FOTOREPORTAJ
Davlatimiz rahbari raisligida joriy yil 27 yanvar kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida jamoat xavfsizligini ta’minlash tizimini yangicha tashkil etish, patrul-post va profilaktika xizmatlarini uch smenali ish rejimiga o‘tkazish hamda chaqiriqlarga 5 daqiqa ichida yetib borish vazifalari belgilangan edi. Mazkur topshiriqlar ijrosi doirasida Surxondaryo viloyatida Ichki ishlar organlari tomonidan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikning oldini olishda Qo‘riqlash xizmati imkoniyatlaridan samarali foydalanish ijobiy natijalar bermoqda. Bugungi kunda viloyatda 7 ming 300 dan ortiq ob’ekt va 5 ming 200 dan ziyod fuqaro xonadoni ishonchli qo‘riqlovga olingan.
[gallery-27554]
Sohaga zamonaviy axborot texnologiyalari joriy etilib, texnik qo‘riqdagi ob’ektlarni real vaqt rejimida kuzatish imkonini beruvchi situatsion markaz faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shu orqali tezkor guruhlar harakatini onlayn boshqarish ta’minlanmoqda.
Ob’ektlarni texnik qo‘riqlash tizimi bilan qamrab olish kengayib, tezkor harakatlanuvchi guruhlar zamonaviy transport vositalari va ekipirovka bilan ta’minlandi. Ular tunu kun mahallalarda patrullik qilib, signalizatsiya chaqiriqlariga tezkor javob qaytarmoqda.
Kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarda profilaktika inspektorlari bilan hamkorlikda manzilli profilaktik ishlar olib borilib, aholi va uyushmagan yoshlar bilan individual suhbatlar o‘tkazilmoqda. Shuningdek, jamoat joylari va ob’ektlarda o‘rnatilgan “tashvish” tugmalari orqali jinoyat va huquqbuzarliklarning oldi olinmoqda.
Qayd etilishicha, amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar aholi tinchligi va jamoat xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA