Amaldagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi qonunga yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan normalardan kelib chiqib tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Xususan, Hukumatning iqtisodiyot, byudjet, moliya va soliq, ijtimoiy soha, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalaridagi vakolatlari qayta ko‘rib chiqilmoqda. Ya’ni, Vazirlar Mahkamasi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik xavfsizlikni ta’minlash, iqlim o‘zgarishiga, epidemiyalarga, pandemiyalarga qarshi kurashish, ularning oqibatlarini yumshatish sohalarida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlashi belgilanmoqda.
Shuningdek, tabiiy resurslarni, xususan yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosini hamda boshqa tabiiy resurslarni muhofaza qilish, ulardan oqilona foydalanish, tabiatdan foydalanishni tartibga solish bo‘yicha faoliyatni tashkil etishi o‘z ifodasini topmoqda.
Shu bilan birga, loyihada atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash, Orolbo‘yi mintaqasining ekologik tizimini muhofaza qilish hamda tiklash choralarini ko‘rish, mintaqani ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirish, respublika ahamiyati va xalqaro ahamiyatga molik yirik ekologik dasturlarni ro‘yobga chiqarish, mazkur yo‘nalishdagi milliy loyihalarni yanada kengaytirishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish Hukumatning asosiy vazifalari sifatida ko‘rsatib o‘tilmoqda.
Ushbu tartiblarni o‘z ichiga olgan “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida muhokama qilindi. Fraksiya a’zolari qonun loyihasi Ekopartiya dasturiy maqsad-vazifalariga to‘la mos ekanligini qayd etib, uni qo‘llab-quvvatladilar.
M.Komilova, O‘zA