Farg‘ona vodiysining tabiatan qulay landshafti, suv manbalariga yaqin joylari va karvon yo‘llari bo‘ylab dastlab hunarmandchilik mahallalari, keyinchalik shaharlar paydo bo‘ldi.
Marg‘ilon shahri azal-azaldan ipakchilar, hunarmandlar yurti deb ta’riflanadi. Shahar mamlakatimizning qadimgi tarixi, xalqimizning o‘ziga xos va takrorlanmas madaniyati, urf-odatlari va an’analarini o‘zida aks ettiruvchi maskandir. Bu yerda qadimiy hunarmandchilik maktablari, ayniqsa, ipakchilik maktabi saqlanib kelmoqda. bugungi kunda Marg‘ilon shahrida mingdan ortiq xonadon hunarmandchilik bilan shug‘ullanadi.
Shu yil faoliyati yo‘lga qo‘yilgan Hunarmandchilik markazi ham ushbu sohani yanada rivojlantirish, qadimiy urf-odat va an’analarimizni targ‘ib qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu yerda 600 nafar usta faoliyat boshlab, 200 dan ortiq turdagi atlas va adras to‘qish, gilamchilik, maishiy xizmat, tikuvchilik, hunarmandchilik mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. 2 ming nafarga yaqin xotin-qiz, yoshlar ishga jalb etildi.
– Markazda baxmal to‘qish bilan shug‘ullanaman, – deydi Muazzam Shoaliyeva. – Oilaviy sharoitim og‘ir. Turmushimdan ajrashganman. Ikki nafar farzandim bor. Bu yerda ishlab, ro‘zg‘orimni tebratyapman. Davlatimiz rahbari tomonidan “Ayollar daftari” joriy etilishi katta imkoniyat yaratdi. Ishsiz edim, ayniqsa, pandemiya davrida juda qiyin ahvolda qoldik. Ushbu markazga ishga taklif qilishdi. Juda xursandman, ham ishli, ham hunarli bo‘ldim.
Markazning quyi qavatida atlas, adras, shoyi, baxmal, beqasam matolar to‘qiladi. Birinchi qavatdan tayyor mahsulotlar ko‘rgazmasi, podium, chevarxona o‘rin olgan. Bu yerdagi do‘konda matoga gul chizish, bog‘lash, davra, qad tayyorlash jarayonlari ko‘rgazmali tarzda namoyish etiladi. Binoning yuqori qavatida gilam sexi joylashgan. Markazda barcha mahsulotlar to‘liq qo‘l mehnati yordamida 100 foiz toza ipakdan to‘qiladi.
Hunarmandlar bozorida 45 nafar hunarmand faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 300 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. 35 milliard so‘m mablag‘ sarflangan markazda 14 ta savdo do‘koni mavjud.
Gilam sexida 250 dan ziyod xotin-qizlar mehnat qilmoqda. Mutasaddilarning qayd etishicha, eng tez bitadigan mahsulot ikki oyda tayyor bo‘ladi. Lekin 2-3 yilgacha ham bitta buyurtmani bitirish mumkin. Bunda, albatta, bandlik ham ta’minlanadi. Gilamlar qo‘l mehnatida tayyorlanishi sababli qimmat narxlarda sotiladi.
Xorijda qo‘l mehnatida tayyorlangan mahsulot juda qadrlanadi va qimmat naxlarda baholanadi. Hunarmandlar markazida ham mahsulotlarning sifati yuqori. Asl ipakka tabiiy bo‘yoqlardan gul chizib, mato to‘qiladi. Shu bois bu mahsulotlarga xaridor tayyor. Gilamlar asosan Turkiyaga, atlas, adras matolar AQSH, Italiya, Fransiya, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston kabi mamlakatlarga eksport qilinadi.
Marg‘ilon - Farg‘ona vodiysining turistik manzillaridan biri. Hunarmandlar markazi ushbu shaharning sayyohlik salohiyatini oshirishga xizmat qiladi. Osori-atiqalar bilan tanishgan sayyohlar bu yerga kelib atlas, adras to‘qish jarayonini bevosita kuzatish imkoniga ega bo‘ladi, ham o‘zi xohlagan mahsulotni xarid qiladi, shu yerdagi chevarxonada o‘z didiga mos libos tiktirib, kiyib ketaveradi.
[gallery-376]
Nurillo NASRIEV, O‘zA