French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hunarmandlar sulolasining sakkizinchi vakili
14:44 / 2020-08-18

Nurota tumanidagi qadimiy Gʻazgʻon qoʻrgʻonchasi bugungi kunda shaharcha deb ataladi.


Nurota tumanidagi qadimiy Gʻazgʻon qoʻrgʻonchasi bugungi kunda shaharcha deb ataladi. Gʻazgʻon haqida tarixiy manbalarda marmarlarga boy makon, deya taʼrif berilgan. Hozir ham toshli shaharcha oʻzining qizil, oq va turli rangdor marmarlari bilan mashhur. Hududda “Marmarobod” davlat unitar korxonasi faoliyat koʻrsatmoqda.

Gʻazgʻonlik Tohir usta Rahimov toshtaroshlar avlodidan boʻlib, marmarga ishlov berish anʼanasini davom ettirib kelayotgan sulolaning sakkizinchi avlodi. Manbalarda Tohir usta Rahimovning bobosi Abdurahim Turdiyev oʻz sohasining mohir ustasi ekanligi eʼtirof etilgan. Zamonasining ziyolilari qatori 1937-yilda qamoqqa olinib, qaytib kelmagani qayd qilingan. Tohir usta Rahimovning ota-bobolari qabrtoshlarni aslidek tiklay oladigan, undagi yozuvlarni bexato koʻchirib, nuqsonsiz yodgorlik barpo etadigan mohir sangtarosh boʻlgan. Sulolaning har bir vakili oʻziga xos nozik didi, marmarga goʻzal naqshlar aks ettira olish qobiliyati bilan alohida ajralib turgan.

Tohir ustaning aytishicha, mamlakatimiz mustaqillikka erishgandan soʻng sulolaning sangtaroshlikdagi faoliyati yangi bosqichga koʻtarilgan. Bunda ushbu sulola vakillari faqat qabrtosh yasash emas, tarixiy yodgorliklarni tiklash, taʼmirlash, bezashga jalb etilgan. T.Rahimov dastlabki yirik ishini 2001-yili Buxoro amiri Amir Olimxonning bobosi Abdulahadxon qabrini taʼmirlashdan boshlaydi. Qahramonimizning ilk ishi keng jamoatchilik tomonidan iliq kutib olinadi. Uning sangtaroshlik sanʼatiga eʼtibor yana-da oshadi. Shundan soʻng, Tohir usta respublika boʻylab tarixiy yodgorliklarni tiklash ishlarida faol qatnasha boshlaydi.

Surxondaryo viloyatidagi Hakim at-Termiziy, Imom Termiziy, Soʻfi Olloyor, Sulton Saodat, Qashqadaryodagi Xoʻjai Jarroh, Sulton Mirsaid Haydar, Abdulaziz Muborak, Abul-Muʼiyn an-Nasafiy, Buxorodagi Xoʻja Azizxon, Abduxoliq Gʻijduvoniy, Boboi Samosiy, Mohitobon kabi yetuk din va maʼrifat kishilarining qabrini qayta taʼmirlashda ishtirok etdi. Shogirdlari bilan birga Bahouddin Naqshband tarixiy manzilgohini marmar panjaralar bilan bezadi. Nurotadagi Chashma yodgorligidagi bunyodkorlik ishlariga ham oʻz hissasini qoʻshdi. Karmanadagi qadimiy ziyoratgohlarning zamonaviy va goʻzal boʻlib qad koʻtarishida ham faol ishtirok etdi. Toshkentdagi Zangiota va uning rafiqasi Anvar otin, Suzukota, Shayxontohur, Ilonli bobo qabrlaridagi toshlarning yaroqlilarini taʼmirlab, eskilarini yangilagan. Andijondagi Zahiriddin Muhammad Boburning ziyoratgohiga 5 tonnalik ramziy qabrni oʻrnatdi. Vodiylik mutafakkirlar Shoir Haziniy, Sulton Uvays qabrtoshlarini zamonaviy koʻrinishga keltirdi. Xorazmdagi qalʼalarni taʼmirlashda qatnashdi. Qoraqalpogʻistonda shoir Berdaq va uning ustozi Ajiniyoz domla, Hakim ota ziyoratgohlari zamonaviy koʻrinishga ega boʻlishiga hissa qoʻshdi.

– Mustaqillik bizga tariximizni rost va oʻz holicha targʻib qilishni oʻrgatdi, – deydi Tohir usta Rahimov. – Men bu gaplarni oʻz boshidan oʻtkazgan sangtarosh sifatida aytayapman. Qariyb 20 yildan buyon Oʻzbekiston boʻylab tarixiy yodgorliklarni tiklash, taʼmirlash ishlariga bosh qoʻshib yuribman. Tinch yurtga toʻylar yarashadi, deydi. Katta-katta bayramlar oʻtkaziladigan Samarqand Registonidagi amfiteatrni, Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik Katta teatri va Muqimiy nomidagi Oʻzbekiston davlat musiqali teatrini oppoq marmarlar bilan bezadik. Tinchlik bizga Afgʻonistonda yotgan bobolarimizning ham qabrlarini obod etish imkonini berdi. Hazrat Alisher Navoiy, Kamoliddin Behzod, Mavlono Lutfiy, Musavvir Rustam qabrtoshlarini yangilab keldik. 2016-yil saylovoldi uchrashuvlarida Prezidentimiz Nurotaga tashrif buyurganida u kishi bilan uchrashib, suhbatini olganman. Davlatimiz rahbari xizmatlarimni yuqori baholab, meni “Oʻzbekning Farhodi”, deb eʼtirof etgandi va kasb-korimga baraka tilagan edi.

Ustoz-shogird anʼanalari har bir sohaning yana-da taraqqiy etib, bardavom ravnaq topishiga hissa qoʻshadi. Tohir ustaning xonadonida 10 nafar usta doimiy ishlab turgan boʻlsa, karantin davrida yana 10 nafar yigit qoʻshilgan. Yana sohaga qiziquvchi oʻnlab yoshlar hunar oʻrganishga bel bogʻlagan. Ustaning aytishicha, keyingi yillarda sohaga qiziquvchilar soni kundan kun ortib bormoqda.

– Shogirdlarimning har bir ishida ularga bosh boʻlib turaman, – deydi T.Rahimov. – Nozik ishlarni oʻzim qilaman. 25 yillik shogirdlarim uy-joyli, qoʻsha-qoʻsha mashinali boʻlgan. Hozir ham qoʻl ostimdagi yangi shogirdlarim ikki milliondan besh milliongacha oylik olmoqda. Qishda mavsum boʻlmasa ham ishchilarimni moddiy ragʻbatlantirib turaman. Roʻzgʻoridan xabar olib, kamchiliklarini bartaraf etishga yordam beraman. Ish quroling soz boʻlsa, ishing unumli boʻladi, deyishadi. Jarayonlarda faqat sifatli asbob-uskunalardan foydalanaman va shogirdlarimni ham shunday qilishga undayman. Qalam, tesha, bolgʻalarni oʻzim yasayman. Hech bir zavodda marmar oʻymakorligida ishlatiladigan maxsus uskunalar ishlab chiqarilmaydi. Mustahkam boʻlmagan bolgʻa va teshalar bizning mehnatimizga yaramaydi. Shuning uchun oʻzim eski buyumlar sotadigan bozorlarni tez-tez aylanaman. Sifatli va yaroqli temir mahsulotlarini sotib olib, uyda yasayman. Marmarga ishlov berish oʻta mashaqqatli ish. Kishidan sabr, chidam va qunt talab qiladi. Qoʻl ishini mukammal oʻrgangan usta hech qachon pand yemaydi. Har yerda tirikchiligini koʻrib ketaveradi.

Tohir usta Rahimov 1961-yilda Gʻazgʻon qoʻrgʻonida tugʻilgan. Hududdagi 6-maktabni tamomlagan. Harbiy xizmatni oʻtagach, qoʻrgʻondagi Marmar zavodida 6 yil ishlab, tajriba orttirgan. Soʻng oʻz uyida shaxsiy korxona ochib, faoliyatini keng jabhada davom ettirgan. Yuzlab tarixiy inshootlarni barpo etishga oʻz hissasini qoʻshgan Tohir aka bugun ham qizgʻin ish faoliyatida. Qalam bilan marmarga naqsh soladi, bolgʻa bilan ishlov berib, tesha bilan shakl beradi.

Inson qoʻli gul, degan ibora aynan toshdan goʻzallik yaratayotgan insonlarga nisbatan ishlatilsa kerak, deb qolasan kishi. Tohir aka ham tosh bilan sirlashib, uni ham “gapirtirib” yuboradi. Natijada goʻzal sanʼat asari paydo boʻladi.

Tohir usta otlarni sevadi. Marmarga shakl berish, naqsh bosish ishlaridan biroz toliqqanda ot boqadi, otda obod qoʻrgʻonchani sayr qiladi. Karantinning yumshaganidan mamnun qoʻshnilaridan hol soʻraydi, bayramlar bilan qutlaydi. Oʻzi istiqomat qiluvchi mahallaning obodonchilik ishlariga koʻmaklashadi. Keksa va nogironlar holidan tez-tez xabar oladi. Shuning uchun ham gʻazgʻonliklar Tohir usta Rahimov haqida faqat yaxshi soʻzlar aytishadi.