Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hunarmandlarga qulay shart-sharoitlar yaratiladi
20:57 / 2023-06-12

O‘zbekiston Respublikkasi Prezidenti “Aholini hunarmandchilikka jalb qilish va hunarmandchilik faoliyatini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonga imzo chekdi.

Unga ko‘ra, hududlarda hunarmandchilik faoliyatining har bir yo‘nalishi alohida yondashuvlar asosida rivojlantiriladi, hunarmandchilikning yo‘qolib ketayotgan turlarini saqlab qolish va kelgusi avlodlarga yetkazish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshiriladi.

2023 yil 1 iyundan 2025 yil 1 yanvarga qadar “Xalq amaliy san’ati ustalarining milliy katalogi” va “Turizm sohasida faoliyat yuritayotgan hunarmandlar reyestri”ga kiritilgan hunarmandlar uchun kalendar yil davomida hunarmandchilik mahsulotlarini (ishlar, xizmatlar) realizatsiya qilishdan tushgan tushumning 100 million so‘mdan oshgan, biroq 1 milliard so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdori bo‘yicha aylanmadan olinadigan soliqlar stavkasi 50 foizga kamaytiriladi.

Tovar belgilarini milliy ro‘yxatdan o‘tkazish bepul amalga oshiriladi.

2023 yilda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kasanachilik va hunarmandchilikni rivojlantirishga ajratilayotgan mablag‘ning kamida 70 foizi hunarmandchilikni rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Kambag‘alchilikni qisqartirish va bandlik huzuridagi Kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi Hunarmandchilik va kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi etib qayta nomlanadi va 2023 yil 15 iyundan boshlab hunarmandchilikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralari Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

2023 yil 1 iyuldan boshlab davlat mulki bo‘lgan moddiy – madaniy merosning ko‘smas mulk ob’ektlarini hunarmandchilik faoliyati bilan shug‘ullanish, shu jumladan hunarmandchilik mahsulotlarini realizatsiya qilish uchun faqat Milliy katalog va Reyestrga kiritilgan hunarmandlarga elektron onlayn-auksion orqali ijaraga berish tartibi joriy etiladi.

2023 yil 1 iyuldan boshlab xorijiy davlatlarda hunarmandchilik yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkaziladigan ko‘rgazmalar, festivallar va konferensiyalarda hunarmandlar, shuningdek, nogironligi bo‘lgan hunarmandga hamrohlik qiluvchi bir nafar shaxsning ishtirokini ta’minlash “Hunarmand” uyushmasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Milliy uslubdagi pavilonlar yaratish, hunarmandchilik mahsulotlari bo‘yicha targ‘ibot materiallarini tayyorlash va chop etish xarajatlari “Hunarmand” uyushmasining hisob-kitoblariga muvofiq, Jamg‘arma hisobidan qoplab beriladi.

O‘zA