Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Huquqiy hujjat loyihalarining 36 foizi fuqaro va tadbirkorlar manfaatlariga zid bo‘lgan
15:58 / 2021-02-15

Bu Adliya vazirligida ochiq muloqot shaklida jamoatchilikka berilgan hisobotda qayd etildi.

Interfaol shaklda o‘tkazilgan muloqotda adliya vaziri Ruslanbek Davletov norma ijodkorligi va huquqiy ekspertiza sohasida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berdi.  

2020 yilda kelib tushgan loyihalarning 36 foizida fuqarolarning huquqlarini cheklash hamda tadbirkorlik faoliyatining murakkablashuviga sabab bo‘luvchi qoidalar aniqlanganligi sababli ularning qabul qilinishi huquqiy ekspertiza bosqichida to‘xtatildi.  

Idoraviy hujjatlarni qabul qilish, huquqiy ekspertiza va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish 2020 yil 1 iyuldan boshlab project.gov.uz elektron platformasi orqali amalga oshirilmoqda.  

O‘tgan yilda O‘zbekiston tarixida birinchi marta elektron shakldagi qonunchilik hujjati qabul qilindi. Tizim orqali bugungi kunga qadar yuzga yaqin idoraviy hujjat davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Idoraviy hujjatlar normalarini yuqori yuridik kuchga ega bo‘lgan qonun hujjatlariga o‘tkazish va “tartibga solish gilotinasi” usulini qo‘llash orqali 2020 yil davomida 400 ga yaqin idoraviy hujjatlar o‘z kuchini yo‘qotgan, deb topildi.

Hududiy adliya organlari tomonidan 2020 yil davomida mahalliy davlat hokimiyati organlarining 1 ming 147 qaror loyihasi huquqiy ekspertizadan o‘tkazilgan. Shundan 178 loyiha belgilangan talablarga rioya qilinmay taqdim qilingani sababli qaytarilgan. 1 ming 106 taqdimnomaga asosan 255 nafar shaxsga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanilib, 1 ming 35 qaror bekor qilingan.

Adliya organlari murojaatlarni o‘rganish natijasida 63 ming 535 qonun buzilishi holatini aniqladi. 3 ming 893 taqdimnoma davlat organlari va idoralariga kiritilib, fuqarolarning buzilgan huquqlari tiklanishi ta’minlandi. 185 milliard so‘mlik davo arizalari sudlarga kiritildi. 873 davlat organi va tashkilotining hujjatlari bekor qilindi yoki ijrosi to‘xtatildi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarga xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashtirilgan joylarda ular uchun yaratilgan sharoitlar bo‘yicha o‘rganish o‘tkazildi. O‘rganish bo‘yicha qonun normalarida belgilangan sharoitlarni yaratmagan mas’ul tashkilotlar ustidan 681 taqdimnoma kiritildi, 362 pandus o‘rnatildi va talab darajasiga keltirildi.

Adliya tadbirkorga do‘st loyihasi doirasida tadbirkorlik faoliyati uchun har tomonlama ko‘mak berishga mo‘ljallangan yangi “Biznesga maslahat” interfaol axborot portali ishga tushirildi.  

“BUSINESS INDICATOR” elektron platformasi ishlab chiqilib, ushbu tizim orqali tadbirkorlikning rivojlanganlik darajasiga baho berib borilmoqda.

Muattar Burhonova, O‘zA