O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun davlatimiz mustaqilligiga mustahkam huquqiy poydevor qo‘yildi.
Bosh qomusimiz yangi mustaqil davlatning, barqaror jamiyatning ishonchli huquqiy kafolatlarini shakllantirdi va mustahkamladi. Konstitutsiya davlatimizning asosiy qonuni sifatida shaxs, jamiyat va davlatning o‘zaro munosabatlarini tartibga solib kelmoqda.
Butun hayotimiz, faoliyatimiz, davlatimiz siyosati zamirida ushbu qomus va uning normalari mujassam. Uning hayotiyligi ham ana shundadir. Zero, O‘zbekiston Konstitutsiyasining g‘oya va normalarida xalqimizning ko‘p asrlik tajriba va ma’naviy qadriyatlari, boy tarixiy-huquqiy merosi, davlatchilik tajribalari o‘z aksini topgan. Bundan tashqari, asosiy Qonunimiz dunyoning 97 mamlakati to‘plagan ilg‘or konstitutsiyaviy tajriba va ko‘nikmalarni hisobga olib yaratilgan.
Bugun mamlakatimiz har jabhada erishayotgan ulkan natijalarda asosiy Qonunimiz mustahkam zamin bo‘lib kelmoqda. Jumladan, huquqiy demokratik davlat va ochiq fuqarolik jamiyati, erkin bozor munosabatlariga asoslangan iqtisodiyotni qurish, xalqimiz uchun obod va farovon hayot barpo etish, xalqaro maydondagi o‘rnimizni mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarda Konstitutsiyamiz eng asosiy hujjat, muhim hayotiy qo‘llanma hisoblanadi. U nafaqat kecha va bugunimiz, balki ertangi kunimiz, yaqin va uzoq kelajagimiz farovonligining asosi, farzandlarimiz istiqbolini belgilab beruvchi, yo‘lini yoritguvchi yorqin mayoqdir.
Bosh qomusimiz bizga farovon hayot kafolatlarini mustahkamlab berish barobarida biz fuqarolarning davlatimiz, jamiyatimiz oldidagi burchlarimizni ham belgilab qo‘ygan. Xususan, Konstitutsiyamizning “Fuqarolarning burchlari” deb nomlangan XI bobidagi qator moddalarda fuqarolarning burchlari o‘z ifodasini topgan. Unga ko‘ra, barcha fuqarolar Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan burchlarini bajaradilar. Masalan, 48-moddada fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishga, boshqa kishilarning huquqlari, erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majburligi, 52-moddada esa O‘zbekiston Respublikasini himoya qilish har bir fuqaroning burchi ekanligi mustahkamlab qo‘yilgan.
Bundan tashqari, biz fuqarolar O‘zbekiston xalqining tarixiy, ma’naviy va madaniy merosini avaylab-asrashga, atrof tabiiy muhitiga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga majbur ekanligimiz va boshqa qator majburiyat va burchlarimiz Konstitutsiyamizda o‘z ifodasini topgan.
Demak, Bosh qomusimiz bizga chiroyli va farovon hayot in’om etish barobarida har birimizning burchliligimizni uqtiradi. Shunday ekan, biz fuqarolar ham o‘z navbatida, asosiy Qonunimizga, davlatimiz va jamiyatimizga nisbatan burch va majburiyatlarimizni his qilgan holda harakat qilmog‘imiz lozim. Avvalo, hayotimizning asosiy mezoni bo‘lgan Konstitutsiyani chuqur o‘rganishimiz, ma’no-mazmunini, ahamiyatini teran anglashimiz, hayotimizning, faoliyatimizning doimiy va asosiy qo‘llanmasiga aylantirishimiz lozim.
Shu bilan birga, kelajagimiz egalari bo‘lgan yoshlarimizga ham Konstitutsiya hayotimizning muhim poydevori ekanligini chuqur anglatishimiz, uning qoida va me’yorlariga og‘ishmay amal qilish zarurligini tushuntirishimiz lozim. Zero, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi xalqimiz manfaatlariga, davlatimizning strategik maqsadlariga, farzandlarimizning farovon kelajagiga to‘la javob beradigan muhim siyosiy hujjat sifatida hamisha qadrli.
Dilso‘z Zoyirova,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Xorijiy tillar kafedrasi o‘qituvchisi
O‘zA