English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Huquqiy-ma’rifiy bilimdon” ko‘rik-tanlovi g‘oliblari
10:25 / 2024-12-08

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 32 yilligi sharafiga Jizzax viloyatining Zomin tumanida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan “Huquqiy ma’rifiy bilimdon” ko‘rik- tanlovining respublika bosqichi o‘tkazildi.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 14 jamoaning har biridan 5 nafardan jami 70 nafar o‘quvchi ishtirok etdi.  

Mazkur ijodiy ko‘rik- tanlovni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad  yosh avlod ongiga huquq va burch, halollik va poklik tushunchalarini hamda odob-axloq normalarini chuqur singdirib borish, Konstitutsiyaning muhim jihatlarini o‘rgatish, yoshlarda ijodiy salohiyat,  vatanparvarlik tuyg‘ulari va sog‘lom  turmush tarzi ko‘nikmalarini  rivojlantirish, o‘g‘il-qizlarimiz  qalbida yot g‘oyalar ta’sirlariga qarshi mustahkam immunitetni shakllantirishdir.  

[gallery-20755]

Tanlov umumta’lim maktablarining 9 - 11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida savol-javob, test, sahna ko‘rinishi yo‘nalishlarida o‘tkazildi.

– An’ana tusini olgan ushbu tanlov har yili to‘rt bosqichda, uchta shart bo‘yicha o‘tkazib kelinmoqda, – deydi Jizzax viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Shohida Damanova. – Tanlovning birinchi bosqichi umumta’lim maktablarida o‘tkazilib, unda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 5 nafar o‘quvchidan tashkil topgan jamoa ikkinchi – shahar va tumanlar bosqichida bahslashdi va har bir shahar va tumanlardan g‘olib bo‘lgan bittadan jamoa viloyat bosqichida bahs olib bordi.

Birgina viloyatimizda o‘tgan shahar-tuman bosqichida 28 ming 267 nafar 9-11-sinf o‘quvchisi g‘oliblik uchun bellashgan bo‘lsa, viloyat bosqichida 1007 nafar o‘g‘il-qizdan 5  nafarigina bugungi respublika tanlovida ishtirok etmoqda.  

Shu o‘rinda mamlakatimiz o‘quvchi- yoshlarining ushbu “Huquqiy ma’rifiy bilimdon” ko‘rik- tanloviga 14  jamoaning har biri juda puxta tayyorgarlik ko‘rib kelganini alohida ta’kidlab o‘tish lozim. Har  qanday  bahsda  raqobatchilarning  kuchlari qanchalik teng bo‘lmasin, g‘olib jamoa oxir-oqibatda bitta bo‘ladi.  

Hakamlar hay’atining yakuniy xulosalariga ko‘ra, “Huquqiy ma’rifiy bilimdon” ijodiy ko‘rik- tanlovining respublika final bosqichida birinchi o‘rinni Sirdaryo viloyati jamoasi o‘quvchilari egallab, shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan o‘rin oldi.  

Ikkinchi, uchinchi o‘rinlar Namangan va Toshkent viloyatlari o‘quvchilari jamoalariga nasib etdi.  

– Jamoamiz ushbu “Huquqiy ma’rifiy bilimdon” ijodiy ko‘rik tanlovining final bosqichida  respublika bo‘yicha birinchi o‘rinni qo‘lga kiritganidan biz juda ham xursandmiz, – deydi Sirdaryo viloyati jamoasi a’zosi Shahriyor Fayzullayev. – Bu osonlikcha qo‘lga kiritilgani yo‘q. Chunki har bir viloyatdan kelgan tengqurlarimiz tanlovga juda puxta tayyorgarlik ko‘rib kelganliklarini namoyish etishdi. Ustozlarimizning bergan saboqlari, ota-onalarimizning qo‘llab-quvvatlashi va o‘z ustimizda ishlab, huquqiy bilimlarimizni oshirganimiz ushbu tanlovda g‘alaba qozonishimizda muhim omil bo‘ldi, deb o‘ylayman. Eng quvonarlisi esa, biz ko‘plab yangi do‘stlar ortirdik va bundan juda xursandmiz.  

Zominda o‘tgan “Huquqiy ma’rifiy bilimdon” ijodiy ko‘rik tanlovi g‘oliblari va turli nominatsiyalar sohiblariga Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining maxsus diplom va esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),  

O‘zA muxbirlari