Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Humoyun Mirzo – zako qalb sohibi
09:25 / 2023-02-10

Humoyun Mirzo ijodda va amalda iste’dodli bo‘lganligi ma’lum. Qarshi davlat universiteti «Filologiya» fakulteti dotsenti, filologiya fanlari nomzodi Saodat Mo‘minova bilan bo‘ladigan bugungi suhbatimiz Boburiy shahzoda Humoyun mirzo shaxsi bilan bog‘liqdir.

– Boburning qizi tarixchi Gulbadanbegim tomonidan yozib qoldirilgan «Humoyunnoma» asari yuksak did bilan qog‘ozga tushirilgan madaniy yodgorlik hisoblanadi. Avvalo, muallif haqida fikr bildirsangiz.

Saodat Mo‘minova: – Gulbadanbegim – Boburning uchinchi qizi. Onasi Dildorbegim temuriy Sulton Mahmud mirzoning qizi bo‘lgan. 1523 yil Afg‘onistonning Kobul viloyatida tug‘ilgan. Gulbadanbegim yoshlikdan juda idrokli, kitobsevar, odobli, aqlli qiz bo‘lib ulg‘aygan. Bobur vafot etganida, u sakkiz yoshda bo‘lgan. Yoshligidanoq Boburning katta xotini Mohimbegim tarbiyasiga berilib, Humoyun Mirzo bilan birga tarbiyalangan. U Movarounnahr, O‘rta Sharq, Kobul, Hindistonning o‘rta asr tarixining muayyan bir davridagi murakkab munosabatlarni nihoyatda chuqur fahmlay olgan va bu voqealarni ta’sirchan bayon qila olgan zukko tarixchi olima. «Humoyunnoma» asarini jiyani Akbarning iltimosiga ko‘ra yaratgan. Keyinchalik u Humoyunshoh saroyida nufuzli mansabdorlardan bo‘lgan Xizrxo‘jaxonga turmushga chiqqan. Ikki nafar o‘g‘il va bir qiz farzand ko‘rgan. 1529 yilga qadar Kobulda yashagan. 1603 yil 7 fevralda Agrada vafot etgan.

– «Humoyunnoma» asarining o‘ziga xosligi nimada?

– «Humoyunnoma» XV asr oxiri va XVI asr boshlarida Movarounnahr, Eron, Afg‘oniston va Hindiston diyorlarida yozilgan tarixiy manbalar orasida Bobur bilan bog‘liq voqealarni tasvirlashda alohida o‘rin egallaydi. Asarning qo‘lyozmasi Britaniya muzeyining qo‘lyozmalar fondida 166-raqam bilan saqlanadi. Bu nusxa 83 varaqdan iborat bo‘lib, XVII asrning birinchi yarmida ko‘chirilgan, deb taxmin qilinadi. Ingliz olimasi Anna Beverij xonimning fikricha, ana shu nusxa muallif tomonidan yozilgan nusxa bo‘lishi mumkin. Asar XVI asrda Hindistonda Boburning nabirasi, Akbarshoh davrida, ya’ni, 1556-1603 yillarda Boburning qizi Gulbadanbegim tomonidan yozilgan. Adibaning yozishicha, Akbarshoh Boburiylar tarixini abadiylashtirish maqsadida zamonasining barcha ko‘zga ko‘ringan olimlariga murojaat qilib, "Bobur podshoh va Humoyun podshoh davri haqida nimaiki bilsangiz, yozingiz", deb buyurgan ekan. «Humoyunnoma» asari ana shu buyruqqa asosan qog‘ozga tushirilgan. Gulbadanbegim «Humoyunnoma»da shunday yozadi: «Firdavsmakon va jannatoshiyon Hazrat haqidagi voqealardan nimaiki bilsangiz, yozingiz, degan hukm bo‘lgan. Firdavsmakon Hazrat foniy dunyodan abadiy dunyoga rixlat qilganlarida bu haqir sakkiz yoshda edi, shuning uchun yuz bergan voqealardan esimda oz qolgan, eshitgan va esda qolgan voqealar podshoh hukmiga binoan shu kitobda yozildi». 

Gulbadanbegim asarni, dastlab, «Ahvoli Humoyun podshoh» deb atagan, ammo keyinchalik bu asar «Humoyunnoma» nomi bilan mashhur bo‘lib ketgan. 1996 yili YUNESKOning maxsus qarori bilan fransuz olimi Bakke Gromon tomonidan asar fransuz tiliga tarjima qilingan va nashr etilgan. Shundan so‘ng mazkur asarni tarix fanlari doktori, professor Sabohat Azimjonova 1998 yili fors tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Asar Hindolning vafoti va Komronning ko‘r qilinishi haqidagi xabarlar bilan uzilib qolgan.

Muarrix, tarjimon Sabohat Azimjonova kitobga yozgan so‘zboshisida: «Uning so‘nggi sahifalari haligacha topilgan emas. Shu bois «Humoyunnoma»ning oxiri qaysi yillar voqeasini o‘z ichiga olgani haqida bizda aniq ma’lumot yo‘q. Bu haqda o‘sha davr tarixchilari ham biror fikr ayta olmaganlar», deb ta’kidlab o‘tadi.

– Zahiriddin Muhammad Boburdan keyin davlatni boshqargan Humoyun Mirzo qanday shaxs bo‘lgan?

– O‘zbek xalqini, umuman olganda, turkiylarning tarixini o‘zida aks ettirgan ko‘plab manbalar mavjud. Boburning «Boburnoma», Gulbadanbegimning «Humoyunnoma», Muhammad Haydar Mirzoning «Tarixi Rashidiy» kabi asarlari o‘zining real faktlarga boyligi, noyobligi, fikriy teranligi, badiiy barkamolligi, ravon tili va ifodasining soddaligi bilan alohida e’tiborga sazovor asarlardir.

Boburning sevimli farzandi Humoyun Nosiriddin Muhammad 1508 yilda Kobulda Boburiylar sulolasining ikkinchi vakili sifatida dunyoga keldi. Onasi Mohim begim buyuk Amir Temurning qarindoshlaridan bo‘lgan. Mohimbegimning otasi Husayn Boyqaroning devonboshilaridan biri edi. Humoyun Nosiriddin Muhammad 12 yoshida Badaxshon hokimi qilib tayinlangan. 18 yoshidan otasining Hindistonga qilgan yurishlarida faol ishtirok etgan. Mohir sarkarda bo‘lgan. Bobur vafotidan keyin (1530 yil) 23 yoshida Hindiston taxtiga o‘tirgan.

– Bobur hayotligidayoq o‘g‘li Humoyunni taxt vorisi deb e’lon qilgan edi. Farzandlari orasida Humoyunni o‘zgacha mehr bilan yaxshi ko‘rganligi «Boburnoma», «Humoyunnoma» sahifalaridan ma’lum.

– Albatta, buyuk insonlarning sevgisi ham, mehri ham buyuk bo‘ladi. Xususan, Boburning vatanga, farzandlariga bo‘lgan muhabbati ana shunday ulug‘ edi. Bobur ota sifatida farzandlariga cheksiz mehr ko‘rsatgan. Ayniqsa, Humoyunga va buni oshkora «Boburnoma»da quyidagicha ta’riflagan: «Va Muhammad Humoyun bir ili edikim, Badaxshonda diydorlardin ayru tushib erdi, so‘ngra bizni sog‘inib, Badaxshonni Mirzo Sulaymonkim, aning kuyovi erdi, topshirub, bir kunda Qobulga kelur. Va Mirzo Komron Qandahordin Qobulga kelgan ekandur. Iydgohga muloqot qilib, hayron bo‘lub, tavajjuh sababini so‘rabdur. Va Muhammad Humoyun bizni ishtiyoqimizni aytib Mirzo Hindolni Qobuldan Badaxshonga yuborib, bizni tarafga yura berur».

Buyuk inson umrining so‘nggi daqiqalarini ham buyuklik bilan yakunlaydi. Bobur vafotidan uch kun oldin barcha oila a’zolarini va katta amaldorlarini yig‘ib, Humoyunni podshoh deb e’lon qiladi.

Bobur o‘g‘li Humoyunga maxfiy vasiyatnoma yozib qoldirgan. Vasiyatnoma Hindistonning Bhopal davlat kutubxonasida saqlanadi. Jumladan, turli mazhablarni yomon ko‘rmaslik, sigir so‘ymaslik, har bir qavmning ibodatgohlarini xarob etmaslik, xalqni rozi qilish, shia-sunniy janjallariga yo‘l qo‘ymaslik kabilarni vasiyat qiladi. Ayniqsa, uning «Podshohlik ishlarini puxta qilish uchun hazrat Amir Temur Sohibqironning ishlarini ko‘z oldingizda tuting», degan so‘zlari nafaqat Humoyunga, balki bugungi kunda o‘z xalqiga qarata ham aytilgandek.

Humoyun poytaxtni Dehliga ko‘chirib, «Dini panoh» nomli saroy qurdiradi. Davlatni boshqarish tizimini ishlab chiqadi. Avvaliga Gujarotni zabt etib, ukasi Askariyni u yerga hokim qilib tayinlaydi. So‘ngra Chunorda bosh ko‘targan Sherxon Surni taslim qiladi. 1540 yil Sherxon Sur Humoyundan Dehli taxtini tortib oladi. O‘sha yili to‘ng‘ich o‘g‘li Akbarni Panjob viloyati hokimi qilib tayinlaydi.

Humoyun Movarounnahr va Xurosondan ko‘plab fozil, ulamo, shoir va olimlarni, musavvirlarni Hindistonga taklif qilgan. Boburiylar saroyida yashab ijod etgan ilm ahli Hindiston xalqlarining tili, adabiyoti, san’ati va madaniyatiga katta ta’sir ko‘rsatgan. Humoyun boy kutubxona tashkil etgan. Hindistonda Humoyun maqbarasi mavjud bo‘lib, bu maqbara boburiylar davri arxitekturasining ilk namunalaridan biridir. Humoyun maqbarasi boburiylarning eng yirik xilxonasi hisoblanadi. O‘nlab boburiy shahzoda va malikalar shu yerda dafn etilgan.

– Humoyun Mirzo iste’dodli shoir bo‘lganligi ma’lum. Uning ijodi haqida nimalar deya olasiz?

– Darhaqiqat, fanda irsiyat degan tushuncha bor. Tomirida Boburdek shoirning qoni jo‘sh urgan Humoyun o‘zbek, fors tillarida ijod qilgan. Uning quyidagi baytlari mashhur bo‘lgan:

G‘ariblig‘ g‘a’midin mehnatu malolim bor,

Bu g‘amdin o‘lgali yetdim, g‘arib holim bor.

Visoli davlatidin ayrilibon men mahzun,

Tirikmenu bu tiriklikdin nifiolim bor.

Humoyun she’rlaridan devon tartib berilgan va bu devon «Humoyun devoni» deb nomlangan. Hozirda shoir devonining 19 varaqdan iborat qo‘lyozmasi ma’lum bo‘lib, u Sulaymoniya kutubxonasida saqlanadi. Devon qo‘lyozmasiga Humoyunning fors tilidagi g‘azallari kiritilgan. Humoyunning ijodi o‘zining tadqiqotchilarini kutib turibdi.

Humoyun onasini juda e’zozlagan. Humoyunni Gulbadan bilan bog‘lab turgan rishta ham shu edi. «Otam va onam vafotlaridan keyin bu siniq ko‘ngilni ko‘tarish uchun shunday niyat qildilar va bu bechora haqirga shunday behad shafqat ko‘rsatdilarki, yetimligim va yolg‘izligimni aslo sezmadim», deya yozadi Gulbadanbegim.

Ko‘rib o‘tganimizdek, tarixiy manbalarning barchasida Humoyunmirzo oqibatli farzand, odil podshoh, mehribon aka, g‘amxo‘r ota, sevikli yor, go‘zal qalb sohibi sifatida to‘laqonli, yorqin bo‘yoqlarda tasvirlangan.

– Bilganlarimizning cheki bor, bilmaganlarimizning chegarasi yo‘qdir. Qimmatli ma’lumotlar uchun tashakkur!





Guljahon Mardonova,

O‘zA