Xabaringiz bor, ayni kunlarda mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan muhim siyosiy jarayon — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazishga oid tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Shu munosabat bilan Namanganda Demokratiya va inson huquqlari instituti, Ichki ishlar vazirligi Probatsiya xizmati, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning viloyatdagi mintaqaviy vakili hamkorligida O‘zbekiston Respublikasida muddatidan ilgari bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovlari oldidan “Probatsiya nazorati ostida turgan shaxslarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish masalalari” mavzusida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda hududdagi mahalla fuqarolar yig‘ini faollari, probatsiya nazoratida turgan shaxslar ishtirok etdi.
Anjumanda Demokratiya va inson huquqlari instituti direktori, yuridik fanlari nomzodi S.Xojayeva so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi saylov qonunchiligida kiritilgan o‘zgarishlar va ularning xalqaro me’yorlarga mosligi yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirdi.
O‘z navbatida so‘zga chiqqan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining yuridik bo‘limi boshlig‘i Sh.Umarova “O‘zbekiston Respublikasida Konstitutsiyaviy islohotlar ahamiyati” mavzuida fikr yuritdi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga tarqatma materiallar ulashilib, jamoatchilik monitoringi haqida tushunchalar berildi. Anjuman qatnashchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.
O‘zA