Milliy hunarmandchilik turlari, xalq badiiy va amaliy san’ati ajdodlarimizdan meros milliy qadriyatlarimizdir. Ularni bugungi zamon bilan hamohang ravishda rivojlantirish, hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, aholini hunarmandchilikka yanada keng jalb etish muhim ahamiyatga ega.
Ta’kidlash joizki, bu boradagi keng ko‘lamli ishlar natijasida usta-shogird an’analari rivojlanib, mustaqil faoliyat yuritmoqchi bo‘lgan hunarmandlarni moliyaviy va tashkiliy qo‘llab-quvvatlash tizimi yaratildi. “Hunarmand” uyushmasi a’zolari mahsulot ishlab chiqarish va sotishda qat’iy belgilangan soliqdan ozod etildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi va Fan, ta’lim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasi hamkorligida o‘tkazilgan “Hunarmandchilikni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi rejalar” mavzusidagi davra suhbatida sohadagi ishlar keng muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, hunarmandchilik dasturlarini amalga oshirish, usta-shogird an’analarini rivojlantirish maqsadida joylarda 77 ta hunarmandchilik markazi, 41 ta uy muzeyi va 4,6 mingdan ortiq ustaxonalar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Natijada o‘tgan yillar davomida hunarmandlar soni 9 baravar, shogirdlar soni 12 baravarga ko‘payib, sohada 340 mingdan ortiq aholi bandligi ta’minlangan.
Tadbir ishtirokchilari sohadagi ijobiy o‘zgarishlarni e’tirof etish bilan birga, joylarda ayrim masalalar ham borligini aytib o‘tdi. Masalan, Xorazm viloyatida joylashgan “Yangiariq kulolchilik markazi” va boshqa hunarmandchilik ob’ektlari faoliyati o‘rganilganida, xomashyo yetishmasligi, mahsulotlar uchun ichki va tashqi bozorda marketing, logistika va savdo kanallari yetarli emasligi, raqobatbardosh savdo platformalari, onlayn do‘konlar va ko‘rgazmalarda ishtirok etish imkoniyatlari kamligi va infratuzilma bilan bog‘liq ayrim muammolar borligi aniqlangan.
Xalq vakillari hunarmandlarni qo‘llash maqsadida ta’mirtalab holatga kelib qolgan tarixiy ob’ektlar binolarini ta’mirlab, ularni hunarmandlar markazlariga aylantirish lozimligini bildirdi. Shuningdek, hunarmandlarga imtiyozli shartlarda kredit berish orqali yangi asbob-uskunalar, xomashyo va ishlab chiqarish jihozlarini xarid qilish hamda yangi ishlab chiqarish sexlari, ustaxonalar tashkil etish bo‘yicha bir qator takliflar berildi. Ushbu yo‘nalishdagi amaliy ishlar qadimiy va milliy hunarmandchilik turlarini saqlash va rivojlantirish, yosh avlodga yetkazish, qolaversa, aholi bandligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.
O‘z navbatida, “Hunarmand” uyushmasi mutasaddilarining takliflari, ularni qiynayotgan masalalar ham tinglandi.
Muhtarama Komilova, O‘zA