Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hunarmandlardan xattotlik ko‘rgazmasi
19:44 / 2024-02-09

Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyida Respublika “Hunarmand” uyushmasi hamkorligida “Sohir qalam mo‘’jizasi” IV Respublika xattotlik va miniatyura asarlari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

Ko‘rgazmada respublikamizning barcha hududlaridan 30 nafardan ortiq xattotlik va miniatyura yo‘nalishida faoliyat olib borayotgan hunarmandning 150 dan ortiq ijodiy ishlari namoyish etildi. 

Hozirgi kunda Respublika “Hunarmand” uyushmasi a’zolari 26 ming nafarni, shogirdlar soni 90 ming 785 nafarni tashkil etsa, hunarmandchilikning miniatyura va xattotlik yo‘nalishida 274 nafar usta hunarmand faoliyat olib bormoqda. Hunarmandchilik yo‘nalishlarini saqlab qolish va rivojlantirish hamda kelgusi avlodlarga yetkazish maqsadida qo‘shimcha 9 ta faoliyat ro‘yxatga qo‘shildi. Ana shu yo‘nalishlardan biri xattotlik yo‘nalishidir. 

Jumladan, davlatimiz rahbarining 2023 yil 12 iyundagi “Aholini hunarmandchilikka jalb qilish va hunarmandchilik faoliyatini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, hunarmandchilik faoliyatining yo‘nalishlari amaldagi 34 tadan 43 taga ko‘paytirildi. 

Xattotlik arabcha – “husnixat yozuvchi” degan ma’noni bildirib, yozuv (xat) san’ati, kitob ko‘chirish hamda me’moriy inshootlar, badiiy buyumlarning kitoblarini yaratish kasbini anglatadi. Yozuvning paydo bo‘lishi natijasida yuzaga kelgan. 

Ayniqsa, arab yozuvining keng tarqalishi tufayli xattotlikning rivojlanishi jadallashdi. Sharqda, jumladan, O‘rta Osiyoda kitob bosish vujudga kelguniga qadar qo‘lyozma kitob tayyorlash, ularning nusxalarini ko‘paytirish (matn ko‘chirish) bilan xattotlar shug‘ullangan. Xattotlar saroylarda, ayrim amaldorlar huzurida guruh bo‘lib ishlagan. 

Xattotlik san’atiga bag‘ishlangan ko‘plab risolalar 10 xil asosiy xat uslublari (nasx, kufiy, muhaqqaq, nasta’liq, suls, tavqe, ta’liq, devoniy, riqo, riq’iy) mavjudligi haqida darak beradi. 

O‘rta Osiyoda arab yozuvlari tarqalguniga qadar turli yozuv usullari bo‘lgan qadimiy yozuvlardan bo‘lgan kufiy yozuvi ko‘pgina me’moriy va boshqa yodgorlik obidalarining bezagida saqlanib qolgan. 

Mustaqillik yillariga kelib kitobat san’ati bir guruh xattotlarimiz tomonidan qayta tiklandi. Bunda Habibulla Solih, Sadimjon Badalboyev, Abdulla Mirsoatov, To‘xtamurod Zufarov, Alisher Shomuhammedov va boshqalarning xizmatlari katta. 

Xattotlik hozirgi kunda Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, Toshkent islom universiteti, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida o‘rgatiladi. Ushbu ko‘rgazmaning tashkil etilishidan maqsad yurtimizga tashrif buyuruvchi sayyohlarga milliy hunarmandchiligimiz haqida ma’lumot berish, targ‘ib qilish, yoshlarni hunarga o‘rgatishdan iborat. 

Gulnoza Boboyeva, O‘zA