Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hunarga qaytish – o‘zlikka qaytish
15:52 / 2025-10-24

Mulohaza

Bolaligimda qishlog‘imizning har ko‘chasida etikdo‘zlik ustaxonasi bo‘lardi. Oyoq kiyimimiz yirtilib ketsa, ota-onamiz “bor, tiktirib kel” deb qo‘limizga pul tutqazib yuborardi. Shunda ustaning qanday mahorat bilan o‘z ishini bajarishini tomosha qilardim. Qo‘lidagi bigiz bilan eski poyabzalni bir pasda yangiday qilib beradigan usta sehrgardek tuyulardi.

Qishloq xotin-qizlari esa gilam to‘qishardi. Piyoz po‘stlog‘i, anordan rang tayyorlab, gilamga naqsh tushirishardi. Bir-birlarinikiga hasharga borishardi. Mahallamiz ahli inoq yashardi.

Bugun esa ko‘p qadim hunarlar yo‘qolib boryapti. Zardo‘zlikni faqat to‘y libosida ko‘ramiz. Gilam to‘quvchi ayollar kamaydi, kulollarning mahsulotlarini esa  gohida bozorlarda esdalik buyumlari qatorida tomosha qilamiz. Nazarimda, hunarlar yo‘qolgani yo‘q, biz undan uzoqlashyapmiz.

Har bir hunar – xalqning hayot tarzi, madaniyati, qalbi va zehnining ifodasi.  

Hunarmandlar uyushmasi matbuot kotibi Nilufar Hotamova hunarmandlik haqida quyidagicha fikr bildirdi:

– So‘nggi yillarda hunarmandlik sohasi strategik yo‘nalish sifatida izchil rivojlantirilmoqda. Prezidentimizning bir qator farmon va qarorlari bilan hunarmandlar uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Bugungi kunda hunarmandlikning 43 ta yo‘nalishi bo‘yicha 25 ming nafar hunarmand faoliyat ko‘rsatmoqda. “Ustoz-shogird” an’anasi asosida hunar o‘rganayotgan shogirdlar soni esa 115 ming nafarni tashkil etmoqda.

Hunar insonda o‘z qadrini bilish tuyg‘usini shakllantiradi. Biz chekka hududlardagi ayollar va yoshlar uchun qisqa muddatli kurslar tashkil etdik. Hunar orqali insonlar o‘z hayotini o‘zgartirish mumkin.

Bugun har qaysi yoshning orzusi biron ofisda ishlash. Hunar bilan tirikchilik qilish esa ba’zan qadrsiz mehnatdek tuyuladi.  

Buxorolik mashhur zardo‘z usta Baxshullo Jumayevning fikricha, hunarni asrash – tarixni asrashdir.

Har bir usta bir maktabni, bir tarixni ko‘tarib yuradi. Hunarni faqat moddiy manfaat sifatida ko‘rish noto‘g‘ri. U insonni sabrga, mehnatga va ma’naviy yetuklikka o‘rgatadi.

Hozir yoshlar orasida qiziqish bor, lekin ularni to‘g‘ri yo‘naltirish kerak. Hunarni yo‘qotsak, o‘zligimizning bir bo‘lagini yo‘qotamiz.

Zardo‘z usta yoshlarga shunday murojaat qiladi:

– Qo‘lida hunari bo‘lgan yosh har qanday sharoitda hayotda yo‘l topadi. Hunar insonni boy qiladi, lekin birinchi navbatda u insonni insoniy jihatdan ulg‘aytiradi.

Farg‘ona,lik kulol usta Baxtiyor Nazirov esa hunarni qayta tiklash masalasini shunday izohlaydi:

– Kulolchilik bu faqat loy bilan ishlash emas, bu tuyg‘ularni shaklga solish. So‘nggi yillarda “usta-shogird” an’anasi susaydi, lekin biz buni qayta tiklash uchun harakatdamiz. Kollej va ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni kuchaytirmoqdamiz. Hunarni zamonaviy dunyo bilan uyg‘unlashtirish mumkin va kerak.

Texnologiyalar davri bo‘lsa ham, insonni kompyuter emas, qalb va madaniyat to‘kis qiladi. Hunar – millatning “muhri”. Agar biz hunarni saqlasak, tariximizning bir bo‘lagini saqlaymiz.

Hunarlar haqida muzeylarda ma’lumotlar bor, hujjatli filmlar suratga olinadi. Lekin bu kifoyami?

Aslida, hunarni hayotga qaytarishni festivallar, ko‘rgazmalar, amaliyot darslari, ijtimoiy tarmoqlardagi interaktiv loyihalar orqali yoshlarga tushunarli uslubda yetkazish lozim.

Zero, bugun yoshlar kontent istaydi. Va agar biz hunarlarni zamonaviy formatda taqdim etsak, u yana qadr topadi.

Hunarlarni saqlash, rivojlantirish bu iqtisodiy yoki estetik masala emas. Bu milliy ong, ma’naviy mustaqillik va madaniy uzluksizlik masalasi. Agar bugun harakat qilmasak, ertaga farzandlarimiz “qo‘lda to‘qilgan gilam”, “misgar usta”, “zardo‘zlik” degan so‘zlarni ensiklopediyadan qidiradi.

Nilufar Bozorova, O‘zA