Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Huquqiy aksiya: 20 kunda 20 mingga yaqin shaxs tegishli hujjatlarga ega emasligi aniqlandi 
17:46 / 2024-02-12

2023 yilda davlat xizmatlari markazlar orqali 77 turdagi yangi xizmatlar ko‘rsatish joriy etilib, jami xizmatlar soni 335 taga yetkazildi. 13,2 milliondan ortiq davlat xizmati ko‘rsatildi. O‘rtacha xizmat ko‘rsatish vaqti 1 daqiqadan 10 daqiqagacha, o‘rtacha kutish vaqti 20 daqiqani tashkil etdi.

Eng ko‘p ko‘rsatilgan 29 ta xizmat (9 milliondan ortiq) “3 qadam” tamoyili asosida soddalashtirilib, so‘raladigan ma’lumotlar 225 tadan 99 taga, ariza yuborish uchun sarflanadigan vaqt 76 daqiqadan 22 daqiqaga qisqartirildi. 2024 yilda barcha xizmatlarni “3 qadam” tamoyili asosida soddalashtirish rejalashtirilgan. 

Bu Adliya vazirligi tomonidan davlat xizmatlari yo‘nalishida 2023 yilda amalga oshirilgan ishlar va vazirlik tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan “Hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi” huquqiy aksiyasi bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida qayd etildi. 

2023 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida xizmatlarni “oson”, “o‘rta” va “murakkab” toifalarga ajratgan holda ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. 2024 yilda qirqta markazda ixtisoslashtirish joriy etiladi. 

Adliya vazirligi va uning tizimidagi tashkilotlar tomonidan o‘tkazilayotgan sayyor qabullar hamda kelib tushayotgan murojaatlar tahlil qilinganda ayrim fuqarolarning tug‘ilishi qayd etilmagani natijasida shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarga ega emasligi ko‘plab muammolarga sabab bo‘layotgani aniqlandi. 

[gallery-15930]

Shu sababli vazirlik tashabbusi bilan “Hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi” huquqiy aksiyasi o‘tkazilmoqda. Unda tug‘ilishi qayd etilmagan va fuqarolik pasporti yoki ID-kartasi mavjud bo‘lmagan shaxslarga tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar rasmiylashtirilmoqda. 

Huquqiy muammosi mavjud yoki huquqiy yordamga muhtoj aholiga amaliy yordam ko‘rsatish, ro‘yxatdan o‘tkazilmagan tadbirkorlik sub’ektlarini yoki davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan ko‘chmas mulklarini ro‘yxatdan o‘tkazishga ko‘maklashish va boshqa xizmatlar ham ko‘rsatilmoqda. 

Huquqiy aksiya doirasida dastlabki 20 kun davomida 19 ming 872 nafar shaxs tegishli hujjatlarga ega emasligi aniqlandi. Ulardan 16 ming 144 nafar shaxsga kerakli hujjat rasmiylashtirib berildi. 

Xususan, 609 nafarining tug‘ilishi qayd etilib, guvohnoma berilgan bo‘lsa, 2 ming 665 nafariga tug‘ilganlik haqida takroriy guvohnoma rasmiylashtirildi. 1,2 mingdan ziyod qonuniy nikohdan o‘tmasdan yashab kelayotgan fuqarolarning nikohi qonuniy ravishda qayd etildi. 

Shuningdek, 249 ming 124 nafar shaxsga elektron raqamli imzo berish, “Mobile-ID”dan ro‘yxatdan o‘tkazish, kadastr pasportini shakllantirish va boshqa turdagi davlat xizmatlari sayyor shaklda ko‘rsatildi. 

N.Abduraimova, O‘zA