English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Huquqiy aksiya: aholining bilimlari oshirildi
07:58 / 2025-08-07

Adliya vazirligi tomonidan shu yilning 10 iyunidan 31 iyuliga qadar o‘tkazilgan “Xodimlarning mehnat huquqlari kafolati” huquqiy aksiyasida aholining ayni yo‘nalishdagi bilimlarini oshirish, ish beruvchi va xodimlar o‘rtasida qonuniy munosabatlarni mustahkamlash, qonunbuzilish holatlariga barham berishga alohida e’tibor qaratildi.

Namangan viloyati adliya boshqarmasi hamda uning shahar, tuman bo‘limlari tomonidan ham mazkur aksiya davomida 167 marotaba “Sayyor qabul”, ochiq muloqotlar uyushtirilib, unga besh mingga yaqin fuqarolar jalb qilindi. Shuningdek, hamkor tashkilotlar bilan 18 marotaba bo‘sh ish o‘rinlari “Mehnat yarmarkasi” o‘tkazilib, 97 kishi ish bilan ta’minlandi.

– Hududiy adliya idoralari xodimlarining sa’y-harakatlari bilan huquqiy tadbirlar davomida 764 ta murojaat qabul qilingan bo‘lsa, ularning 485 tasi qanoatlantirildi, – deydi Namangan viloyat adliya boshqarmasi mas’ul xodimi Foziljon Jo‘raboyev. – Shu jumladan, 179 murojaat yuzasidan aholiga tushunchalar berildi va 11 ta murojaat tegishliligi bo‘yicha boshqa tashkilotlarga yuborildi. 

Bundan tashqari, joylarda bo‘lib o‘tgan to‘qsonga yaqin monitoring tadbirlarida ish haqqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarni to‘lamaslik, asossiz intizomiy javobgarlikka tortish, mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya etmaslik, yuridik tusdagi hujjatlarni rasmiylashtirish talablari buzilishi kabi 2 ming 253 ta qonunbuzilish holati aniqlandi. 

“Xodimlarning mehnat huquqlari kafolati” aksiya natijasida, jami 14 ming 851 nafar fuqaro qamrab olinib, shundan 1 ming 811 nafarining buzilgan huquqlari tiklandi. Qolaversa, 167 marotaba seminarlar tashkillanib, olti mingdan ziyod targ‘ibot ishlari amalga oshirildi. Ularda mehnat shartnomasini tuzish tartibi, ish vaqtining me’yorlari, mehnat ta’tili huquqi, ish haqining o‘z vaqtida to‘lanishi va ishdan bo‘shatish tartibi kabi masalalar bo‘yicha aholiga bepul huquqiy maslahatlar berildi. 

Bunday targ‘ibot aksiyasi orqali korxona, tashkilot va muassasalarda ish faoliyatini yuritib kelayotgan xodimlarga o‘z huquqlarini teran anglab olish, ularni qonuniy yo‘l bilan himoya qilish ko‘nikmalari singdirilmoqda. 

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.