Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
«Humo» milliy banklararo to‘lov tizimi»: millatga tegishlimi?
14:04 / 2025-12-09

yoxud xususiy tashkilot nomida “milliy”, “davlat”, “respublika” so‘zlaridan foydalanish mumkinmi?

So‘nggi yillarda O‘zbekiston iqtisodiyoti raqamli yo‘nalishda sezilarli qadamlar tashladi. Elektron to‘lov tizimlari bozorida esa mamlakatdagi eng yirik va zamonaviy banklararo to‘lov infratuzilmasi sanalgan «Humo» brendi xususiylashib, erkin harakat qila boshladi. Biroq, «Humo» banklararo milliy to‘lov tizimi» nomi ko‘pchilikni o‘yga soladi: bu tizim haqiqatan ham milliy, ya’ni davlatga tegishlimi yoki xususiy sub’ektlar ishtirokida ishlaydigan tijorat platformasimi? 

O‘zbekiston qonunchiligida tijorat tashkilotlarining nomlanishida «milliy», so‘zidan foydalanishga bevosita taqiq yo‘q. Biroq, «Yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida»gi qonunning 4-moddasi talablariga ko‘ra, yuridik shaxs nomi davlat bilan bog‘liqlik haqida chalg‘ituvchi taassurot bermasligi kerak. 

«Humo» to‘lov tizimi 2019 yilda Markaziy bank tashabbusi bilan ishga tushirilgan. Ya’ni u dastlab davlat loyihasi sifatida yaratilgan va milliy to‘lov infratuzilmasiga asos solgan. Biroq keyinchalik tizim xususiylashtirilib, bozor tamoyillariga asoslangan tizimga aylandi.

"Milliy" so‘ziga faqat tegishli davlat (ro‘yxatga oluvchi, tizimni muvofiqlashtiruvchi boshqaruv) organining roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi. Bunda tashkilotning davlat maqomiga ega ekanligi yoki davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi haqidagi illyuziyani yaratishi shart. Masalan, "O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” – bu institut tijoriy tashkilot bo‘lib, davlat muassasasi maqomiga ega ekani yoki davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi haqida taassurot uyg‘otadi.

Nomlardagi “milliy taom”, “milliy qo‘riqxona” kabi iboralarni noto‘g‘ri deyishimiz nojoiz. Chunki ular, avvalambor, milliy madaniyat va geografik mansublikni ifoda etmoqda.

Tilshunoslik nuqtai nazaridan «milliy» so‘zi o‘zida ikki: birinchisi – davlatga tegishlilik, ikkinchisi - umumxalqqa tegishlilik yoki butun mamlakat miqyosida amal qilish ma’nosini aks ettiradi. “Humo” nomida ikkinchi ma’no zalvori “umummilliy xizmat ko‘rsatish ma’nosida ishlatilgan”, degan vaj va taxminni bosib ketadi va ommaviy idrokda u asosan davlatga mansublikni anglatadi.

«Milliy» so‘zi marketing nuqtai nazaridan fuqarolarda ishonch uyg‘otadi - bu tizim davlat nazoratida degan fikrni shakllantiradi. Ammo amalda tizimdagi javobgarlik davlat emas, operatorlar zimmasiga tushadi. Shu bois, bu atamadan foydalanishda jamiyat ishonchi va davlat chegarasi aniq belgilanishi zarur.

“Milliy” so‘zi keng tushuncha bo‘lib, davlat boshqaruvida bo‘lmasa ham muayyan millat yoki davlat, jamiyat, madaniyat va boshqa tuzilmalarga tegishlikni anglatgani uchun bu atamani tijorat tashkilotlari ham o‘z nomlarida foydalanishi mumkin, lekin ular millat, yurt, madaniyat yoki milliy mahsulot bilan bog‘liq bo‘lishi kerak. Deylik, «milliy hunarmandchilik markazi», «milliy taomlar» kafesi.

Binobarin, «Humo» milliy to‘lov tizimi» nomidagi «milliy» so‘zi iste’molchilarda tashkilotning davlatga tegishlik taassurotini uyg‘otarkan, uning nomini betaraf atamalar bilan atash maqbuldir.

Shu o‘rinda nomlardagi “davlat”, “respublika” so‘zlari qo‘llanishiga ham to‘xtalib o‘tsak. 

Huquq nuqtai nazaridan, O‘zbekistonda «davlat», “respublika” so‘zlari faqat davlat muassasalari va davlatga tegishli tashkilotlar nomida qo‘llaniladi va rasman davlat organlari, agentliklar, muassasalar yoki davlat ulushi mavjud va boshqaruvidagi tashkilotlar nomi uchun qonuniy hisoblanadi.

Lingvistik nuqtai nazardan davlat, respublika so‘zlari o‘rtasida deyarli farq yo‘q, chunki ular umumqabul qilingan atamalardir. Masalan, nomiga “davlat unitar korxonasi”, “davlat universiteti” kabi atamalar qo‘shilgan korxona/tashkilotlar davlatning muayyan vazifasini bajarishini anglatadi.

Respublika so‘ziga kelsak, uning ma’nosi birmuncha kengroq. O‘zbekistonda “respublika” atamasi davlatga tegishli yoki davlat darajasidagi ahamiyatga ega, faoliyati butun respublikani qamrab olgan korxona/tashkilot nomini ifoda etish uchun qo‘llaniladi. Ammo davlat-xususiy mulk shaklida tashkil etilgan yuridik sub’ektlar nomiga ham vakolatli organlar roziligi bilan “respublika” so‘zini qo‘llash mumkin. Masalan, “O‘zbekiston respublika valyuta birjasi” AJ. Birja aksiyadorlari tarkibida bir necha davlat va xususiy banklar mavjud. Valyuta birjasi chet el valyutasini, davlat qimmatli qog‘ozlarini, moliyaviy hosila instrumentlarini oldi-sotdisi hamda ular bilan bog‘liq boshqa birja bitimlarini tuzish bo‘yicha birja savdolarini, shuningdek, banklararo pul bozorini hamda Markaziy bankning tijorat banklari bilan amalga oshiriladigan kredit va depozit auksionlarini tashkil etuvchi yagona institutdir. 

Nomda “milliy”, “respublika” so‘zini ishlatish normativ hujjatlar bilan cheklanganiga qaramay, birjaning yuqoridagi vazifalarni bajarayotgani uchun mulkchilik shaklidan qat’i nazar, komissiya tomonidan ushbu so‘zni ishlatishga vakolat berilgan.

Nomlanishda “respublika” so‘zini qo‘llash, agar korxona to‘liq davlatniki bo‘lmasa, huquqiy jihatdan chalkashlikka, munozaraga olib kelishi ham mumkin.

Masalan, “Yagona umumrespublika protsessing markazi” (UZCARD savdo belgisi) AJ xususiy tuzilma bo‘lsa-da, “respublika” so‘zidan foydalanishi huquqiy jihatdan biroz bahsli.

Sinchiklab qaralsa, nomdagi “respublika” so‘zi chalg‘itmayapti, chunki kompaniya haqiqatan ham butun mamlakatni qamrab oluvchi va respublika miqyosidagi infratuzilmani ta’minlovchi funksiyalarni bajarayapti. O‘zining xususiy mulkchiligini yashirmayapti, davlat maqomi haqida noto‘g‘ri tasavvur hosil qilmayapti, faoliyatning ijtimoiy va infratuzilmaviy darajasiga mos kelayapti. 

Bu holatda “respublika” so‘zi uning mulkchilik shaklini emas, balki faoliyat doirasi va ahamiyatini bildirish uchun ishlatilgan, ya’ni ma’no yuki protsessing markazining respublikada yagona ekanligiga qaratilgan. UZCARDning 2004 yilda davlat tashabbusi bilan MCHJ shaklida tashkil etilganini e’tiborga olsak, bu mantiqan to‘g‘ri.

Agar UZCARD bajarayotgan funksiyani bugungi kunda boshqa bir tashkilot ham bajarayotgan bo‘lsa, unda noto‘g‘ri. UZCARD o‘z nomida umumrespublika so‘zini faqat bir, tarixiy jihatdan (vakolatli organ ruxsat bersa!) saqlab qolishi mumkin. U ham bo‘lsa, protsessing markazi sifatida respublikada birinchi bo‘lib faoliyat ko‘rsatganiga ishora tarzida. 

Binobarin, xususiy korxona ham mamlakat miqyosida faoliyat yuritsa, “respublika” so‘zidan foydalansa bo‘larkanda, degan xulosa chiqarmay turaylik. 

Amaldagi yo‘l-yo‘riqlar (ular qonun emas!) agar tashkilot oddiy tijoriy brend, deylik faoliyati butun mamlakat bo‘ylab yoyilgan yirik savdo korxonasi bo‘lsa, - ishlatish mumkin emas, deydi. Ularning nomidagi “respublika” so‘zi rasmiylik” yoki hukumat bilan bog‘liqlik illyuziyasini beradi va iste’molchini chalg‘itadi, teng raqobatga putur yetkazadi.

Bunday yuridik kolliziyalarning oldini olish uchun «Yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida»gi Qonunni qayta ko‘rib chiqish va unda “davlat”, “milliy”, “respublika” so‘zlarining huquqiy ma’nosi yoki qachon ishlatilishi mumkinligi aniq belgilab qo‘yilishi lozim. Masalan, xususiy tijorat tashkiloti “milliy”, “respublika” so‘zini nomiga qo‘shsa ham, amalda buni taqiqlaydigan yoki aniq tartibga soladigan me’yor o‘rnatilmagan.

Ba’zi xususiy korxonalar “davlat”, “milliy” kabi so‘zlardan foydalanib, o‘z brendiga rasmiylik va ishonch uyg‘otishga harakat qiladi. Bu esa iste’molchilarni adashtirishi va davlat nufuziga putur yetkazishi mumkin.

Nom (brend) iqtisodiyotda katta ahamiyatga ega, ya’ni u aktiv hisoblanadi, iqtisodiy foyda keltiradi. To‘g‘ri tanlangan nom mijozlarda ishonch uyg‘otadi. “Davlat”, “respublika”, “milliy” kabi so‘zlar rasmiylik va barqarorlik hissini uyg‘otib, investor yoki iste’molchida ishonch paydo qiladi. 

Nom bozordagi differensiatsiya vositasi, ya’ni raqobatchilar orasidan ajralib turish usuli hamdir. Qisqa, tushunarli va ma’noli nom mahsulot yoki xizmatni tez tanitishga yordam beradi va u bora-bora tijorat belgisiga aylanishi mumkin.

Asqar Haydarov,

O‘zA