Milliy hunarmandchiligimizning qator turlari asrlar, yillar davomida avloddan avlodga o‘tib, sayqal topib kelmoqda. Mustaqillik yillarida milliy hunarmandchiligimizni yanada rivojlantirish, hunarmandlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ular uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.
Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 12 iyunda qabul qilingan “Aholini hunarmandchilikka jalb qilish va hunarmandchilik faoliyatini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmoni alohida ahamiyatga ega hujjat bo‘ldi.
Mazkur farmondan ko‘zlangan maqsad hunarmandlarni soliqqa tortish tizimini takomillashtirish, ularni zarur xomashyo va moliyaviy resurslar bilan uzluksiz ta’minlash, hunarmandchilik mahsulotlarini realizatsiya qilish uchun infratuzilma yaratish va bozorlarni kengaytirish hamda aholini hunarmandchilikka keng jalb etishdan iborat.

Shu maqsadda farmonda bir qator vazifalar belgilab berilgan. Jumladan, hududlarda hunarmandchilik faoliyatining har bir yo‘nalishini alohida yondashuvlar asosida rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish, ayniqsa, hunarmandchilikning yo‘qolib ketayotgan turlarini saqlab qolish va kelgusi avlodlarga yetkazish ko‘zda tutilgan. Bu boradagi ishlar «Hunarmand» uyushmasining ustuvor vazifasi sifatida belgilab berildi.
Shuningdek, kalendar yil davomida hunarmandchilik mahsulotlarini (ishlar, xizmatlar) realizatsiya qilishdan tushgan tushumning 100 million so‘mdan oshgan, biroq 1 milliard so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdori bo‘yicha aylanmadan olinadigan soliq stavkasini 50 foizga kamaytirish belgilab berildi. Hunarmandlarning tovar belgilarini milliy ro‘yxatdan o‘tkazish bepul amalga oshirilishi nazarda tutilgan.

Ta’kidlash lozimki, hunarmandchilik har qanday inson shug‘ullanishi va daromad topishi mumkin bo‘lgan sohadir. Ayniqsa, uyda o‘tirgan xotin-qizlar, ehtiyojmand, nogironligi bor bo‘lgan fuqarolar ham mustaqil ravishda hunarmandchilik turlari bilan mashg‘ul bo‘lib, qo‘l mehnati evaziga halol daromad topishi, oilasiga ko‘mak berishi mumkin. Yurtimizda bunday hunarmand oilalar va uyda ishlayotgan nogironligi bo‘lgan shaxslar ko‘pchilikni tashkil etadi.
E’tiborlisi, mazkur farmonda kasanachilik asosida uy sharoitida ishlayotgan nogironligi bo‘lgan shaxslarning ish joyini moslashtirish uchun har bir moslashtirilayotgan ish joyi bo‘yicha subsidiya ajratish tartibi hunarmandchilik bilan shug‘ullanayotgan nogironligi bo‘lgan shaxslarga nisbatan ham tatbiq etilishi belgilab berildi.
Bundan tashqari, turli hunarmandchilik yo‘nalishlari bo‘yicha ko‘zgazmalar va festivallarni tashkil etish masalalari ko‘zda tutilgan.
Bir so‘z bilan aytganda, ushbu farmon yurtimizda hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va soha vakillarini qo‘llab-quvvatlashda muhim o‘rin tutadi. Ayniqsa, hunarmandchilikning yo‘qolib ketayotgan turlarini saqlab qolish va kelgusi avlodlarga yetkazishda hujjatda ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarning ahamiyati kattadir.
Muhtarama Komilova, O‘zA