Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar berishga mo‘ljallangan veb-portal hamda uning afzalliklari
18:20 / 2021-09-20

Huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, oldini olish davlat siyosatining asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi. Rivojlangan mamlakatlarda, xususan Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya va Avstraliyada axborot va kommunikatsiya texnologiyalaridan unumli foydalangan holda huquqbuzarliklarga qarshi kurashishning samarali mexanizmlari ishlab chiqilgan.

Jumladan, Janubiy Koreyaning 2014 yilda tashkil etilgan

Safety e-Report veb-portali va uning mobil ilovasi (keyingi o‘rinlarda «Portal») jamiyat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan.

Ushbu Portal tashkil etilishidan oldin jamoat xavfsizligini ta’minlash uchun mas’ul bo‘lgan davlat inspeksiyasi jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi barcha holatlarni aniqlash imkoniga ega bo‘lmagan. Odamlar esa mazkur holatlarni tartibga solish davlat majburiyati deb hisoblagani sababli  jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi holatlarga nisbatan e’tiborsiz munosabatda bo‘lishgan. Shu bilan birga, odamlarning ushbu holatlar yuzasidan qayerga va qanday xabar qilishni bilmasliklari ushbu holatlarning o‘z vaqtida bartaraf etilishiga to‘sqinlik qilgan.

Yuqoridagi barcha muammolarni hal etish maqsadida Janubiy Koreyaning Ichki ishlar va xavfsizlik vazirligi tomonidan Safety e-Report veb-portali tashkil etildi.

Ushbu Portal orqali Janubiy Koreyadagi barcha shaxslar jamiyatda yuz berayotgan huquqbuzarliklar, shu jumladan, yong‘in, turar-joy binolari yoki boshqa turdagi binolarga zarar yetkazish, mehnat xavfsizligining yetarli darajada ta’minlanmaganligi, atrof-muhitni ifloslantirish, yo‘l harakati qoidalarini buzishga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga o‘z vaqtida va qulay usulda xabar berishlari mumkin.

Shuningdek, tegishli hududda istiqomat qiluvchi shaxslar Portal orqali noqonuniy tashqi reklamalar bo‘yicha, voyaga yetmaganlarning noqonuniy va axloqsiz xatti-harakatlari bo‘yicha, gaz, elektr

va issiqlik energiyasining noqonuniy iste’moli bo‘yicha hamda xavfsizlik talablariga javob bermaydigan oziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha ham qulay tarzda shikoyat berishlari mumkin.

Bundan tashqari, Portalning ingliz tilidagi talqini 2017 yilning

12 dekabrdan ishga tushirilgan. Bu o‘z navbatida, Koreyadagi chet el fuqarolariga, ayniqsa, sayyohlarga huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar berish imkonini bergan.

Ta’kidlash lozimki, 2016 yilning noyabr oyida World Research tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning 91.2%i ushbu Portalning tashkil etilishini juda muhim deb hisoblashgan. Shuningdek, respondentlarning katta qismi (75.3%) Portal faoliyatidan mamnun ekanliklarini bildirishgan.

Huquqbuzarlik to‘g‘risida xabar berish uchun huquqbuzarlik sodir etilganligini tasdiqlovchi foto (hajmi 50 megabaytdan oshmagan) yoki video fayl (hajmi 120 megabaytdan oshmagan) ixtiyoriy ravishda Portalga yuklanadi hamda huquqbuzarlik sodir etilgan joy Portal xaritasidan ko‘rsatiladi.

Shundan so‘ng xabar mazmuni bayon etiladi va shaxsiy telefon raqam kiritiladi. Xabar oqibatini aniqlash bo‘yicha xabar beruvchi o‘z shaxsiy kodini kiritadi. Shu bilan birga, xabarga qo‘shimcha sifatida xabar beruvchi o‘z ismini va elektron pochta manzilini ixtiyoriy ravishda kiritishi mumkin.

Xabar qoldirilgandan keyin, xabar qoldiruvchiga xabar natijasi to‘g‘risida 7 kun ichida sms xabar yuboriladi.

Portalning keng qamrovliligi va qulayligi huquqbuzarlik haqida murojaat qiluvchilar sonining oshishiga xizmat qilgan.

MA’LUMOT UCHUN: Portalga 2021 yilning 19 iyul holatiga ko‘ra, 2021 yil davomida 2 610 765 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, 2021 yilning 19 iyul kunining o‘zida kelib tushgan murojaatlarning soni 12 476 tani tashkil etgan.

Portal va uning mobil ilovasini tashkil etish uchun 0.7 million AQSH dollari sarflangan. Ushbu tizimni saqlab turish uchun har yili 0.5 million AQSH dollari sarflanadi.

Ta’kidlash lozimki, Portal davlat tomonidan xavfsizlik masalalarini ta’minlashga sarflanayotgan moliyaviy xarajatlarni kamaytirishga xizmat qilgan.

MA’LUMOT UCHUN: 2019 yilning noyabrida Koreya Transport instituti va Mokvon universiteti bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, yo‘l-transport xavfsizligi yuzasidan Portalga yuborilgan 2019 yilning birinchi yarim yilligi bo‘yicha xabarlarning (jami 240 mingta) ijtimoiy qimmati 0.2 mlrd. AQSH dollarini tashkil etgan. Har bir xabarning bahosi 18 AQSH dollari atrofida hisoblangan.

Bundan tashqari, Portal to‘xtab turish qoidalarining buzilganligi yuzasidan ma’muriy jazo chorasini qo‘llash uchun jalb etiladigan politsiya xodimlariga sarflanadigan davlat xarajatlaridan 0.15 mlrd. AQSH dollarini saqlab qolishga yordam bergan.

O‘zbekiston Respublikasida huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar berishga qaratilgan bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 20 sentyabrdagi 747-son qarorga muvofiq, jismoniy va yuridik shaxslar videotexnika vositalari orqali yo‘l harakati ishtirokchilari (yo‘lovchi va piyodalar bundan mustasno) tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlik holatlarini qayd etishi hamda uch ish kuni ichida markazlashtirilgan tizim (ejarima.uz veb-sayti) orqali ichki ishlar organlariga ko‘rib chiqish uchun yuborishi mumkin.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 sentyabrdagi qaroriga muvofiq 2021 yilning 1 yanvaridan boshlab aholi tomonidan Davlat ekologiya qo‘mitasining Internet tarmog‘idagi maxsus axborot tizimiga yuborilgan ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish

va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar haqidagi fotosuratlar va videoyozuvlar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda belgilangan tartibda ko‘rib chiqilishi belgilandi.

Ta’kidlash joizki, “ejarima.uz” portali yo‘l-transport sohasidagi huquqbuzarliklar bo‘yicha xabar berish bilan cheklanib qolgan.

Ma’lumot uchun: 2021 yilning 19 iyul kuniga qadar ushbu Portalga 439 450 ta qoidabuzarlik to‘g‘risida xabar berilgan bo‘lib, ushbu qoidabuzarlik bo‘yicha 108.25 mlrd. so‘m jarima solingan.

Shuningdek, yo‘l-transport sohasidagi huquqbuzarliklar bo‘yicha “ejarima.uz” portaliga xabar berish uchun ro‘yxatdan o‘tish talab etiladi.

Bundan tashqari, huquqbuzarliklar bo‘yicha faqat video fayllarni qabul qilinishi belgilangan bo‘lib, portalga yuklanadigan video fayllarning davomiyligiga va video olingan sanaga oid alohida talab qo‘yilgan.

Yuqoridagi barcha holatlar yo‘l-transport sohasida sodir etilgan huquqbuzarlik to‘g‘risida xabar berish tartibini murakkablashtiradi.

O‘zbekistonda jamoat xavfsizligini ta’minlash, aholining huquqbuzarliklarni oldini olishdagi ishtirokini kengaytirish va huquqbuzarliklar yuzasidan o‘z vaqtida murojaat qilish imkonini yaratish maqsadida huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar berishga mo‘ljallangan Safety e-Report portalini tashkil etish taklif etiladi.

Safety e-Report tizimini O‘zbekistonda joriy etilishi quyidagi o‘zgarishlarga sabab bo‘lishi mumkin:

birinchidan, O‘zbekistonda sodir etilgan yoki sodir etilayotgan huquqbuzarliklar yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga o‘z vaqtida va qulay usulda xabar berish tartibi joriy etiladi; 

ikkinchidan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar sodir etilgan yoki sodir etilayotgan huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish imkoniga ega bo‘ladi;

Ma’lumot uchun: 2021 yilning birinchi choragida 1 689 406 ta ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etilgan bo‘lib, ularning 81 583 tasi jamoat tartibiga tajovuz qiluvchi huquqbuzarliklardir.

uchinchidan, jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarni aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha davlat xarajatlari kamayadi;

to‘rtinchidan, O‘zbekistonning xalqaro indekslardagi o‘rni yaxshilanadi;

Ma’lumot uchun: World Justice Project xalqaro nohukumat tashkilotining 2020 yilgi Huquq ustuvorligi indeksi bo‘yicha hisobotidagi murojaat qilish mexanizmlari indikatori bo‘yicha O‘zbekiston 0.51 ball bilan baholangan.

beshinchidan, O‘zbekistonda chet ellik sayyohlar xavfsizligining ta’minlanishiga va shu orqali turizmning yanada rivojlanishiga sharoit yaratiladi.  

 

Zafar Ergashev,

Adliya vazirligi huzuridagi

Huquqiy siyosat tadqiqot institutining

mas’ul xodimi