiyatiga oid mavzular ham o‘quv-mashg‘ulotlar dasturidan alohida o‘rin oldi.
Eng muhimi, sudlar faoliyati ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash jarayonidagi axborot almashinuvida, ya’ni ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda ochiqlik, xolislik va ishonchlilik asosiy mezon bo‘lishi kerak.
O‘quv mashg‘ulotlari bevosita va bilvosita (onlayn) shaklda ikki hafta davom etadi.
Yakunda faol ishtirokchilarga sertifikatlar beriladi.
N.Abduraimova, O‘zA