Huquqiy eksperiment qonunchilik hujjati yoki uning normasi samaradorligini alohida olingan hudud yoki shaxslar doirasida ma’lum vaqt oralig‘ida sinovdan o‘tkazish bilan bog‘liq kompleks chora-tadbirlar majmui hisoblanadi.
Ma’lumki, so‘nggi yillarda yangi tartib-taomillarni hayotga joriy etishdan oldin ularni muayyan hududda yoki shaxslar, tashkilotlar doirasida tajriba-sinov tarzida qo‘llash amaliyoti kengayib bormoqda. Tahlillarga ko‘ra, 2018-2024-yillar davomida davlat boshqaruvi, sog‘liqni saqlash, soliq, uy-joy, investitsiya kabi sohalarda 60 dan ortiq eksperimentlar o‘tkazilgan.
Ammo bugungi kunda huquqiy eksperimentni o‘tkazish bilan bog‘liq ijtimoiy-huquqiy munosabatlar kompleks tarzda tartibga solinmagan. Bu esa huquqiy kolliziyalar, huquqni qo‘llashda turlicha talqin qilish va murakkabliklar yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda. Shundan kelib chiqib, “Huquqiy eksperiment to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi va parlament quyi palatasining bugungi majlisida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Majlisda adliya vaziri o‘rinbosari A.Karimovning qayd etishicha, loyihada muayyan tartib-taomilni huquqiy eksperimentdan o‘tkazish vaqt, hudud va shaxslar doirasi bo‘yicha olib borilishi, shuningdek, huquqiy eksperimentni o‘tkazish bosqichlari belgilanmoqda. Bundan tashqari, huquqiy eksperiment o‘tkazish shakllari va usullari, uni tashkil etish va o‘tkazish shartlari, huquqiy eksperiment natijalarini baholash tartibi va ularni rasmiylashtirish bo‘yicha talablar o‘z aksini topmoqda.
Shu bilan birga, huquqiy eksperiment ijtimoiy ahamiyati va murakkablik darajasiga ko‘ra olti oydan uch yilgacha bo‘lgan muddatda o‘tkazilishi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish, davlat organlari va tashkilotlarining vakolatlarini qisqartirish yoki tugatish, sud-tergov faoliyatini tartibga solish, amnistiya va afv etish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini cheklaydigan, bekor qiladigan yoki ularning ahvolini yomonlashtiradigan holatlarga nisbatan huquqiy eksperiment tatbiq etilmasligi belgilanmoqda.
Muhokamalarda qonun loyihasidagi normalar huquqiy eksperiment bo‘yicha yagona amaliyotni joriy etishga, huquqni qo‘llashdagi turlicha talqin qilish va murakkabliklarning oldini olishga xizmat qilishi ta’kidlanib, birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA