Humoyun Sultonov Portugaliyada yana g‘olib bo‘lmoqchi
Portugaliyada erkaklar o‘rtasida tennis bo‘yicha M25 tasnifiga kiruvchi xalqaro turnirda mamlakatimizning birinchi raqamli tennischisi Humoyun Sultonov juftlik va yakkalik bahslarida ishtirok etmoqda.
Musobaqaning juftlik bahslarida Humoyun Sultonov germaniyalik sherigi Lukas Daliano bilan birgalikda litvalik Yuliy Augunas va portugaliyalik Joao Portugal tandemini 6:3, 6:4 hisobida taslim qildi. Shu tariqa chorak finalga yo‘l olgan Humoyun va Lukas endi yarim final yo‘llanmasi uchun mezbon tennischilar Tiago Boshmans hamda Daniel Marinkas juftligi bilan raqobatlashadi.
Shuningdek, H.Sultonov yakkalik bahslarining ilk davrasida italiyalik Fabrizio Andaloroga qarshi kortga tushadi. Shuni ta’kidlab o‘tishimiz lozimki, tennischimiz o‘tgan haftada aynan Portugaliyada o‘tkazilgan nufuzli turnirning yakkalik bahslarida bosh sovrinni qo‘lga kiritgan edi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA