French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Huquqbuzarlarga qat’iy jazo qo‘llandi
20:08 / 2026-01-30

Sirdaryo viloyatida yovvoyi hayvonot turlarini muhofaza qilish va noqonuniy ovlashning oldini olish maqsadida navbatdagi reyd tadbiri o‘tkazildi. Ushbu reyd Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi Davlat ekologik nazorat inspeksiyasining Sirdaryo suv havzasini nazorat qilish bo‘limi hamda Qolg‘ansir davlat o‘rmon-ovchilik xo‘jaligi xodimlari tomonidan, viloyat DXX va IIB bilan hamkorlikda “Sholikor” suv iste’molchilari uyushmasi hududi va Qolg‘ansir davlat o‘rmon-ovchilik xo‘jaligiga chegaradosh hududda tashkil etildi.

Reyd davomida 4 nafar fuqaro o‘zlariga tegishli ov qurollari orqali 9 dona yovvoyi o‘rdakni hech qanday ruxsatnomasiz ovlagani aniqlandi. Holat yuzasidan har biriga bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari, ya’ni 8 mln 240 ming so‘mdan, jami 32 mln 960 ming so‘m miqdorida ma’muriy jarima qo‘llandi. Shuningdek, tabiatga yetkazilgan zarar 3 mln 708 ming so‘mga baholandi.

Yovvoyi o‘rdaklar (Anas platyrhynchos) O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan va suv havzalarida aholi soni cheklangan turlar qatorida hisoblanadi. Ular asosan toza suv va botqoq hududlarda yashaydi va noqonuniy ovlash, muhitning buzilishi hamda iqlim o‘zgarishi tufayli himoyaga muhtoj.

Ekologik reydlar yovvoyi hayvonot turlarini muhofaza qilish, aholi va ovchilarni qonunchilik talablari haqida ogohlantirish hamda noqonuniy ovlashning oldini olish maqsadida muntazam o‘tkazib kelinadi. Qo‘mita aholi va ovchilarni tabiatni muhofaza qilishga mas’uliyat bilan yondashishga chaqirdi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri