Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Huquqbuzarliklarning oldini olishda profilaktika inspektorlarining ishi samaradorligi oshiriladi
12:35 / 2025-12-19

Senat yalpi majlisida “Huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Qonun yuzasidan ma’ruza qilgan Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov joriy yil 3 yanvarda Prezidentimizning “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror qabul qilinganini qayd etdi. Qarorda asosiy urg‘u jinoyatlarni jilovlashga ko‘maklashuvchi muhim infratuzilmani shakllantirishga qaratilib, huquqbuzarliklar profilaktikasiga mas’ul bo‘lgan barcha idoralarga ulkan vazifalar qo‘yildi va asosiy kuch - vositalar aynan shu maqsad uchun safarbar etildi.

Ushbu qaror ijrosi esa mutasaddi tashkilotlar, ayniqsa Senat tomonidan alohida nazorat qilib borilmoqda. Xususan, Senat boshchiligida tuzilgan ishchi guruh tomonidan ushbu qaror ijrosi hududlarda o‘rganilmoqda. Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida o‘rganishlar o‘tkazildi. Qonun o‘rganishlarda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan.

Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga, “Qurol to‘g‘risida”gi hamda “Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash to‘g‘risida”gi qonunlarga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda. 

Xususan, hududlarda huquqbuzarliklar va jinoyatlarning oldini olish maqsadida sovuq qurolni olib yurish huquqbuzarligini bir yil davomida takroran sodir etganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda. Jumladan, ushbu huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib yoki musodara qilmay, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Jinoyat kodeksining 126-1-moddasining to‘rtinchi – sakkizinchi qismlarida nazarda tutilgan oilaviy zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etganlik sudlanganlarga sudlanganlik holati tugallanganidan yoki olib tashlanganligidan yoxud amnistiya akti qo‘llanilganidan keyin o‘n yil davomida ruxsatnoma bermaslikka sabab bo‘ladi. Agar huquqbuzarda o‘qotar qurol mavjud bo‘lsa, ushbu o‘qotar qurol va uning o‘q-dorilari olib qo‘yilishi nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, ichkilikka ruju qo‘ygan shaxslarni majburiy davolanishga yuborish uchun bir yil mobaynida bir martadan ortiq ma’muriy javobgarlikka tortish emas, balki bir yil davomida bir marta ma’muriy javobgarlikka tortilganlik asos bo‘lishi belgilanmoqda.

Bunda, shaxsni majburiy davolanishga muhtoj deb topish vakolatini olis hududlarda ixtisoslashtirilgan tumanlararo tibbiy komissiyalarga ham berish, shuningdek, narkologik ekspertizalarni o‘tkazish uchun ixtisoslashtirilgan tumanlararo tibbiy komissiya tuziladigan olis hududlar ro‘yxati Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanishi nazarda tutilmoqda.

Senatorlar ma’qullagan qonun mahallalarda xavfsiz muhitni mustahkamlash va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish bo‘yicha joylarda profilaktika inspektorlarining ishi samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

N.Abduraimova, N.Haydarov (surat), O‘zA