French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hunarli, kasbu korli kishi hech qachon xor bo‘lmaydi
11:10 / 2023-02-15

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Surxondaryo viloyati filiali viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi hamkorligida Angor tumanidagi “Ishga marhamat” monomarkazi va Termiz shahridagi Surxondaryo qurilish sohasi malakali mutaxassislarini tayyorlash markaziga press-tur uyushtirdi.

Mamlakatimizda keyingi yillarda xafvsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimi yaratilmoqda. Shunga muvofiq ishsiz fuqarolarga kasb-hunar o‘rgatilib, doimiy daromad keltiradigan mehnatga jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xorijga chiqib, ishlab kelish niyatini bildirayotganlar esa o‘zlari tanlagan kasb bo‘yicha maxsus kurslarda o‘qitilib, xorijiy tillarni o‘rgangach Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ko‘magi bilan chet ellarga qonuniy ishga joylashtirilayotir.  

Ayni paytda xorijda qonuniy mehnat qilish istagini bildirayotgan vaqtincha ishsiz fuqarolar Termiz shahri, Angor va Denov tumanlaridagi o‘quv kurslarida o‘zlari tanlagan kasb hamda ishlash niyatida bo‘lgan chet tilini o‘rganishi uchun barcha sharoit yaratilgan.  

Press-tur doirasida jurnalist va blogerlar vaqtincha ishsiz kishilarga Angor tumani va Termiz shahrida kasb-hunar o‘rgatayotgan markazlar faoliyati bilan yaqindan tanishdi.  

–Markazda 30 ta yunalishda kasb-hunar o‘rgatish imkoniyati mavjud, – deydi Angor tumanidagi “Ishga marhamat” monomarkazi direktori J.O‘razov. – Bu yerga murojaat etgan fuqarolarni monomarkazning axborot almashinuv xodimlari ro‘yxatga olib, ular haqidagi ma’lumotlarni elektron bazaga kiritadi. O‘tgan yil boshidan shu kungacha viloyatning turli hududlaridan 2 ming 10 kishi murojaat etdi. 1 ming 506 nafar tinglovchi o‘zlari qiziqqan sohalarda kasb-xunar egallab, erkaklar va ayollar sartaroshi, tikuvchi, kosmetolog, oshpaz, payvandlash ishlari ustasi, avtoelektrik, avtomobillarga servis xizmati kursatish, g‘isht teruvchi, Web dasturchi kabi 26 yo‘nalish bo‘yicha sertifikatga ega bo‘ldi. Shu kunlarda 369 nafar tinglovchi o‘qishni davom ettirmoqda.  

Monomarkazda kasb-hunar o‘rganish uchun barcha qulaylik yaratilgan. Zamonaviy uskuna va dastgohlar bilan jihozlangan o‘quv xonalarida darslar amaliy mashg‘ulotlar bilan olib boriladi. Jurnalist va blogerlarda markazning tikuvchilik-bichuvchilik, oshpazlik, kosmetologiya, sartaroshlik, g‘isht teruvchi, elektrik, suvoqchi, avtomobillarga servis xizmati ko‘rsatish, yapon tilini o‘rgatish singari kurslari, ayniqsa, katta qiziqish o‘yg‘otdi. Kasb va xorijiy tilni o‘rganayotgan fuqarolar bilan suhbatlashib ularning kelgusi rejalari bilan tanishdi.  

–Vaqtincha ishsizman, – deydi Angor tumanidagi Yangiobod mahallasida yashaydigan Bozor O‘raqov. – Yaponiyaliklarning qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish texnologiyasi va xalqining madaniyatiga juda qiziqaman. Shu maqsadda agar kunchiqar mamlakatda ish bo‘lsa, qonuniy yo‘l bilan borib, mehnat qilish orzuim edi. 54 yoshimda shu maqsadimga erishyapman. Bu yil Yaponiyada ishlash uchun viloyatimizdan ishsiz kishilar taklif etilgan ekan. Buni eshitib Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi viloyat filialiga uchrashgan edim, til o‘rganishni tavsiya qilishdi. Mana uch oydan buyon manomarkazning yapon tili kursida o‘qiyapman. O‘zlashtirishim zo‘r. Yana bir oy yapon tilini o‘rgangach, ikki oy qishloq xo‘jaligi sohasi bo‘yicha kasb o‘rganaman. Keyin sinovdan o‘tgach Yaponiyaga ketaman. Borishdan maqsadim ularning dehqonchilik madaniyati chuqur o‘rganib kelgusida o‘zimizda joriy etmoqchiman. Shuningdek, o‘zimizda to‘plangan tajribani kunchiqar mamlakat dehqonlari bilan baham ko‘rmoqchiman.  

Yapon tili o‘qituvchisi S. Yakubovning aytishicha, hozir o‘quv kursida 34 nafar kishi kunchiqar mamlakat qishloq xo‘jaligida qonuniy mehnat qilish istagida katta qiziqish bilan yapon tilini o‘rganmoqda.  

Termiz shahridagi qurilish sohasi malakali mutaxassislarini tayyorlash markazi Surxondaryo arxitektura va qurilish texnikumi negizida tashkil etilgan. Bu yerda vaqtincha ishsiz kishilarga  g‘isht teruvchi, buyoqchi-bezakchi, suvoqchi, duradgor, payvandchi, elektromontajchi, kran mashinisti kabi 17 ta kasb bo‘yicha hunar o‘rgatilmoqda. Texnikum ustaxonalarida fuqarolarning o‘zlari tanlagan kasbini mukammal egallashi uchun yetarli sharoit bor. O‘qishga kelganlar bepul keng, shinam yotoqxona va issiq ovqat bilan ta’minlanadi. Sport zal, ma’naviyat xonasi mavjud. O‘tgan ikki yilda markazni 835 kishi tugatib, tegishli sertifikat oldi. Ularning 324 nafari mahalliy korxonalarga ishga joylashdi. 306 nafari xorijda mehnat qilmoqda.    

Press-tur ishtirokchilariga markaz faoliyati katta taassurot qoldirdi.  

 

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,  

O‘zA muxbiri