Sirdaryo viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi davlat inspektorlari tomonidan Sirdaryo tumaniga qarashli Baxt shahri hududida navbatdagi ekologik nazorat reyd tadbiri o‘tkazildi. Ushbu tadbir doirasida bir kunda jami 26 ta huquqbuzarlik holati aniqlandi.
Aniqlangan holatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalari asosida ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, aybdor shaxslarga jarima jazolari belgilandi.

Reyd tadbiri davomida 20 nafar fuqaro chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlagani uchun jami 7 million 875 ming so‘m miqdorida jarimaga tortilgan bo‘lsa, 2 nafar fuqaroga chiqindilarni yoqqani uchun 312 000 so‘m, 2 nafar fuqaroga daryo muhofaza zonasida ruxsatsiz qum-shag‘al mahsulotlarini tashigani uchun 2 million 250 ming so‘m, 2 nafar fuqaroga o‘simlik qoldiqlarini ochiq havoda yoqqani uchun 4 million 500 ming so‘m miqdorida jarima qo‘llanildi.

— Reyd tadbiri davomida aniqlangan holatlar, afsuski, aholi o‘rtasida ekologik madaniyat darajasi hali yetarli emasligini ko‘rsatmoqda. Qonun buzilishlari, ayniqsa, chiqindilarni tasodifiy joylarga tashlash, daryo hududlaridan ruxsatsiz qum-shag‘al olish, o‘simlik qoldiqlarini ochiq havoda yoqish kabi harakatlar atrof-muhitga katta zarar yetkazadi, — deydi Sirdaryo viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi davlat inspektori Shahboz Tursunmurodov.

— Biz bu kabi huquqbuzarliklarga qarshi qat’iy kurash olib boryapmiz. Reydlarimiz muntazam ravishda davom etadi. Har bir fuqaro tabiatga nisbatan mas’uliyatli munosabatda bo‘lishi, uning muhofazasiga hissa qo‘shishi shart. Chunki sog‘lom ekologik muhit barchamiz uchun zarur bo‘lgan hayotiy asosdir.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri