Navro‘z bayrami munosabati bilan Andijon shahridagi "Navruz mall" savdo ko‘ngilochar majmuasida hunarmandchilik mahsulotlari yarmarkasi tashkil etildi.
“Hunarmand” uyushmasi Andijon viloyati boshqarmasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan yarmarkada kulolchilik, o‘ymakorlik, pichoqchilik, do‘ppido‘zlik, milliy liboslar, miniatyura va boshqa turdagi hunarmandchilik buyumlari tayyorlovchi usta hunarmandlar o‘z mahsulotlarini namoyish etdi.
Mamlakatimizda keyingi yillarda hunarmandlar, ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, davlatimiz tomonidan hunarmandlarga imtiyozli kreditlar ajratilmoqda, samarali ish olib borishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berilmoqda. Natijada kulolchilik, o‘ymakorlik, temirchilik, pichoqchilik, do‘ppido‘zlik, kashtachilik, milliy matolar, qo‘g‘irchoq, turli suvinerlar, miniatyura san’ati va boshqa hunarmandlik mahsulotlari tayyorlash bilan shug‘ullanayotgan, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida faoliyat yuritayotgan hunarmandlar safi ortib bormoqda, yuzlab yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda.
–Viloyatda hunarmandchilikni rivojlantirish dasturi doirasida subsidiyalar ajratish va “Usta-shogird” maktablarini yaratish orqali o‘tgan 2023-yilda 5 ming 373 ta yangi ish o‘rni yaratildi, – deydi "Hunarmand" uyushmasi Andijon viloyati boshqarmasi boshlig‘i O‘tkirbek Arabboyev. – Mustaqil ish boshlaganlarning 1 ming 423 nafari usta hunarmand, 3 ming 750 nafari shogird maqomida ish olib bormoqda.
Joriy yilda ham viloyatda hunarmandchilikni rivojlantirish bo‘yicha qator rejalar belgilab olingan. Xususan, banklar tomonidan 35 milliard 145 million so‘m kreditlar, shuningdek, 4 milliard 218 million so‘m subsidiya mablag‘i ajratilishi hisobiga mazkur yo‘nalishda 4 ming 888 ta yangi ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, Andijon shahri, Shahrixon tumanlarida hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazma- savdo yarmarkalari, respublika festivali o‘tkazilishi belgilangan.
[gallery-16574]
Yarmarkada namoyish etilgan hunarmandchilik mahsulotlari andijonliklarga, viloyatga tashrif buyurgan mehmonlar va sayyohlarga chegirmalar asosida sotildi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari