Hududlarning huquq ustuvorligi indeksi joriy qilinganidan xabaringiz bor.
«Hokimiyat institutlarining shaffofligi» ushbu indeksining asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu yo‘nalishda qaysi hokimlik yuqori ko‘rsatkichlarga erishdi yoki aksincha?
Bu haqda Adliya vazirligi mas’ul xodimi Anvar Ahmedov ma’lum qildi.
– Ushbu indeksni aniqlashda 60 ga yaqin davlat organlari va idoralari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, ayrim fuqarolik jamiyatining institutlari tomonidan shakllantirilgan 85 mingdan ortiq statistik ma’lumotlar, 23,5 ming nafar aholi, tadbirkor hamda ekspertlar o‘rtasida o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovlarning natijalari tahlil qilindi, – deydi A.Ahmedov. – Hokimiyat institutlarining shaffofligi yo‘nalishi 4 indikator, 13 subindikar, shuningdek, 17 mingdan nafar aholi, 400 tadan ortiq nodavlat notijorat tashkilotlarning vakillari hamda 400 tadan ortiq jurnalistlar o‘rtasidagi so‘rovlar natijalari bo‘yicha aniqlandi. Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, mamlakatimizda 1-indikator bo‘yicha mahalliy davlat hokimiyati organlarining ochiqligi – 65 ball, 2-indikator bo‘yicha mahalliy ijro organlari tomonidan fuqarolarning axborot olish huquqi ta’minlanganligi – 53 ball, 3-indikator bo‘yicha fuqarolarning mahalliy darajadagi qarorlarni qabul qilish jarayonidagi ishtiroki – 48 ball, 4-indikator bo‘yicha mansabdor shaxslar xatti-harakatlari ustidan shikoyat berish mexanizmlaridan samarali foydalanilishi esa – 56 ball natija ko‘rsatdi.
– Mahalliy ijroiya hokimiyati faoliyatining ochiqligiga bevosita ta’sir etuvchi omillardan biri, bu – ularning rasmiy veb-saytlarining mavjudligidir. Bu yo‘nalishda ahvol qanday?
– So‘rovda ishtirok etgan respondentlarning 27 foizigina hokimliklarning veb-saytlari barcha talablarga javob berishini qayd etdi. 29 foizi veb-saytlarning ba’zida sahifalarga kirish qiyinligini, qolgan 44 foizi talabga javob bermasligini bildirdi. O‘z navbatida respublika bo‘yicha hokimliklarning huquqiy maqomi, ular tomonidan ko‘rsatiladigan davlat xizmatlariga oid normativ-huquqiy hujjatlar, yer ajratish to‘g‘risidagi qarorlar, o‘tkazilgan ommaviy tadbirlar, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari, muvofiqlashtiruvchi va maslahat organlari, amalga oshirilgan davlat xaridlari to‘g‘risidagi 178,6 mingdan ortiq ma’lumotlardan atigi 11,2 foizi hokimliklar rasmiy veb-saytlariga joylashtirilgan, xolos.
– Har bir fuqaroning axborot olish erkinligi qonunlarimizda kafolatlangan. Bu huquqni hokimliklar qanday ta’minlamoqda?
– Aholining davlat organlaridan axborot so‘rab qilgan murojaatlari ko‘rib chiqilgani o‘rganilganda, so‘rovda ishtirok etgan aholining 35 foizi murojaatlari 15 kunda ko‘rib chiqilgani, 44 foizining murojaatlari 1 oydan 3 oygacha bo‘lgan muddatda hal etilgani, 21 foizi esa murojaatlari hatto ko‘rib chiqilmaganini ta’kidladi.
Vaholanki, «Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunga asosan fuqarolarning axborot olish so‘rab yozgan murojaatlari 15 kun ichida ko‘rib chiqilishi kerak.
– Qabul qilinayotgan qarorlarda jamoatchilikning ishtirokini ta’minlash dolzarb ahamiyatga ega. Mahalliy ijroiya hokimiyatining normativ hujjatlari muhokamasi qanday yo‘lga qo‘yilgan?
– Qonun hujjatlari loyihalarining muhokamasi o‘tkaziladigan regulation.gov.uz portaliga qo‘yilgan mahalliy ijroiya hokimiyatining normativ tusdagi qaror loyihalari bo‘yicha aholidan 583 taklif kelib tushgan. Biroq, ularning 7 foizigina inobatga olingan, xolos.
Ta’kidlash joizki, Andijon va Qashqadaryo viloyatlarida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan qarorlar yuzasidan aholi tomonidan birorta ham takliflar kelib tushmagan.
Aholining takliflarini inobatga olish eng yuqori darajasi Namangan viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida qayd etilgan bo‘lib, ushbu hududlarda mahalliy darajadagi qarorlarga berilgan takliflarni inobatga olish ko‘rsatkichi 50 foizni tashkil etgan.
– Huquq ustuvorligi indeksida mansabdor shaxslar xatti-harakatlari ustidan shikoyat berish muhim indikator hisoblanadi. Bu borada qancha shikoyat tushgan?
– O‘rganishlar davomida 2020 yil davomida mansabdor shaxslarning xatti-harakatlariga nisbatan deyarli 87 mingta shikoyat kelib tushgan bo‘lib, har 10 ming nafar aholining 25 tasi mansabdorlardan noroziligini bildirgan.
Ta’kidlash kerakki, mansabdor shaxslarga nisbatan eng ko‘p shikoyatlar Toshkent shahridan kelib tushgan. Ya’ni, bu respublika ko‘rsatkichidan 2 baravar yuqori bo‘lib, qariyb 12,7 mingta shikoyatlar qabul qilingan. Bu har ming nafar aholiga 5 shikoyat to‘g‘ri kelayotganini ko‘rsatadi.
Xuddi shunday mansabdor shaxslardan norozilik Sirdaryo, Surxondaryo va Navoiy viloyatlarida ham yuqoriligi kuzatildi.Mansabdorlarga nisbatan eng kam shikoyatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va vodiy viloyatlari (Farg‘ona, Andijon, Namangan) aholisidan tushgan bo‘lib, Toshkent shahridagi shikoyatlarga nisbatan 3 baravar kamroq ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Demak, indeksda qaysi hokimlik qanday ishlayotgani kunday ravshan ko‘rinib turibdi. Hokimliklar aholi bilan ishlashda amaliy ishlarni kuchaytirishi, qonuniylikka rioya etish bo‘yicha faoliyatlarini jiddiy ko‘rib chiqishi kerak.
Xulosa qilib aytganda, huquq ustuvorligi indeksining hokimiyat institutlarining shaffofligi yo‘nalishi ularning ochiqligini ta’minlashga, muhimi, qonuniy faoliyat olib borishiga ko‘maklashuvchi muhim tizimdir. Unda qo‘yilgan intikatorlarga amal qilgan hokimlik xalq ishonchini qozonadi va jamiyatda o‘z o‘rni va mavqeini hech qachon yo‘qotmaydi.
Norgul Abduraimova, O‘zA