“Hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi” huquqiy aksiyasi doirasida ishchi guruhlar reja-grafik asosida aholining muammolarini o‘rganishga qaratilgan xatlov ishlarini olib borishmoqda.
Qashqadaryo viloyat tuman (shahar) adliya bo‘limlari, Davlat xizmatlari va FHDYO organlari xodimlari tomonidan fuqarolarning davlat xizmatlari bilan bog‘liq murojaatlari o‘rganilmoqda.

Xatlov davomida shu kunga qadar adliya xodimlari 300 dan ortiq tug‘ilganlik, nikoh, o‘lim hamda yashaganlik fakti bo‘yicha muammolarni ro‘yxatga olishdi.
Masalan, Mirishkor tumani Jeynov qishlog‘ida yashovchi fuqaro A.Niyozovning 1997 yilda tug‘ilgan qizi S.Niyozovaning hujjati yo‘qligi, shu sababdan nikoh guvohnomasini ham olmaganligi aniqlandi. Mas’ullar ko‘magi bilan 27 yoshli Sevaraga tug‘ilganlik guvohnomasi topshirildi. Shu kuni u nikoh hujjati hamda bir yoshli farzandiga ham tug‘ilganlik guvohnomasi oldi. Natijada fuqaro bir yo‘la uchta qonuniy hujjatga ega bo‘ldi.


Shuningdek, sayyor tartibda 1 ming 400 dan ortiq fuqaroga davlat xizmatlari ko‘rsatildi. Qolgan masalalar Davlat xizmatlaridan foydalanishda imtiyozlardan foydalanish huquqi, pensiya, tadbirkorlik, kadastr masalalariga oid bo‘ldi. Mazkur masalalar qonuniy tartibda ko‘rib chiqilib, fuqarolarga amaliy yordam ko‘rsatiladi.


O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri