Shahrixon tumani yildan-yilga yuksalib borayotgan Andijon viloyatining eng obod go‘shalaridan biri hisoblanadi. Bu hudud azal-azaldan hunarmandlar, tadbirkorlar yurti, deb e’tirof etiladi. Ayniqsa, tumanda hunarmandchilikning pichoqchilik, do‘ppido‘zlik, kashtachilik, milliy to‘n tikish kabi bir qator yo‘nalishlarida o‘ziga xos tajriba maktabi yaratilgan. Hunari ortidan daromad topib, o‘zi, qolaversa, yurtni boy qilayotgan hunarmandlar juda ko‘p.
Mamlakatimizda keyingi yillarda hunarmandlar, ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Ularga davlatimiz tomonidan imtiyozli kreditlar ajratilmoqda, samarali ish olib borishlari uchun zarur sharoitlar yaratilayotir. Ayni kunda tumanda 500 nafarga yaqin tadbirkor va hunarmand ayollar davlat ro‘yxatidan o‘tgan holda faoliyat olib bormoqda. Ularning aksariyatini hunarmand ayollar tashkil etadi. Hunarmandchilikni rivojlantirish orqali birgina 2022 yilning o‘zida xotin-qizlar uchun 785 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Tumandagi Andijonlik mahallasida yashovchi do‘ppido‘z, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibasi Yorqinoy Tuychiyevani tumanda tanimagan odam yo‘q. Chunki u qo‘li gul do‘ppido‘z, o‘zi tayyorlagan rang-barang do‘ppilar bilan Shahrixon dovrug‘ini yurtga yoymoqda. Eng asosiysi, yuzlab yoshlarga hunar o‘rgatib, hunarmandlar, do‘ppido‘zlar safini kengaytirishga salmoqli hissa qo‘shib kelmoqda.
– Do‘ppido‘zlik hunarini rahmatli buvim va onamdan o‘rganganman, – deydi Yorqinoy To‘ychiyeva. – Umuman, do‘ppido‘zlar sulolasining to‘rtinchi avlodiman. Oilada besh qiz bo‘lganmiz, hammamiz ushbu hunarni o‘rganib, shu hunar ortida rizqimiz baland bo‘ldi, el-yurt o‘rtasida hurmat-e’tibor topdik. Avval, buvim Turg‘unoy ona, keyin onam Rohatxon ayadan do‘ppido‘zlikning nozik jihatlari, sir-asrorlarini o‘rganganmiz. Turmushga chiqib ham hunarimni tashlamadim. Qaynonam Yoqutxon hoji aya hamisha meni qo‘llab-quvvatladi, ko‘mak berdi. Qolaversa, ikki qizim ham usta do‘ppido‘z bo‘lib yetishgan. Ular ham ushbu hunarni davom ettirib kelmoqda. kelinlarim Faridaxon, Ziyodaxon, Minavvarxon ham do‘ppido‘zlikni puxta o‘rganib olgan. Bundan tashqari, hozirgacha mendan hunar o‘rgangan 300 nafardan ortiq shogirdlarim mustaqil ravishda do‘ppido‘zlik bilan shug‘ullanishadi.
– Insonning libosi uning ichki dunyosini, odob-axloqini ko‘rsatadi, – deydi Shahrixon tumani hokimining o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Ziyodaxon Bozorboyeva. – Milliy liboslarimiz, ayniqsa, o‘zbekning do‘ppisi milliyligimizni ko‘rsatuvchi vositalardan biridir. Shu ma’noda milliy bosh kiyimimizni e’zozlab, boshimizdan qo‘ymay kiysak, farzandlarimiz ongiga liboslar bilan bog‘liq milliy urf-odat va an’analarimizni singdirib borsak, milliy ma’naviyat va o‘zligimizning tobora chuqur ildiz otishiga hissa qo‘shgan bo‘lamiz.
Bugun Yorqinoy opa shogirdlari bilan “Kuyov do‘ppi”, “Shahrixon do‘ppisi”, “Sirg‘a gulli”, “Bodom gulli”, “Yoppa gulli” do‘ppilarni tayyorlab kelmoqda. Do‘ppido‘z xonadonida tayyorlanayotgan sifatli, bejirim do‘ppilar nafaqat Shahrixon, Andijon bozorlarida, balki qo‘shni viloyatlar, qo‘shni Qirg‘iziston bozorlariga ham yetkazib berilmoqda.
– Do‘ppido‘zlik o‘zbek hunarmandchiligining o‘lmas san’ati, do‘ppi esa milliy libos, qadriyatdir, – deydi Yorqinoy To‘ychiyeva. – Do‘ppi nafaqat milliy kiyim, balki boshqa turli vazifalarni bajarishi bilan ham ahamiyatlidir. Do‘ppi boshni issiq-sovuqdan, shamollashdan, changlardan saqlaydi. Qolaversa, qadimdan do‘ppi xalqimizda boshning davlati hisoblangan. Shu bois, xalqimiz uni azaldan avaylab-asragan, oyoqosti bo‘lishiga yo‘l qo‘ymagan.
Do‘ppiga tikilgan gullar ham o‘ziga xos ma’nolarni anglatadi. Do‘ppining tepa qismidagi to‘rtta gul erkaklar salomatligini to‘rt tomondan himoyalab turishini, chetlaridagi o‘n olti gul esa bosh kiyim sohibining serfarzand va oilasining ahil bo‘lishi tilagini anglatadi. Xotin-qizlar do‘ppilaridagi pat bog‘lami, qushlar tasviri oqilalik ramzi sanaladi. "Bodom" bezagi esa hayot va unumdorlik timsoli, "Ilon izi" naqshi esa turli balolardan asrovchi tumor sifatida e’zozlangan.
Yoqutxon opaning xonadoni shogirdlari, mahalladagi do‘ppido‘zlik hunarini o‘rganish istagidagi qiz-ayollar bilan hamisha gavjum. Ayni kunda 10 nafardan ortiq shogirdlarga hunar sirlarini o‘rgatmoqda. Mohir shogirdlaridan biri Munavvarxon Halimova hamisha ustozining yonida, uning yaqin ko‘makchisiga aylangan.
– Bir haftada 200 dona do‘ppi tayyorlanadi, – deydi Minavvarxon. – Hammasi sotilib ketadi, ayniqsa, to‘y mavsumlarida buyurtmalarni tayyorlab berish uchun qattiq ishlashimizga to‘g‘ri keladi. Opadan men kabi hunar o‘rgangan yuzlab ayollar bugun o‘z xonadonida, shogirdlari bilan do‘ppi tikish bilan shug‘ullanmoqda. Umuman, ushbu hunar ortidan juda ko‘p oilaning tirikchiligi o‘tyapti.
Usta do‘ppido‘z Yorqinoy opa o‘tgan yili yana bir xayrli ishga qo‘l urdi. U Andijonlik mahallasida joylashgan tuman xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 3- umumta’lim maktabi o‘quvchi qizlariga do‘ppido‘zlik hunarini o‘rgatish tashabbusi bilan chiqdi. O‘quvchi qizlar darsdan bo‘sh vaqtlarida opaning xonadoniga kelib, do‘ppido‘zlik hunarini o‘rganmoqda.
– Hukumatimizga, Prezidentimizga rahmat, – deydi Yorqinoy To‘ychiyeva. – Yurtimizda men kabi minglab hunarmandarning samarali ish olib borishi uchun zarur sharoitlar yaratib berilmoqda, xalqimizning do‘ppido‘zlik borasidagi qadim an’analari davom ettirilmoqda. Qolaversa, kamtarona mehnatlarimiz e’tirof etilmoqda.
[gallery-10858]
Do‘ppido‘z Yorqinoy opa turli yillarda juda ko‘p tadbirlar, tanlovlarda faol ishtirok etdi. “Tashabbus” tanlovining tuman bosqichida g‘olib bo‘ldi, viloyat bosqichida sovrindorlar qatoridan joy oldi. Respublika, viloyat miqyosida o‘tkazilgan “Do‘ppi kuni”, Milliy hunarmandchilikni, turizmni rivojlantirish yo‘nalishidagi tadbirlarda, Toshkentdagi Ekspomarkazda tashkil etilgan savdo-ko‘rgazmalarida ko‘p marotaba ishtirok etib, diplom, faxriy yorliq va tashakkurnomalar bilan taqdirlangan. Bundan tashqari, opaning samarali mehnatlari e’tirof etilib, 2021 yilda Prezidentimiz farmoni bilan “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan.
Bugun besh farzand, 16 nafar nabira, 4 nafar chevarasi hamda yuzlab shogirdlari kurshovida, e’zozida umrguzaronlik qilayotgan Yorqinoy opaning umr yo‘llari ko‘plar uchun ibrat maktabidir. U singari hunari, halol mehnati ortidan rizq topayotgan, yurt ravnaqiga munosib hissa qo‘shayotgan opa-singillarimiz hamisha omon bo‘lsin.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (foto),
O‘zA