O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Vazirlar Mahkamasining “Soliq to‘lovchilarni hisobga qo‘yish sohasidagi ayrim davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha ma’muriy reglamentlarni tasdiqlash to‘g‘risida” 2022 yil 2 apreldagi 150-son qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida” qaror qabul qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Raqamli xizmatlar qamrovi va sifatini oshirish hamda soha, tarmoq va hududlarni raqamli transformatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2023 yil 24 maydagi PQ-162-son qarorida soliq deklaratsiyalarini (yillik, ixtiyoriy, dastlabki, chet el jismoniy shaxslari mol-mulkini realizatsiya qilishdan olingan daromadlar) taqdim etish hamda jismoniy shaxslarning ortiqcha to‘langan soliqlarini qaytarishga (nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga to‘lanadigan to‘lovlar, o‘qish uchun to‘langan kontrakt summalarini, olingan ipoteka kreditlari) ariza yuborish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish belgilangan edi.
Mazkur qaror bilan Vazirlar Mahkamasining “Soliq to‘lovchilarni hisobga qo‘yish sohasidagi ayrim davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha ma’muriy reglamentlarni tasdiqlash to‘g‘risida” 2022 yil 2 apreldagi 150-son qaroriga quyidagi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi:
jismoniy shaxslarning jami yillik, ixtiyoriy va dastlabki tarzdagi hamda chet el jismoniy shaxsining mol-mulkini realizatsiya qilishdan olingan daromadlari to‘g‘risidagi deklaratsiyalarini taqdim etish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish tartibi joriy etish;
jismoniy shaxslarning professional va oliy ta’lim, nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari va (yoki) maktablar hamda olingan ipoteka kreditlariga yo‘naltirilgan daromadlari bo‘yicha ortiqcha to‘langan daromad solig‘ini qaytarishga ariza yuborish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash.
Vazirlar Mahkamasining ushbu qarori davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibini soddalashtirish orqali aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish imkonini ham beradi.
O‘zA