Hunarmandlarimiz “XVII Eron zamini xalqlari festivali”da qatnashmoqda
Shu kunlarda bir guruh o‘zbekistonlik hunarmandlar Eron Islom Respublikasining Gurgon shahrida bo‘lib o‘tayotgan “XVII Eron zamini xalqlari festivali”da ishtirok etmoqda.
Mazkur xalqaro festival Eron hududida yashovchi turli xalqlar va elatlarning boy madaniy merosi, an’anaviy san’ati, urf-odatlari hamda xalq hunarmandchiligini keng jamoatchilikka namoyish etishga qaratilgan. Festival doirasida milliy qo‘l mehnati namunalari ko‘rgazmalari, xalqona chiqishlar, musiqiy va madaniy dasturlar tashkil etilmoqda.


Xalqlar o‘rtasida madaniy aloqalarni mustahkamlash, tajriba almashish hamda milliy hunarmandchilikni xalqaro miqyosda targ‘ib etish maqsadida tashkil etilgan ushbu nufuzli tadbirda O‘zbekiston hunarmandlari o‘zlarining milliy hunarmandchilik mahsulotlari orqali mamlakatimizning boy madaniy merosi, an’ana va zamonaviylik uyg‘unligini xalqaro maydonda namoyish etmoqda.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA