Xo‘sh, nega aynan Marg‘ilonda “Atlas bayrami” xalqaro to‘qimachilik festivali o‘tkazilmoqda?
Markazi bugungi hunarmandlar shahri bo‘lgan qadim Farg‘ona davlatiga safar qilgan Xitoy imperatori U Dining elchisi Chjan Syan eramizdan avvalgi 138- yildagi hisobotida bu o‘lkada paxta to‘qimachiligi sohasi rivoj topgani haqida yozadi. Uni bu shahar ustalari to‘qigan matolardagi chizgilar hayratga solgan. Go‘yo bulutlarni nozik, eshimi mustahkam iplarga bog‘lab qo‘ygandek edi, deb ta’kidlagan elchi.

Mana, oradan 2200 yil o‘tyaptiki, o‘sha an’ana, abrbandlik, ya’ni to‘qimachilik hunarmandligi avloddan avlodga o‘tib kelyapti.
–Aprel oyida Marg‘ilon shahrida, may oyida Termizda, iyun oyida Shahrisabz shaharlari hududlaridagi xotin-qizlarni to‘plab treninglar o‘tkazdik, – deydi respublika “Hunarmand” uyushmasi raisi Rasuljon Mirzaahmedov. – Bunda 120 dan ortiq ayol qatnashgan. Shulardan 11 nafarini tanlab olib, ularning birinchi kolleksiyalarini yaratish bo‘yicha Toshkent viloyatida mentalli kursda o‘qitdik.

“Atlas bayrami” – an’anaviy o‘zbek to‘qimachilik sohasidagi nomoddiy madaniy merosni asrab-avaylash va targ‘ib qilish, shuningdek, pilla, paxta yetishtirishdan tortib, to‘qimachilik sanoatigacha bo‘lgan davrda an’anaviy hunarmandchilikning sifati va dizaynini yaxshilash, yangicha ipak matolar, gilamlar, kashtachilik, kiyim-kechak, moda dizayni va boshqalarni yaratishdir.
Festival yosh avlod o‘rtasida o‘zbek to‘qimachilik an’analariga qiziqishni rivojlantiradi, dunyoning turli burchaklaridan sayyohlarni jalb etadi va o‘zbek to‘qimachilik sanoatining xalqaro maydonda e’tirofini oshirishga xizmat qiladi.

–Festivaldan maqsadimiz yosh dizaynerlarni aniqlash, ularga yordam berish va birinchi kolleksiyasini festivalda ko‘rsatish. 30 dan ortiq xorijiy davlatdan 60 ga yaqin va yurtimizdan 100 ga yaqin soha vakillari, hunarmandlar qatnashyapti. Tashrif buyurayotgan hunarmandlarning eng sara asarlari tanlovi o‘tkaziladi va nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar taqdirlanadi, – deydi Rasuljon Mirzaahmedov.
Shu maqsadda Marg‘ilonga yig‘ilgan to‘qimachilik mutaxassislari uchun o‘quv-seminarlar, treninglar tashkil etilmoqda. Ularda sohaning tajribali ustalari, olimlar an’anaviy san’at yo‘nalishlaridagi o‘zgarish va o‘ziga xoslikni tahlil qilib o‘zaro tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘ydilar.

–Biz tuya junidan matolar to‘qiymiz. To‘rt kundan buyon matochilikdagi yangiliklar bilan tanishdik. Endi to‘qimachilikda tadbirkorlik masalalarini o‘rgatishyapti, – deydi turkmanistonlik hunarmand Marjon Gorliyeva. – Bu yerda olgan bilim va ko‘nikmalarimni Turkmanistonga borib hamkasblarim bilan o‘rtoqlashaman. Mezbon – O‘zbekistonga katta rahmat.
– Bu yerda ko‘plab hunarmandlar bilan tanishdim. To‘qimachilik Qirg‘izistonda ham rivoj topgan. Ammo mazkur festival doirasida sohadagi so‘nggi yillarda paydo bo‘lgan yo‘nalishlar haqida ma’lumot berishdi, – deydi qirg‘izistonlik hunarmand Asil Indiyeva. – Ochig‘i, biz hunarmandlar o‘z mahsulotimizni qay tarzda bozorga olib kirishni, uning reklamasini yetarli darajada bilmas edik. Tashkilotchilar bizga bu sohada ham yordam berdi.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, “Atlas bayrami” VI xalqaro an’anaviy to‘qimachilik festivali YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tashabbusi hamda Farg‘ona viloyati hokimligining qo‘llab- quvvatlashi bilan Marg‘ilon shahar hokimligi, “Hunarmand” uyushmasi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi, YUNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy komissiyasi, Marg‘ilon shahridagi “Hunarmandchilikni rivojlantirish markazi” va boshqa ko‘plab xalqaro va milliy hamkorlar birligida o‘tkazilmoqda.
Bu yil birinchi marta festivalda hunarmandchilikda ekologik toza materiallar va texnologiyalardan foydalanishni o‘z ichiga olgan yangi barqarorlik tashabbusi ham taqdim etiladi. Bu madaniy merosni saqlash va mahalliy hamjamiyatlarni qo‘llab-quvvatlashda ekologik mas’uliyat muhimligini ko‘rsatadi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/PSSn26TYS-A" title="Hunarmandlar Margʻilonga “Atlas bayrami”ga yigʻilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video), O‘zA muxbirlari